Video - Kim haq: general Do'stummi yoki prezident G'aniy?

Afg'oniston rahbariyati Image copyright COURTESY

Afg'oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G'aniy va uning birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Do'stumning o'rtasidagi ziddiyat butkul barham topmagan.

Bunday raddiya bilan janob Abdulrashid Do'stumning matbuot kotibi chiqqan.

(Videolavhani BBCUZBEK YouTube kanalida tomosha qiling)

Matbuot kotibi Bashir Ahmad Tayanchning BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, prezident G'aniyga ilgari surgan talablarining, hatto, 10 foizi ham bajarilmagan.

Ayon bo'lishicha, prezident G'aniyning matbuot kotibi Xorun Chaxansuriy o'tgan yakshanba kuni poytaxt Kobulda bergan matbuot anjumani chog'ida xuddi ana shunday bayonot bilan chiqqan.

Oktyabr oyi o'rtalarida yangi harbiy amaliyotlarga boshchilik qilish uchun Afg'oniston shimoliga borgan general Abdulrashid Do'stum oradan ikki hafta o'tib, prezident G'aniy va ijroiy rais doktor Abdulla Abdullalarga qarshi keskin tanqid bilan chiqqan.

Shibirg'ondan turib, ikkovlonni millatchilikda, prezident G'aniyni esa, yana qudratni o'z qo'liga jamlaganlikda ham ayblagan.

Bunga javoban, janob G'aniy general Do'stum tanqidlarining lozim idoralar tomonidan tekshirilishi kerakligini aytgan.

Ammo Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti takroran bayonot bilan chiqib, agar, talablari prezident tomonidan jiddiy olinmasa, poytaxt Kobulga qaytmasligi bilan ogohlantirgan.

O'tgan hafta o'rtalarida o'rtadagi mavjud ziddiyatning yumshagani nishonalari paydo bo'lgan, prezident G'aniy Shibirg'onga sim qoqqan, general Do'stum bilan telefon muloqoti chog'ida uning noroziligini joiz va talablarini haqli, deb bilishini aytgani ma'lum bo'lgandi.

Prezident bilan o'zaro muloqotdan qoniqish hosil qilgani, ammo o'z so'zlaridan ortga qaytmasligi va bu suhbatlarning hali yana davom etishini bildirgan Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining oradan kun o'tib, O'zbekistonga norasmiy tashrif bilan jo'nab ketgani ma'lum bo'lgan.

Uning O'zbekiston marhum prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat etib, unga gul qo'yish rejasida ekani aytilgan.

Birinchi vitse-prezidentga yaqin manba bu safarning prezident G'aniy bilan mavjud ziddiyatga biror bir aloqasi yo'qligini bildirgandi.

Mintaqadan olingan so'nggi xabarlarga ko'ra, O'zbekistonga safarini yakunlangan janob Do'stum hozir norasmiy tashrif bilan Turkiyada, ammo uning kun tartibi tafsilotlari ma'lum emas.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring