Klinton va Tramp: Rossiya va Putin haqida

Nomzodlar Image copyright Getty Images
Image caption Nomzodlar

Saylovoldi tashviqoti davomida Hillari Klinton bir emas, bir necha bor Rossiya va uning prezidenti Vladimir Putin nomini tilga oldi.

Xuddi shu saylovoldi targ'ibot davrida WikiLeaks Hillari Klintonning hakerlar qo'lga kiritgan elektron maktublarini e'lon qildi.

Maktublardan birida Klinton xonim 2013 yilda Goldman Sachs bankirlari bilan uchrashuvi chog'i Putinni "qiziqarli shaxs" deb ta'riflagandi.

"Men Rossiya bilan yana ham ijobiyroq munosabatlarni davom ettirish tarafdoriman. Men Putin AQSh bilan munosabatlarga sal ortiqcha ehtiyotkorlikni yig'ishtirib qarashini istayman, shunda biz bir necha masalalar ustida hamkorlikda ishlagan bo'lardik", deb aytgandi Klinton xonim.

"Men Putin bilan birga o'tirganman, juda qiziqarli inson va qiziq suhbatlar quradi. Bir necha savollar ustida, jumladan biz uchun muhim masalalarda gaplashib oldik", deb qo'shimcha qilgan u.

2015 yilda u prezidentlik uchun nomzodini ilgari surar ekan, "Rossiya Suriyadagi ziddiyatga barham berish uchun muhim rol o'ynashi mumkin", deydi.

2015 yilning dekabriga kelib esa, Klinton xonim Suriya uchun parvoz taqiqlangan hudud joriy etish taklifi bilan chiqqandi.

Agar Rossiya uchoqlari bu hududni buzishsa, ularni urib tushirishga buyruq berasizmi, deb so'ralganida esa, "bunday bo'lmaydi, chunki biz hudud haqida e'lon qilsak, Rossiyaga to'la ma'lumot beramiz, men ularni ham muzokaralar davrasida bo'lishini istayman", deb javob bergandi.

Ammo 2016 yilning sentyabr oyiga kelib Klinton xonimning ayni masalada qarashlari o'zgardi.

"Rossiya va Eron Assadga bosim ko'rsatishdan bosh tortishdi, natijada vaziyat yomonlashdi...Bu bosim insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin edi".

2016 yilning sentyabr oyida Hillari Klinton "Rossiya" so'zini "IShID" bilan bir qatorda keltirdi, ayni guruh Rossiyaning o'zida ham taqiqlangan.

"Biz Rossiya, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreyadan, IShID kabi terrorchi guruhlardan kelayotgan tahdidlarga javob berishimiz kerak", deb aytdi Klinton xonim.

"Bizning harbiy kuchlarimiz har qanday tahdidga ogohlantirishsiz havoda ham, quruqlikda, fazoda (kosmos) va kiberfazoda ham javob berishga tayyor bo'lishi kerak. Men prezident o'laroq, Qo'shma Shtatlar kiber hujumlarni boshqa hujumlar kabi jiddiy qabul qilinishiga erishaman", deb davom etgan edi u.

Oktyabr oyida esa Klinton Rossiyani AQShga nisbatan kiber hujumlarda ochiqchasiga ayblab chiqdi.

Tramp Putin va Rossiya haqida qanday fikrda?

Donald Tramp ham saylovoldi tashviqotida bir necha bor Putin va Rossiyani tilga oldi.

2015 yilda prezidentlik uchun o'z nomzodini e'lon qilar ekan, "Men Vladimir Putin bilan a'lo darajada munosabatlarni o'rnataman. Men shunday fikrdaman", deb aytgandi.

2015 oktyabr oyida u yana bir bor bu masalaga to'xtalgan va "u ( Putin) bilan hozirgiday muammolarimiz bo'ladi deb o'ylamayman", deya bayonot bergandi.

2015 yilning dekabriga kelib Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Donald Tramp haqida iliq bir chiqish qildi.

"O'z mamlakati va chet ellarda hurmat qozongan shaxs sizni maqtashi faxrlanishga arzigulikdir...Men doim Rossiya Amerika bilan birgalikda terrorchilikni yengishi va dunyoda tinchlikni barqaror qilishiga ishonganman. Biz bir-birimiz bilan savdo qilishimiz mumkin, o'zaro hurmat ortidan keladigan boshqa manfaatlarni aytmasa ham bo'ladi", degan edi Putin.

MSNBC tarmog'i bilan suhbatda jurnalist Putinning go'yo jurnalistlarni o'ldirayotgani haqida savol beradi.

Tramp bu savolga "u o'z mamlakatini boshqarmoqda, nima bo'lsa ham rahbar, bizni mamlakatni boshqarayotganga o'xshagan emas...bizning davlatimiz ham o'ldirmoqda kerak bo'lsa", qabilida javob bergandi.

2016 yilning fevralida esa Tramp Putin bilan hech qanday aloqasi yo'qligini aytdi.

"Mening u bilan hech qanday aloqam yo'q. U meni daho deb atadi. U Donald Tramp partiya rahbari, mamlakat rahbari va balki dunyo rahbari bo'ladi deganga o'xshash chiqish qildi. Bundan tashqari, biz boshqa davlatlar bilan yaxshi aloqalar o'rnatishimiz kerak. Menimcha, Putin bilan bizning aloqalarimiz yaxshi bo'ladi", deb aytgandi Tramp.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring