O'zbekistonlik ayollar jinsiy qullikdan ozod etildi

Malayziya politsiyasi Image copyright FMT news

Malayziya politsiyasining xabar berishicha, 17 o'zbekistonlik ayol jinsiy qullikdan ozod etilib, qo'shmachi, deya taxmin qilingan yana bir ayol qo'lga olingan.

Ular poytaxt Kuala Lumpurning Bukit Seylon uy-joy kompleksida topilganlar.

Jinsiy qullikda ushlangan ayollarning yoshi haqida tafsilotlar berilmagan.

Lekin politsiyaning oliyro'tba zobiti Xolid Abu Bakar (Inspector-General of Police Khalid Abu Bakar) bu xabarni o'zining Twitter dagi sahifasida e'lon qilgan.

Antislavery International tashkiloti rahbari Eyden Makueydning BBC bilan suhbatda aytishicha, Malayziya insonlar trafiking (savdosi) qilinuvchi manzil va kamroq ma'noda trafiking manbai bo'lgan mamlakatdir. Unga ko'ra, bu yerda majburiy mehnatning turli shakllarida ishlatish uchun trafiking qilinayotgan insonlar soni ko'p. Shu jumladan jinsiy xizmat uchun tarfiking qilinayotgan soni nisbatan kamroq. Lekin ularning aniq soni haqida ma'lumot berish mushkul.

Janob Makueydga ko'ra, Malayziyaga qaysi mamlakatlardan ayollar ko'proq trafiking qilinayotgani haqida ham aniq ma'lumotlar yo'q.

Lekin masalan, Bangkok kabi yerlarda Markaziy Osiyo, xususan O'zbekistondan ayollarni ataylab tarfiking qilish tizimi yo'lga qo'yilganligi ayon.

Antislavery International rahbarining ogohlantirishicha, Malayziya kabi mamlakatda jinsiy qulikka tushib qolmaslik uchun bir necha nuqtaga e'tibor qaratish lozim.

Birinchidan, Malayziyada mavjud "ish beruvchi bilangina bog'liq viza" turi. Bu holatda viza faqatgina bir ish beruvchi qo'lida ishlashga huquq beradi va qalloblar tomonidan o'z manfaatlari yo'lida ishlatilishi ehtimoli ko'p.

Bu kabi vizani qo'lga kiritganlar vizalari bir kishiga bog'liq bo'lgani uchun mamlakatga kelishdan avval albatta har tomonlama sinchikovlik bilan tafsilotlarni o'rganib chiqishlari lozim.

Eyden Makueydga ko'ra, aslida bu kabi vizani noqonunuiy yo'lda ishlatish juda oson bo'lib, aksar hollarda har qanday majburiy mehnat vaziyatiga tushib qolganlar aynan mana shu viza orqali kelganlardir.

"Shuning uchun Malayziya rasmiylari bu turdagi ruxsatni berish tajribasini to'xtatishlari lozimdir", dedi u.

"Ikkinchidan, muammoli vaziyatga tushib qolganda qaerdan yordam olish mumkinligi haqida yetarlicha ma'lumot olib, keyin yo'lga chiqishlari kerak".

AQSh Davlat Departamentining inson trafikingi borasida chiqargan oxirgi hisobotida aytilishicha, O'zbekiston bolalar va ayollar majburiy mehnati doxil jinsiy xizmat uchun trafiking manbalaridan biri bo'lib qolmoqda.

"O'zbekistonlik ayollar va yosh bolalarning Yaqin Sharq, Ovrosiyo va Osiyo mamlakatlarida, shuningdek mamlakat ichkarisida ham fohishaxonalar, klublar va shaxsiy uylarda jinsiy qullikda ushlangan hollari mavjud... O'zbekiston hukumati trafikingga chek qo'yishning eng quyi standartlariga ham rioya qilmaydi, lekin bu yo'nalishda jiddiy qadamlarni tashlamoqda", deyiladi hisobotda.

Unda aytilishicha, O'zbekiston huquq-tartibot organlarining trafiking borasidagi ma'lumotlari aniq-taniq emas.

2014 yilda Toshkentda Ichki Ishlar vazirligi qoshida trafikingga qarshi kurash uchun maxsus bo'lim tashkil etilgan va joylardagi bu kabi bo'linmalar xodimlari soni oshirilgan.

Lekin AQSh rasmiylariga ko'ra, hukumat trafikingga tushib qolish ehtimoli bo'lganlarni aniqlash yo-da qurbonlarning reabilitatsiyasini ta'minlash yo'lida mutassil tizimga ega emas. Ayni vaqtda huquq tartibot organlari bilan hamkorlik qilgan qurbonlarga xavfsizliklarini ta'minlash, mahkamaga borish-kelishda hamroh ta'minlash kabi amallar yo'lga qo'yilgan. Nohukumat tashkilotlariga ko'ra, rasmiylar qurbonlar ismini sir saqlash kabi qonunuiy talablarga ko'proq rioya qila boshlaganlar.

Hisobotga ko'ra, bundan tashqari O'zbekiston hukumati trafiking qurbonlari uchun 30 o'rinli reabilitatsiya markazini moliya bilan ta'minlashda davom etgan. U erda 2014 yili 369 kishiga yordam yetkazilgan.

O'zbekiston diplomatik vakolatxonlari 368 kishini vatanga qaytarishda yordam bergan.

Trafiking muammosi haqida omma ogohligini oshirish choralari ham davom etgan va bu yo'lda matbuot vositalari, televidenie, radio va kinofilmlardan foydalanilgan, deyiladi hisobotda.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring