O'zbek-tojik chegarasidan o'tish: umidlar oqlanarmikan?

Tojik O'zbek chegarasidan o'tish joyi Image copyright ferghananews.com

Islom Karimov vafotidan keyin o'tgan qisqa davr mobaynida O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi munosabatlarning iliqlashayotgani oddiy tojikistonliklar tomonidan xush qarshilanmoqda.

- Men aslida O'zbekistonning Farg'ona viloyatida tug'ilib-o'sganman. Kasb taqozosi bilan hali SSSR paytida Xo'jandga keldim va shu yerda yashab qoldim. Shu yil ko'klamda qizimni turmushga uzatdim. To'yga Beshariqda yashaydigan qarindoshlarimni aytdim. Ularni chegarada kutib oladigan bo'ldik. Lekin O'zbekiston chegarachilari hatto ayamni o'tkazishmadi. Tegishli hujjatlarimizni ko'rgan tojikistonlik chegarachilar esa, o'tkazishga tayyor edilar. Ikki qo'shni mamlakat o'rtasidagi chegaradan o'tish oson bo'lar ekan, deb eshitib o'zimda yo'q xursand bo'lyapman. Lekin baribir onam va yaqin qarindoshlarimsiz tatimagan to'y esimga tushaveradi, - deydi ellik yoshli Furqatjon.

G'afurov tumanida yashaydigan Turdiboy Nasimovning aytishicha besh oy oldin ammasini tuproqqa topshirishgan. Farg'onada yashaydigan qarindoshlari janaza tugul, hatto ta'ziyaga ham kela olishmagan. "Chegarada turib-turib, o'ta olmay qaytib ketishdi", deydi Turdiboy.

Chӯntak ag'darish alami

"Agar chegaradan o'tish yengillashsa, o'zbekistonlik ayrim bojxona xodimlarining muomalasi ham yaxshilanib qolar", deydi G'afurov tumanida yashaydigan yetmish yoshdan o'tgan otaxon Qo'ziboy Yo'ldoshev.

U biroz o'ylanib turib, Samarqand va Buxoroni ko'rib kelish uchun bir iloj qilib sayohatlik vizasini to'g'rilashgani, lekin Oybek chegara-tekshiruv nuqtasidagi ko'ngilxiraliklar haqida gapirib berdi.

- Avval rasmiy tekshiruv apparatidan o'tkazishdi. Aslida bu apparat yoningizda nima borligini ko'rsatadi. Lekin bojxonachilar apparatga ishonmay bizni bir xonaga olib kirishdi. Hamma narsalaringni stolga qo'yinglar deyishdi. Chӯntaklarimizgacha ag'dardik. Ilgari boshqa chet el safarlarida bo'lganman. Lekin birinchi marta bizni Oybekda alohida xonaga olib kirib tekshirishdi. Agar ishonishmasa, tekshiruvchi apparatni olib tashlashsa, bo'lmaydi, - yozg'iradi otaxon.

Spitamen tumanida yashaydigan Savriniso opaning ikki qizi Bekobodga kelin bo'lib tushgan ekan. O'zbekiston va Tojikiston orasidagi kelishuvga muvofiq chegaraoldi manzillarida yashaydigan kishilar vizasiz ma'lum muddatga qo'shni tumanga o'tib kelish huquqiga ega edilar. Savrinso opaning aytishicha, ana shu huquq bekor qilingach, qizlarini ko'rib kelish yo qizlarining Tojikistonga o'tishlari muammoga aylangan. "Buning uchun albatta telegramma yuborish kerak ekan. Agar u tasdiqlangan bo'lmasa, o'tmaydi. Men chegaradan o'tish yana oldingi holga qaytishini eshitib, quvonib o'tiribman", deydi Savriniso opa.

Quruq so'zlar emasga o'xshaydi

"O'zbekiston Bosh vaziri, Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoevning tashqi siyosatda birinchi navbatda qo'shni mamlakatlar bilan do'stona munosabatlar va o'zaro manfaaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashni birinchi darajali vazifa deb atashi shunchalik quruq so'zlar emasligi allaqachon amalda ko'rila boshlandi", deydi mahalliy tahlilchi Ahmad Bobojonov. Tahlilchiga ko'ra O'zbekiston Tashqi ishlar vazirining Dushanbeda bo'lishi, ikki mamlakat o'rtasida uchoqlar parvozining yo'lga qo'yilishi, chegaradan o'tib-qaytishni yengillashtirishdagi harakatlar buning isbotidir.

o'tgan oy O'zbekistonning Tojikistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Shoqosim Shoislomov Dushanbeda bo'lib o'tgan brifing chog'i ikki mamlakatning rasmiylari noyabr oyi o'rtalarida Toshkentda uchrashishlari rejalashtirilgani va ular o'zbek-tojik chegarasidan o'tib-qaytishni osonlashtirish masalalarini muhokama etishlarini aytgandi.

Elchi janoblari Toshkentdagi uchrashuvda chegara-o'tkazish nuqtalarida fuqarolarning harakatlanishini yengillashtirish masalalari ko'rib chiqilishini izhor etgandi. Jumladan, Toshkent uchrashuvida chegaradosh tumanlarda yashovchi kishilar u yo bu tomonga o'tib kelishlari, viza olish jarayonini osonlashtirish kabi masalalar ko'rib chiqilishi kutilmoqda.

Tahlilchi nega xavotirda?

- Tirikchilik sabab men Rossiyaning Penza shahrida ishlayman, - deydi Asht tumanida yashaydigan yigirma yetti yoshli Rahmonnazar.

Uning hikoya qilishicha uyiga qaytayotganda avval Samaragacha avtobusda kelgan. U yerdan poezdga o'tirib Qozog'istonga yo'l olgan. Qozog'istondan yengil mashinada Bishkekka o'tgan. Bishkekdan hamrohlari bilan "Gazel" mikroavtobuslariga o'tirib Tojikiston tomon yo'l olishgan. Qirg'izistonning tog'li yo'llaridan yurak hovuchlab htishgan.

- O'n yillar oldinmi shu yo'lda ag'darilib ketgan tojikistonliklar tushgan avtobus, nechta odamning halok bo'lishganini eshitgandim. Shu falokat esimga tushaverdi. O'sha voqeadan keyin katta avtobuslarning tog' yo'lida yurishini taqiqlab qo'yishgan ekan. Uyga etib kelib, O'zbekiston bilan munosabatlar yaxshilanayotganini eshitib, boshim osmonga yetdi. Agar O'zbekiston bilan yo'l ochilsa, Rossiyaga borib-kelishimiz osonlashadi. Yo'lga kamida bir kun kam vaqt sarflaymiz. Ustiga xatarli tog' yo'llaridan emas, xavfsiz, tekis yo'llardan yuramiz, - deydi Rahmonnazar.

- Men bir narsadan xavotirdaman. Toshkent va Dushanbe o'rtasidagi uchoqlar parvozini tiklash borasida har yili gap chiqadi. Hatto parvozlar boshlanishining aniq oyi ham aytiladi. Lekin hech qanday izohsiz bu muhim ish amalga oshirilmay qolaveradi. Ishqilib, chegaradan o'tishni osonlashtirish haqidagi gaplar ham shunga o'xshash bo'lmasin-da. Balki janob Mirziyoevning saylovoldi siyosatidir. Ishqilib, chegaraning har tomonida yashaydigan millionlab odamlarning umidi puchga chiqmasa bo'lgani. - deydi tahlilchi Ahmad Bobojonov.

Oradan bir lahza o'tmasdan u qo'shib qo'yadi:

- Unday desam, janob Mirziyoevning hozirgi ishlari xuddi saylab qo'yilgan prezidentning ishlariga o'xshaydi-ku!

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring