Rossiya: rubl yana qadrsizlanishni boshladi

Dollar Image copyright COURTESY

Poytaxt Moskvadan olingan xabarlarga ko'ra, bunaqasi o'tgan sentyabr oyidan buyon kuzatilmagan.

Payshanba kungi kechki savdolarda 1 AQSh dollarining qiymati 65 Rossiya rubliga chiqqan.

Ayon bo'lishicha, so'nggi bor bu kabi holat joriy yilning 20 sentyabr kuni kuzatilgan.

Xuddi shu manzarada Rossiya milliy pul birligining evroga nisbatan ham qayta arzonlashib borayotgani qayd etilgan.

Xabarlarga ko'ra, bunga jahon bozorida yana neft narxining pastga tushishi va AQSh Federal Zahira tizimining dekabr oyida Markaziy Bank minimal foiz ko'rsatkichlarini ko'tarish rejasida ekaniga oid gap-so'zlar sabab bo'lgan.

1 AQSh dollarining qiymati 65 rublga chiqqan bir paytda, euro 83 tiyinga qimmatlab, 70,6 rublni tashkil etgan.

Jahon bozorida neft narxining arzonlashishi OPEK ka a'zo davlatlarning 30 noyabr kuniga rejalangan uchrashuvlari arafasida kuzatilgan.

Yanvar oyiga etkazib berish ko'zda tutilgan Brent neftining 1 barreli esa, ICE birjasida 46,34 dollarga sotilmoqda.

Oxirgi yillarda jahon bozorida neft narxining o'ynoqlab turishi bilan bog'liq vaziyat Rossiya milliy pul birligining ketma-ket rekord darajada qadrsizlanib ketishiga sabab bo'lgan.

Bunga qo'shimcha rasmiy Kremlning Ukraina inqirozida tutgan o'rni sabab G'arb tomonidan ustma-ust kiritgan turli jazo choralari Rossiyada yangi iqtisodiy bo'hronning bo'y ko'rsatishiga sabab bo'lgan, buning ta'siri ko'plab sobiq Sho'ro davlatlariga ham sezilgandi.

Prezident Vladimir Putin esa, jahon neft bozoridagi ahvolga G'arbdagi "fitnachi kuchlar"ni ayblab chiqqandi.

Ammo Rossiya rahbari neft narxining tushishi mamlakati iqtisodiyotiga ziyon etkazishini tan olsa-da, buning "halokatli bo'lmasligi"ni ta'kidlagandi.

Shu yil aprel oyiga kelibgina, Rossiya rublining yirik xorijiy valyutalarga nisbatan yana qimmatlay boshlagani kuzatilgandi.

Aks-sado

Aksariyat mintaqa davlatlari iqtisodi Rossiyadan kelayotgan pul o'tkazmalari va import mahsulotlariga qaram ekani bois, rubl keskin qadrsizlanishining oqibatlari butun Markaziy Osiyo bo'ylab ham yaxshigina sezilgan.

Mintaqaviy tahlilchilar Rossiya rubli ortidan mahalliy pul birliklari ham o'z qadrini yo'qota boshlaganini aytishgan.

Agar, Ukrainadagi Forex Club tahliliy markazining xulosasiga tayanilsa, qadrsizlanish bobida o'tgan yil Qozog'iston tangasiga etadigani topilmagan.

Bu esa, o'z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlarida keng iste'moldagi import mahsulotlari narxlarining qimmatlashishiga sabab bo'lgan.

Xuddi shu manzarada mintaqaviy tahlilchilarning birdek e'tirof etishlaricha, Rossiya iqtisodi orqaga ketishining ta'siri Markaziy Osiyoga uzoq muddatli bo'ladi.

Deylik, Rossiya Federal Migratsiya Xizmati shu yil boshida e'lon qilgan ma'lumotlarga tayanilsa, hozirga kelib, o'zbekistonlik mehnat muhojirlarining soni bir millionga ozaygan.

Amerikaning "Freedom House" nohukumat tashkiloti shu manzarada e'lon qilgan yillik hisobotidagi raqamlarga tayanilsa, ularning ortga, O'zbekistonga yuborayotgan pul jo'natmalari hajmi ham yarmidan ko'proqqa qisqarib ketgan.

Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari uchun bu pullar, yillarki, ijtimoiy muhofaza kamari vazifasini bajarib kelgan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring