O'zbekiston bilan savdo bitimi baribir ma'qullandi

Ovro'po Ittifoqi Image copyright COURTESY

Qulchilikka qarshi faollarning noroziliklariga qaramay, Ovro'po Ittifoqi qonunshunoslari payshanba kuni O'zbekiston bilan ziddiyatli savdo bitimini dastaklab chiqishgan.

Faollar esa, bu kabi qadam Ovro'po Ittifoqining O'zbekistondagi majburiy mehnatdan foyda ko'rishiga olib kelishi bilan ogohlantirishgandi.

Ovro'po Parlamenti aynan O'zbekiston paxta sanoatidagi bolalar va majburiy mehnatga oid da'volar sabab, 2011 yilda bu kelishuvning taqdirini savol ostida qoldirgan.

Payshanba kungi ma'qullov Ovro'po Parlamenti ayni qarorining bekor bo'lganini anglatadi.

Ovro'po Ittifoqi qonunshunoslari esa, O'zbekistonning bolalar mehnatiga chek qo'yish yo'lidagi sa'y-harakatlarini e'tirof etishgan.

Ammo katta yoshdagilar bilan bog'liq majburiy mehnatga barham berish uchun ham ko'proq ish qilishi sharti bilan bu bitimni ma'qullashgani aytilmoqda.

Bu haqda Britaniyaning "Reyter" axborot agentligi tashkilotning o'z bayonotiga tayanib xabar bergan.

Bu bayonotda esa, ular hisobotchisi Mariya Arenanining, "O'zbek rahbariyati qo'lga kiritgan yutuqlar bizning ham oldinga siljish va to'qimachilik sohasini ham hamkorlikka oid shartnomamizga kiritishimizga imkon berdi. Ammo biz o'ta hushyorlikni qo'ldan boy bermaymiz", - degan so'zlari o'z aksini topgan.

Agar, payshanba kungi xabarlarga tayanilsa, O'zbekiston bilan savdo bitimi 31 ta yoqlovchi va 4 ta qarshi ovoz bilan ma'qullangan.

Bu esa, mazkur kelishuvning Ovro'po Ittifoqi parlamentining dekabr oyidagi plenar yig'inida yakuniy muhokamaga qo'yilishiga yo'l ochgan.

"Anti-Slavery International" tashkiloti voqealarning bu kabi rivojidan hafsalalari pir bo'lganligini bayon qilgan.

Bu kabi natija bilan yakunlangan ovoz berishlar majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan bemalol savdo-sotiqqa yo'l ochib berganini aytgan.

"Ovro'po Parlamenti Ittifoqning savdo hamkorlarini yuksak andazalarda ushlashi lozim", - deb aytgan guruhning Buyuk Britaniya va Ovro'po bo'yicha dasturi boshqaruvchisi Klara Skrivankova o'zlarining bu xususda chiqargan bayonotlarida.

Ovro'po Parlamenti esa, O'zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga chek qo'yish yo'lida ko'proq ish qilishi talabi bilan bundan besh yil burun mazkur bitim yuzasidan o'z qarorini kechiktirib turishini ma'lum qilgandi.

Talab va norozilik

Inson huquqlari bo'yicha HRW tashkiloti shu hafta boshida Xalqaro Savdo bo'yicha Ovro'po Parlamenti a'zolariga murojaat qilib, O'zbekiston bilan to'qimachilikka doir mazkur hujjatni rad qilishini so'ragandi.

Inson haqlari tashkilotiga ko'ra, buning asosiy sababi O'zbekiston majburiy mehnat saqlanib qolayotgani bilan bog'liqdir.

"To'qimachilikka doir ikki tomon o'rtasida protokol qabul qilinishi - Ovro'po Ittifoqining tashqi siyosati asoslariga ziddir. Bu O'zbekiston hukumati tomonidan mamlakat bo'ylab xalqni majburiy mehnatga duchor qilib kelayotganiga ko'z yumish bo'ladi", deyilgandi tashkilot maktubida.

Ovro'po Ittifoqi parlamentining ayni masalaga jiddiy yondashuvi ortidan 2011 yilda O'zbekiston hukumati Xalqaro Mehnat Tashkilotiga vaziyatni yaqindan kuzatishga ruxsat bergan edi.

2014 yilda O'zbekiston Xalqaro Mehnat Tashkilotining tavsiyalarini qabul qilgan va xalqaro mehnat qonunlariga doir majburiyatlarga rozi bo'lgan edi.

Ammo HRW inson huquqlari tashkilotiga ko'ra, 2016 yilda O'zbekiston muqaddam o'z zimmasiga olgan mas'uliyatni bajarmagani yana yaqqol ko'zga tashlangan.

Anti-Slavery International, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari assotsiatsiyasi, Cotton Campaign, Human Rights Watch, Inson huquqlariga doir O'zbek-Olmon forumi to'plagan ma'lumotlarga ko'ra, 2016 yilda O'zbekiston yuz minglab aholini paxta terimiga majburan safarbar qilgan.

Ayni vaziyatni kuzatayotgan inson huquqlari faollari, mahalliy va xorijiy jurnalistlarni ta'qibu tazyiq etgan.

Minglab talabalar paxta dalalariga safarbar qilingani haqida ham ma'lumotlar bor.

HRW tashkilotiga ko'ra, avvalgi yillarda bo'lgani kabi paxta safarbarligi markaziy va mahalliy hukumat rahbarlarining buyrug'i bilan amalga oshirilgan.

O'zbekiston hukumati xorijiy tashkilotlar tomonidan o'ziga nisbatan yangrayotgan har qanday tanqidlar, xususan, majburiy mehnat borasidagi ayblovlarni rad etib keladi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq