Rossiyada "markaziy osiyolik terrorchilar" hibsga olindi

Rossiyaning 1-kanali lavhasidan olingan surat Image copyright 1
Image caption Rossiyaning 1-kanali lavhasidan olingan surat

Rossiya telekanallari namoyish qilgan videolavhalarga ko'ra, Sankt-Peterburg shahrida "terroristik amallar"ni tayyorlashda gumon qilingan markaziy osiyoliklar qo'lga olinganlar.

Birinchi va NTV kanallarida ko'rsatilgan lavhalarda aytilishicha, Federal xavfsizlik xizmati o'zini Islomiy Davlat deb atovchi ekstremistik guruhga a'zolikda shubhalangan 10 nafar markaziy osiyolikni hibsga oldi.

Federal xavfsizlik xizmati Tojikiston va Qirg'iziston maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda amal qildi, deyiladi Rossiya matbuotida. Ammo, ba'zi maqolalarda "Qirg'iziston va O'zbekistonlik terrorchilar Moskvada portlashlarni rejalaganlar" deya xabar tarqatilgan.

Videolavhalarga ko'ra, gumondorlar odamlar gavjum bo'lgan joylarni nishonga olmoqchi bo'lishgan, hamda tintuv chog'ida to'rtta kuchli qo'lbola bomba, avtomatik qurollar, to'pponcha va granatalar topilgan.

Lavhalarda rus tilini bazo'r gapirayotgan yosh yigit terrorchilik amaliga tayyorlanayotgan bo'layotganini aytadi. Ammo, uning kim yo qaerdan ekani ochiqlanmaydi. Gumondorlarning ismi-shariflari berilmagan.

Telekadrlarda FXXning qurollangan askarlari xonadon eshigini buzayotganlari, ichkarida esa bir necha kishining qornilarida, qo'llari kishanlangan holda yotganlari, burchakda yotgan to'pponcha, karavot osti va shkaf ichidagi avtomat, hamda kurtka cho'ntagidagi granata aks etgan.

Ammo, ba'zi rossiyalik sharhlovchilar mazkur amaliyotning va undagi jihatlarning haqqoniy ekaniga shubha bildirishmoqda.

Xususan, moskvalik Markaziy Osiyo eksperti Sergey Abashinning o'z Facebook sahifasida yozishicha, teletomoshabinlardan FXXning so'zlariga hech qanday dalil-isbotsiz ishonish so'ralyapti.

"Rossiyada terakt qilayotgan Markaziy Osiyolik jangarilar bo'lishi mumkinmi? Ha, mumkin. Nimaga bo'lmasin? Lekin, hozircha axborotlarda bunga hech qanday isbotni ko'rmayapmiz. Biz ko'rayotganimiz, boshiga qop kiyilgan qandaydir odamlar, kimningdir gaplarini qaytarayotgan qandaydir o'smir, va bir uyum qurol. Hech qanday "IShID" ramzlari topilmadimi? Balki qandaydir o'zaro suhbatlarning rasshifrovkasi? Bizga kadrlardagilar jinoyatchi emas, qurollar tashlab qo'yilgan emas, balki terrorchilar degan FXXga ishonish taklif qilinayapti. Men esa bu tashkilotga ishonmaslikni taklif qilaman", - deb yozadi Abashin.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring