Janobi oliylari poytaxtni bezaydi

Imomali Rahmon aksi tushirilgan ko'cha plakati
Image caption "Biz siz bilan, janobi oliy Imomali Rahmon" - deyiladi mana bu plakatda

Tojikiston poytaxti hokimi Mahmadsaid Ubaydulloev butun Dushanbe ko'chalarini Prezident Rahmonning ulkan suratlari bilan bezashga farmoyish bergan.

Akslar ostida "Prezidentimiz - faxrimiz" kabi shiorlarni yozish ham buyurildi.

Bolalar bog'chalari esa "Prezident bola nigohida" nomli ko'riklar tashkil etishadi. Kichkintoylar ayni tanlovlarda prezident suratini chizishlari kerak.

G'olib bolalar 16 noyabrda, ya'ni mamlakat bo'ylab e'lon qilingan Prezident Kuni bayramida e'lon qilinadi.

O'sha kuni Tojikiston bo'ylab bepul tomosha va kontsertlar tashkil etiladi, sport musobaqalari hamda pazandalik tanlovlari o'tkaziladi.

Ko'p nomli prezident

Prezident Rahmon Tojikistonni to'rtinchi muddat boshqarmoqda.

So'nggi yillari u muxolifatni yo'qotish va mamlakat bo'ylab o'z shaxsiga sig'inishni o'rnatish yo'lida katta natijalarga erishdi.

Xususan, Prezident Rahmon haqida yozganda "Janobi oliylari" deb atash zarur. Uning sharafiga maxsus bayram kuni belgilangan.

Shuningdek, Imomali Rahmonga "Mustaqil Tojikiston asoschisi" va "Millat rahnamosi" kabi rutbalar berildi.

Yaqinda esa o'zi Tojikiston hukumati nomidan maxsus qaror imzolab, "davlat boshlig'ini haqorat qilganlar" jinoiy javobgarlikka tortilishini ta'minladi.

Image caption 64 yashar Imomali Rahmon shaxsini ulug'lash amallarini faqat Turkmaniston prezidenti bilan qiyoslash mumkin

Tojikistonda o'tgan yili qabul qilingan qonunga binoan, Prezident Rahmon hatto amalidan ketsa ham uning daxlsizligi ta'minlanadi.

Ayni damda, "millat rahnamosiga nisbatan hurmat-ehtirom" ko'rsatish ham qonunan mustahkamlangan.

Inson huquqlari guruhlariga ko'ra, Prezident Rahmon o'z shaxsiga sig'inish jarayonini vujudga keltirmoqda.

Bu borada, Tojikiston davlat rahbarini faqatgina Turkmaniston yo, muayyan holatlarda, Qozog'iston prezidentlari bilan qiyoslash mumkin.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkilotiga ko'ra, Tojikistonda inson huquqlariga oid vaziyat yomonlashib bormoqda. So'z erkinligi bo'g'ilmoqda, muxolifat rahbarlari qamoqqa olinayapti va mustaqil matbuot bosim ostida qolayotir.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq