O'zbek so'mi: So'nggi chora - falajlab davolashmi?

So'm ko'targan ayol Image copyright AsiaTerra.info
Image caption O'zbek so'mi - sobiq SSSRda eng ko'p qadrsizlangan milliy valyutalardan biri

O'zbekiston milliy valyutasi - so'm rekord darajada qadrsizlanib, 7 ming so'm bir AQSh dollariga tenglashdi.

Bir necha oy burun ham so'm shu darajaga bahosizlangan, biroq yarim kunda yana biroz qaddini ko'targandi.

"So'nggi bora byudjet tashkiloti xodimlarining maoshlari oshgani bois so'm qadri tushib ketdi" - deydi iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jo'baev.

O'zbekiston hukumati yaqinda ayrim tibbiyot xodimlari maoshini keskin oshirgandi.

Biroq 2014 yili 3500 so'm bir AQSh dollariga teng bo'lsa, oxirgi ikki yil ichida uning qiymati rekord darajada pasayib, 7 ming so'm bir AQSh dollari bo'lmoqda.

O'zbek so'mi - sobiq SSSR davlatlari ichida eng ko'p qadrsizlangan milliy valyutalardan biri. Mutaxassislarga ko'ra, bu borada faqat Belarusning rubli so'mdan o'zgan, xolos.

So'm nega qadrsiz?

O'zbek so'mi qimmati jadal pasayishi bir qator ham tashqi, ham ichki sabablarga bog'liqligi aytiladi.

"Xalqaro moliyaviy inqiroz bois O'zbekiston eksport qiladigan mahsulotlar - rangli metal, paxta, gaz va uran narxlari tushib ketdi" - deydi Saparboy Jo'baev.

"Lekin mamlakat chetdan oladigan muhim mahsulotlar, xususan, oziq-ovqat yo sifatli dori-darmon qimmatligicha qolgan".

O'zbekiston yirik un mahsulotlari iste'molchisi hamdir. Va chetdan ko'p don va un sotib oladi.

Image copyright Shaxsiy surat
Image caption Saparboy Jo'baevga ko'ra, zudlik bilan pul-kredit islohoti o'tkazilishi kerak

Buning ustiga, Rossiya hamda Qozog'istonda ish topish qiyinlashib, o'zbekistonlik muhojirlar vatanga jo'natayotgan pul miqdori ham ozayib ketgan.

Tahlilchilarning aytishicha, hukumat zudlik bilan pul-kredit islohotlarini o'tkazishi kerak.

"Hukumat istasa buni amalga oshirishi qiyin emas" - deydi Saparboy Jo'baev - "Bozor iqtisodiyotiga o'tiladi, pul siyosati isloh etiladi va valyuta ayirboshlash erkinlashtiriladi".

Biroq ayni amallar mamlakat uchun og'ir kechishi mumkin, degan xavotirlar ham yo'q emas.

"Boshida bir-ikki yil qiyin bo'ladi" - deydi suhbatdoshimiz - "Falajlab davolash, deyishadi buni, biroq boshqa iloj yo'q".

Hozir O'zbekiston tobora tushib ketayotgan aholi xarid imkonlarini biroz ko'tarib turish uchun har yili maoshlarni 10-12% oshirmoqda.

Umid - Shavkat Mirziyoevdan

Vaqtinchalik prezident vazifasini bajarayotgan Shavkat Mirziyoev mamlakat bo'ylab ko'plab muammolar echimiga kirishmoqda.

Xususan, chetga dehqonchilik mahsulotlari eksport qilayotganlar uchun soliq engilliklari yaratildi.

Tadbirokrlarning davlat tashkilotlarini tarafidan tekshirilishini kamaytirishga farmoyish berdi.

Ayrimlarga ko'ra, bu choralar yaxshi, biroq ular hali yirik islohotlarni anglatmaydi.

Image caption Shavkat Mirziyoev meva va sabzavot eskport qiluvchilarga yengillik yaratdi

"Umid qilayapmiz" - deydi Saparboy Jo'baev - "Adashmasam, Shavkat Mirziyoev 3 oy ichida pul-kredit siyosatini isloh qilishga oid takliflar kiritilsin, deb aytgan".

"Shu bois, mazkur sohadagi aniq qadamlar yo islohotlar haqida hali gapirishga erta".

Bir necha yildan beri xalqaro moliyaviy tashkilotlar O'zbekistonga iqtisod, qishloq xo'jaligi va moliya sohalarida jiddiy islohotlar o'tkazishni taklif qilib kelishadi.

Lekin marhum Prezident Karimov hukumati sovetlar davridagi kabi iqtisod ustidan davlat nazoratini va majburiy mehnat kabi feodal boshqaruv usullarini saqlab qolgandi.

Shuningdek, O'zbekiston hamon xorijiy sarmoyadorlar kelishni istasa-da, lekin mablag'ini kiritishdan qo'rqadigan davlatlardan biri bo'lib qolmoqda.

Mamlakatda faoliyat yuritayotgan o'ta yirik xorijiy shirkatlar esa, asosan, siyosiy elita bilan ish tutadi.

Kelajak buyukmi?

O'zbekiston aholisi 32 millionga etgan va bu Markaziy Osiyoning qolgan 4 davlatidagi aholi soniga teng, degan gap.

O'tgan 25 yil davomida saqlab qolingan paxta monopoliyasi va suv kamligi bois oziq-ovqat ishlab chiqarish qiyinlashgan, O'zbekistonning katta hududlari jadal sahrolashmoqda, yer tuzlanmoqda.

Image caption Rossiyadan muhojirlar jo'natayotgan pul kamayishi ham so'mning yanada qadrsizlanishiga hissa qo'shgan

Orol dengizining O'zbekiston qismi deyarli qurib bitgan, Amudaryo so'nggi yillari Xorazmga arang yetib borayotir. U yo'qolgan Orolgacha yetib bormaydi.

Tojikiston Rog'un GES qurilishini boshlagan va endi vaziyat yaxshilanishi dargumon.

Surxondaryo va Qashqadaryo qisman, Buxoro, Qoraqalpog'iston va Xorazm esa butunlay Amudaryo suviga qarab qolgan.

Shunday holatda, O'zbekiston hukumati zudlik bilan iqtisod, dehqonchilik hamda moliya sohasida keng qamrovli islohotlar o'tkazishi zarurligi ta'kidlanmoqda.

Biroq hozircha, paxta maydonlari qisqarishi sekin kechayotir. Paxta o'rniga oziq-ovqat ishlab chiqarishga ixtisoslashayotgan bog'dor tumanlar soni barmoq bilan sanarli.

Paxta esa mehnati og'ir, sarf-xarajati katta, suvtalab, ammo narxi arzon va foyda bermaydigan mahsulot sanaladi. Bu zararni qoplash uchun O'zbekiston hukumati majburiy mehnatdan foydalanib keladi.

Kuzatuvchilarga ko'ra, Shavkat Mirziyoev qishloq xo'jaligini ich-ichidan bilgani uchun ham vaziyatni o'nglashi mumkin va uning hozirgi qadamlari to'g'ri yo'nalishga qaratilmoqda. Lekin bu qadamlar hali jadal emas.

Shu sababli iqtisodiy, pul-kredit va qishoq xo'jaligidagi keng qamrovli islohotlar hozircha - faqat umid.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq