Gollandiyada mahbuslar nega kamayib ketdi?

Qamoqxona

Jahonning deyarli hamma mamlakatlarida qamoqxonalarda mahbuslar soni haddan tashqari ko'pligi muammosi mavjud.

Lekin Gollandiyada buning teskarisi. Mahbuslar soni kamayib ketgan va oxirgi 5 yil mobaynida 19 qamoqxona umuman yopilgan.

Bunga qanday erishildi va nima uchun ba'zilar buni muammo sifatida ko'rmoqdalar?

Mamlakat shimoli-sharqida joylashgan Norgerhaven qamoqxonasida mahbuslar o'zlarining kechki ovqatlarini tayyorlashmoqda.

Mahbuslardan biri mohirlik bilan sabzavotlarni kesmoqda.

"Olti yildan beri ancha tajriba orttirdim", deydi u.

Lekin pichoq stolga zanjirlangan. Pichoqni o'zlari bilan kameraga olib ketmasliklari uchun. Pichoq kerak bo'lsa, hujjatlarini topishirib, kichikroq pichoqni olishlari mumkin.

Zo'ravon jinoyat uchun qamalgan mahbusning pichoq bilan ishlashga ruxsat berilishini tasavvur qilish qiyindir, lekin pazandalikni o'rganishlari ozodlikka chiqqandan so'ng ularning oddiy hayotga qaytishlariga yordam beradi.

"Gollandiya tizimida biz har bir shaxsga alohida e'tibor beramiz", deydi qamoqxona rahbari Van der Spoel.

"Kimdir giyohvandlikka chalingan bo'lsa, uni davolaymiz. Zo'ravon bo'lsa, jahlni nazorat ostida ushlab turadigan terapiya taklif qilamiz. Moliyaviy muammolari bo'lsa, maslahat beriladi. Xullas, jinoyatni keltirib chiqargan sabablar bartaraf qilinadi. Mahbusning o'zi o'zgarish istagida bo'lishi kerak, lekin usullarimiz ish bermoqda".

Uning ilova qilishicha, qamoqxonaga qayta-qayta kelayotgan mahbuslarga 2 yillik muddat belgilanib, reabilitatsiya dasturi ishlab chiqiladi. Ulardan faqatgina 10 foizdan kamrog'i qamoqqa qaytadilar.

AQSh va Britaniyada qisqa muddat qamalganlarning deyarli yarmining kelajakda yana qamoqqa qaytishlari kuzatiladi. Qayta jinoyatga qo'l urgan yoshlarning soni esa bundan-da ko'proq.

Huddi shu yaqin atrofdagi yana bir qamoqxonada sayr uchun keng maydon, 4 ta futbol va voleybol maydonlari bor. Toza havo ham mahbuslar va ham xodimlarning stress darajasini kamaytirishi aytiladi.

10 yilcha avval Gollandiya mahbuslar soni bo'yicha Ovro'poda yetakchi o'rinlardan birida edi. Hozir eng past darajaga tushgan.

Ammo oxirgi 10 yilda mahbuslar soni 43% ga kamayganiga sabab faqatgina reabilitatsiya dasturlari emas.

Hozirda e'tibor giyohvand moddalar savdosidan, inson trafikingi va terrorizm muammolariga qaratilmoqda.

Qamoq jazosiga muqobil hakamlar jarimaga tortish, majburiy jamoat ishlari va elektron nazorat moslamasi kabi usullarni taklif qilmoqdalar.

Gollandiya jazoni o'tash tizimi rahbari Anjelin van Dijkning aytishicha, qamoq jazosi faqatgina o'ta xavfli jinoyatchilar va yordamga muhtoj bo'lganlar uchun berilmoqda.

"Ba'zida o'z ishida va oilasi bag'rida qolib, boshqa yo'lda jazoni ijro etish yaxshiroq samara bermoqda".

Oxirgi 8 yilda mamlakatda jinoyatlar soni 25%ga kamaygan. Ba'zilarga ko'ra, bu o'z navbatida politsiya uchastkalarining yopilishi va byudjet xarajatlari qisqartilishiga, mavjud jinoyatlarni ochishdagi kamchiliklarga olib kelishi mumkin.

Qamoqxona tizimi sobiq rahbari va hozirda muxolif siyosatchi Madlen van Turenborgning aytishicha esa, aslida mahbuslar soni kamayganiga sabab jinoyatlar kamroq ochilayotganidir.

Ba'zi qamoqxona xodimlari ham qamoqlar yopilib, ishsiz qolayotganlaridan rozi emaslar.

Bo'sh qolayotgan qamoqxonalarni to'ldirishning kutilmagan bir usuli ham qo'llanilmoqda. Norvegiya va Belgiyadan mahbuslarni olib kelina boshlangan.

Norgerhaven qamoqxonasida yaqinda Skayp xonasini ham ochishdi. Chunki yaqinlarini ko'rish uchun kelish sarf-harajatlari anchagina. Xorijlik mahbuslarning yaqinlari kelishlari esa undan-da, mushkulroq.

Mayklning xonasi devorlarida futbol jamoasi va to'rt farzandining surati bor. U asli polshalik, lekin Norvegiyada hukm qilingan.

"Xotinim to'rt bolaga qarash va ish bilan ovora. Meni kelib ko'ra olmaydi. Shuning uchun, bu qamoqxonani tanladim. Ularni nafaqat telefonda eshitish, balki ko'rish imkoniga ham egaman", deydi Maykl.

Lekin bu ikki qamoqxonaning ham kelgusi yili yopilishi mo'ljallanmoqda.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring