Markaziy Osiyoda OAVga bosim kuchaymoqdami?

Markaziy Osiyo OAV bilan bog'liq vaziyat qanday? Image copyright Getty Images
Image caption Markaziy Osiyo OAV bilan bog'liq vaziyat qanday?

So'nggi xabarlarga qaralsa, mintaqa bo'ylab ommaviy-axborot vositalariga nisbatan hukumatlarning bosimi kuchaygan.

Tojikistonning xususiy TojNews agentligi yopilgan.

Agentlik xodimlariga ko'ra, mamlakatda "erkin jurnalistika" yo'qolib bormoqda.

Agentlikning ishonishicha, qisqa muddat ichida yana bir qator mustaqil nashrlaru agentliklar shunday yo'l tutishga majbur bo'lishadi.

Tojikistonlik jurnalistlarga ko'ra, TojNews yopilishi boshqalar uchun "yomon alomat" va o'z-o'zini tsenzura qilish an'anasini yana ham kuchayishiga xizmat qiladi.

INDEM tashkilotiga qarashli sanalgan TojNews "Nigoh" haftaligining muassisi sanalardi.

"Nigoh" o'tgan oy rasmiylar aralashuvidan nolib, o'z faoliyatiga nuqta qo'ygandi.

Kuzatuvchilarga ko'ra, so'nggi vaqtlar prezident Emomali Rahmonning hukumati mustaqil va erkin matbuotga nisbatan tobora toqatsiz mavqeini egallamoqda.

Bundan atigi bir necha yil avval ham mintaqada nisbatan erkin matbuoti bilan farqlanadigan Tojikistonda bugun vaziyat keskin yomonlashmoqda, deydi mustaqil jurnalistlardan biri.

"Konstitutsiyaga so'nggi o'zgartirishlar, xususan, Rahmonni "millat peshvosi" deb e'lon qilinishi, Islom Uyg'onish partiyasini rasman "terrorchi" deb tamg'alanishi ortidan vaziyat keskin o'zgarmoqda. Biz sobit qadamlar bilan yakkahokimlik - diktatura tomon odimlamoqdamiz", deydi o'z ismini sir tutgan tojikistonlik jurnalist.

Qozog'istonda vaziyat qanday?

Sobiq muxolifat a'zosi va Central Asia Monitor haftaligining muharriri Bigeldi Gabdullin "shantaj qilish" ayblovi bilan hibsga olingan. Poraxo'rlikka qarshi kurash davlat mulozimlariga ko'ra, Gabdullin mulozimlarni ular haqida tanqidiy maqola yozish bilan qo'rqitib, o'zi uchun manfaatli shartnomalarga erishib kelgan.

Bigeldi Gabdullin sobiq muxolifatchidir. U o'z gazetasi yopilishi ortidan 2001 yilda AQShga hijrat qilgan, keyinroq prezident Nazarboevdan kechirim so'rab, vataniga qaytgandi.

Bundan bir oy avval esa davlat mulkini o'marishda ayblanib, mashhur jurnalist, prezident Nazarboevning sobiq matbuot voizi Seytqozi Mataev olti yillik qamoq jazosiga hukm etilgandi.

Seytqozi Mataev o'z chiqishida prokuratura bu ish bo'yicha astoydil tekshiruv o'tkazmaganligini bildirgan. Uning ta'kidlashicha, ishda aniq faktlar yo'q, u faqat quruq gap, taxminlarga asoslangan.

O'zbekiston va Turkmanistondagi holat…

Bu mamlakatlardagi vaziyat biri-biridan deyarli farq etmaydi.

Har ikkala davlatda Gorbachyovning qayta qurish siyosati davridan keyin erkin matbuotga mutlaqo izn berilmagan.

Mustaqil jurnalistlar doim bosim ostida bo'lishgan.

O'zbekistonda Solijon Abdurahmonov va Muhammad Bekjon kabi jurnalistlar hamon qamoqda qolishmoqda.

Muhammad Bekjon dunyodagi eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan jurnalistlardan biridir.

Hukumatning nazorati "Freedom House" nazarida

Agar, "Freedom House" tashkilotining yangi hisoboti tafsilotlariga tayanilsa, dunyo bo'ylab internet foydalanuvchilarining uchdan ikki qismi internetni tsenzura qiluvchi rejimlar boshqaruvi ostida yashashadi.

Internet erkinligi bilan bog'liq ahvol esa, ketma-ket oltinchi yildirki, yomonlashishda davom etgan.

Hukumatlar turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlari barobarida WhatsApp va Telegram kabi messenjerlarga imkoniyatni to'sish harakatiga tushib qolishgan.

Deylik, eng ko'p to'siqqa uchrayotgan WhatsApp dunyoning 65 davlatidan 12 tasida taqiqlangan ekan.

Qolgan ijtimoiy-muloqot tarmoqlari bilan taqqoslanganda esa, hibsga olingan foydalanuvchilari borasida bu yil ulardan hech biri "Facebook" nikiga bas kela olmabdi.

Bu kabi hollar dunyoning 27 davlatida kuzatilibdi va yoyilishda ham davom etmoqda ekan.

Estoniya va Islandiya esa, jahondagi, ta'bir joiz, internetni "eng bo'sh qo'ygan" davlatlar bo'lib chiqishibdi.

Osiyoda internetga nisbatan toqatlilik bobida Yaponiyaga etadigani topilmabdi.

Xitoy jahondagi internet erkinligini eng ko'p cheklovchi davlat bo'lib chiqibdi.

Undan keyingi o'rinlarni esa, Suriya, Eron, Efiopiya, O'zbekiston va Kuba egallashibdi.

Yangi xalqaro hisobot xulosalari jahonning 65 mamlakati va dunyodagi internet foydalanuvchilarining 88 foizini qamrab olgan.

Amerikaning "Freedom House" nohukumat tashkiloti esa, har yil jahondagi so'z erkinligi, siyosiy va fuqaroviy huquqlar bilan bog'liq vaziyatni tahlil qilib, baholab boradi.

Bu xalqaro tashkilotning xulosa qilishicha, aksilterror choralari sabab, ham demokratik va ham avtoritar mamlakatlarda so'z erkinligi, shaxsiy hayot daxlsizligi va biznes amaliyotlari bilan bog'liq vaziyat ziyon chekishi xavfi ostida qolgan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring