Mirziyoyev "Putinning odami"mi?

Image copyright Reuters

O'zbekiston hukumatiga yaqin siyosatshunos Rafik Sayfulin Amerika Qo'shma Shtatlarining Ovro'poda yangi raketadan mudofaa tizimi yaratish rejalarini tanqid qilib chiqqan. "O'zmetronom" nashri AQShdagi prezident saylovlari arafasida chop etgan maqolada muallif Qo'shma Shtatlarni "strategik tinchlikka putur yetkazish"da ayblaydi. Marhum prezident Islom Karimovning maslahatchisi bo'lgan janob Sayfulinning aytishicha, hozirda yangi prezidentni saylashga tayyorgarlik ko'rayotgan O'zbekiston, hademay o'z tanlovini qilishi kerak bo'ladi. Va maqolaning umumiy ohangidan anglashilishicha, ushbu tanlov Vashington foydasiga bo'lmaydi. Rossiya matbuoti O'zbekistonnning vaqtincha Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni "Rossiyaning odami" deb hisoblaydi. Rus matbuoti o'zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov o'zining qarindoshlik aloqalari orqali Mirziyoyev va O'zbekistonning yangi rahbariyatiga ta'sir o'tkazayotgani haqida yozgan. Xo'sh, Mirziyoyev haqiqatan ham "Putinning odami"mi? BBC avvalroq muxolifatdagi O'zbekiston Xalq Harakatining anjumanida qatnashish uchun Istanbulga safar qilgan rossiyalik taniqli jurnalist O'rxon Jamol bilan suhbatlashgan.

Suhbatning video variantini YouTube kanalimizda tomosha qiling.

O'rxon Jamol: Avvalambor, Mirziyoyev - Karimov komandasining odami. U "karimovchilik" paydo qilgan dog'larni o'ziga yuqtirgan. U balki ijtimoiy hayotda qandaydir "kosmetik" o'zgarishlarni qilishi, liberal-demokratik usurlarni joriy etishga urinishi mumkin. Ammo mohiyat o'zgarmasdan qolaveradi. Karimov Markaziy Osiyo diktatorlarining "namunaviy" timsoli edi. Uning barcha yaqin va uzoq qo'shnilari bilan muammolari bor edi. Qo'shni qanchalik yaqin bo'lsa, muammo shunchalik katta bo'lgan. Uning Qozog'iston bilan ham munosabatlari yaxshi emasdi, Qirg'iziston va Tojikistonni gapirmasa ham bo'ladi. Turkmaniston bilan ham til topisholmagan, Afg'onistondan esa labiga uchuq toshardi. Uzoq qo'shnilarga kelganda esa, munosabatlar xuddi xalinchakka o'xshab tebranib turardi. Hali Moskvaga yuz burgan, hali Vashingtonga va har ikkisidan ham arazlasa, Xitoyga yuz burardi. Va bu tebranib turishlar Karimovga nisbatan mustaqil ko'rinish imkonini bergan. Ya'ni u bitta hamkordan bo'lak hammadan mustaqil bo'lar, ammo bu bitta hamkorni bot-bot o'zgartirib turardi. Karimov vaqti-vaqti bilan bu yaqinlik uchun haq to'lab turar, unga ham haq to'lashardi. Masalan, Rossiya xavfsizlik xizmatlarining "Xizbu-Tahrir"ning o'zbekistonlik faollariga qarshi amaliyotlari O'zbekiston bilan gaz bitimlari imzolangan paytga to'g'ri kelgan. Ya'ni bu bir ayirboshlash edi. Karimov tuzumidan chiqqaniga qaramay, Shavkat Mirziyoyevda xali Markaziy Osiyoning "namunaviy" diktatori degan tamg'a yo'q. Undan hozir o'z "homiy"si borasida qaror berishi kutilmoqda. Uning o'zi ham homiy qidirmoqda va bu homiy, mening nazarimda, Moskva bo'ladi. Ehtimol qisqa, ehtimol uzoqroq muddatga. Ammo unga Islom Karimovga berilgani kabi, keng manyovr qilish imkonini bermasliklari mumkin. Uni "Moskvaning odami" deyish mumkinmi? Ha, ammo bu chorasizlikdan. Chunki uning biqinida qo'rqinchli va bashorat qilib bo'lmaydigan Rossiya turibdi. Ukraina tajribasi Rossiyaning qanchalik dahshatli dushmanga aylanishi mumkinligini yaqqol ko'rsatdi. Putin hatto nisbatan yaqin bo'lgan Belarus va Qozog'iston singari qo'shnilarni ham qo'rqitib qo'ydi. Shuning uchun ham Mirziyoyev "rossiyaparast"bo'lishga majbur.

BBC: Rossiya matbuotiga ko'ra, Kreml Mirziyoyevga asli o'zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov vositasida ta'sir o'tkazishi mumkin va hatto hozirning o'zida bunday ta'sirni o'tkazmoqda. Sizningcha, Usmonovning Mirziyoyevga ta'siri qanchalik katta?

O'rxon Jamol: Umuman, Kreml hozir butun post sovet hududiga ko'proq ta'sir o'tkazishga harakat qilayapti. Ukrainadan keyin bu ayniqsa kuchaydi. Buni xususan, Armaniston misolida ko'rdik. Hozir amalda Armaniston prezidentini Moskva tayinlanayapti. Hatto Gurjistonda ham Ivanashvilini Moskva qo'lladi. Kreml barcha sobiq sovet davlatlariga o'z qo'lida qanday vosita bo'lsa, hammasi orqali ta'sir o'tkazishga urinyapti. Karimov Moskva bilan hamkorlik qilishga qilgan, lekin Moskva O'zbekistonning ishlariga burnini suqishiga yo'l bermagan. Ya'ni amalda O'zbekiston Moskva uchun yopiq edi. Shunday ekan, Kreml O'zbekiston ichkarisidagi vaziyatga qanday ta'sir o'tkaza oladi? Kremlning qo'lida ikkita vosita bor, xolos. Birinchisi - biznes, ikkinchisi - jinoiy olam. Alisher Usmonov - o'zbekistonlik. Uning O'zbekistonda qarindoshlari, do'stlari bor, imkoniyatlari bor. Usmonov xohlagan odami bilan aloqa o'rnatishi mumkin. Uning ta'sirini inkor qilib bo'lmaydi. Kreml Usmonovning imkoniyatlari va xizmatidan albatta foydalanadi. Foydalanmasligi g'alati bo'lar edi. Qolaversa, u Shavkat Mirziyoyev bilan qarindoshlik aloqalariga ham ega.

BBC: Karimov qudratli davlatlarning manfaatlari o'rtasida ustalik bilan muvozanat saqlab kelgan edi. Mirziyoyev shunday muvozanat o'rnatishga muvaffaq bo'ladi, deb o'ylaysizmi?

O'rxon Jamol: Hozir amalda Mirziyoyevning qudratli davlatlar o'rtasida manyovr qilish imkoniyati yo'q. Chunki Karimovning Moskva bilan munosabatlari butunlay boshqa siyosiy vaziyatlarda shakllangan edi. 1990-yillarda Moskva umuman olganda, anchayin amerikaparast tashqi siyosat olib borgan. O'z navbatida Vashington ham Rossiyaga sobiq sovet hududida anchayin erkin harakat qilish huquqini bergan edi. Pridnestrove deysizmi, Tog'li Qorabog' yoki Tojikistondagi fuqarolar urushimi, bularning hammasida Moskva faol qatnashgan. Hech kim unga bu mojarolarga aralashma, demagan. U paytlar Karimov Moskvaning himoyasidan Vashingtonning panohiga qochib borgan payt, obrazli qilib aytganda, eng katta rahbariyatdan yuz o'girib, o'rta bo'g'indagi rahbariyatga yuz burgan xolos. Hozir vaziyat boshqacha. Hozir ham Moskva Vashington bilan hamkorolik qiladi, bitimlar imzolaydi, ammo avvalgi "boshliq" bilan "mijoz" o'rtasidagi munosabat mavjud emas. Shuning uchun Mirziyoyev bunday manyovr qilolmaydi. Mirziyoyev yo u tomonni, yo bu tomonni tanlashi kerak bo'ladi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring