Video - Nazarboev aksi pulga tushiriladi

Tenge Image copyright socialmedia

Qozog'iston rahbari, ta'bir joiz, o'z mamlakatida bu kabi "sharaf"ga loyiq, deb ko'rilgan ikkita Markaziy Osiyo prezidentidan bittasiga aylandi.

Mintaqa davlatlari orasidan birinchi bo'lib marhum Turkmanboshi - Saparmurot Niyozovning aksi o'z milliy pul birliklaridan joy egallagan.

(Videolavhani BBCUZBEK YouTube kanalida tomosha qiling)

Ammo, ayon bo'lishicha, bu - esdalik puli bo'ladi va 1 dekabr - Qozog'istonda har yil bayram qilinuvchi Prezident kunida cheklangan adadda iste'molga chiqariladi.

Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboev aks etgan yangi banknota 10 ming tenge nominaliga ega bo'ladi va agar, Qozog'iston Markaziy Banki kursiga chaqilsa, $29 AQSh dollarini tashkil etadi.

Iste'molga chiqsa, yangi pul Qozog'istondagi ikkita eng yirik banknotadan bittasiga aylanadi.

Bungacha mamlakatda 20 ming tengelik banknota muomalada bo'lgan.

Qozog'iston Markaziy Banki Prezidenti Doniyor Akishevning bayon qilishicha, banknotalarga "mamlakat hayotiga eng muhim hissa qo'shgan shaxslarning tasvirlarini joylashtirish - davlatchilik g'oyasini ifodalashning eng yorqin, odatiy va tushunarli shaklidir".

1993 yilda Qozog'istonda ilk bor iste'molga chiqarilgan tenge o'tgan yili qadrsizlanish bobida jahondagi qolgan barcha milliy pul birliklarini ortda qoldirib ketgan.

Bunday xulosa bilan esa, Ukrainadagi Forex Club tahliliy markazi chiqqan.

Xitoy milliy pul birligi - yuanning "zaiflashishi" va jahon bozorida neft narxining keskin pastga tushib ketishi Qozog'iston iqtisodiga jiddiy zarba bergan.

Buning ortidan esa, o'tgan yilning avgust oyida Qozog'iston Markaziy Banki tengeni erkin bahoda muomalaga chiqarishga majbur bo'lgandi.

Mavjud holat sabab, tenge yil oxiriga qadar "antirekord" o'rnatishda davom etgan, mahalliy kuzatuvchilar esa, bunaqasi Qozog'istonning bu yaqin tarixida kuzatilmaganini e'tirof etish darajasigacha borishgandi.

O'shanda 1 AQSh dollarining qiymati o'rtacha 350 tengega chiqib ketgandi.

Shu kecha-kunduzda esa, bu ko'rsatkich - $342.10 dollarni tashkil etadi.

Tanqidchilar bu kabi ishlarni prezident Nazarboev shaxsiga sig'inish targ'ibotining bir qismi sifatida baholashadi.

Qozog'istonni chorak asrdan ko'proq vaqt davomida boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboev joriy paytda Markaziy Osiyodagi eng uzoq qudratda qolayotgan prezident bo'ladi.

Tafsilotlari videolavhamizda.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring