Shavkat Mirziyoyev: "Ustozidan o'zgan shogird"

Shavkat Mirziyoyev Image copyright Yoshlar

O'zbekistonning "Yoshlar" telekanali Bosh vazir va prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning hayoti va faoliyati haqidagi hujjatli filmni namoyish etgan.

Film haqidagi videoni YouTube kanalimizda tomosha qiling.

"Xalq farzandi" deb nomlangan film 59 yoshli Mirziyoyevning hayot yo'li haqida batafsil hikoya qiladi.

Hujjatli lavhadan Shavkat Mirziyoyev tarjimai holining hozirgacha bilinmagan ayrim qirralari va uning bolalik, o'smirlik va yoshlik yillari haqida hikoya qiluvchi foto va videotasvirlar o'rin olgan.

Filmda Mirziyoyevning maktab o'qituvchisi, u bilan birga ishlagan hammaslaklari, ustoz va safdoshlarining so'zlari keltirilgan.

Suhbatdoshlar Mirziyoyev "Islom Karimovdan yurt rahbari uchun zarur bo'lgan hal qiluvchi xislatlarni o'rgangani", "hokimlarning xalq oldida hisob berishini boshlab bergani" va "xalq ichiga kirib borgani" haqida gapirishgan.

Jumladan, sobiq mulozimlardan biri Mirziyoyev Samarqandda hokimlik payti Urgut tumanidagi ikki qishloq aholisi orasida suv ustidan chiqqan janjalni yechgani haqida gapiradi.

Uning so'zlariga ko'ra, o'shanda Mirziyoyev Prezident bilan uchrashuv talab g'azabnok olomon bilan muzokaralar olib borgan va mojaroni tinch yo'l bilan hal qilishga muvaffaq bo'lgan.

Davlat matbuoti hozirga qadar O'zbekistonning biron bir nuqtasida yuzaga kelgan aholi noroziligi haqida xabar bermagandi.

Filmda Inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov Mirziyoyevni "bir tizimning boshidan oxirigacha o'tgan davlat arbobi" deya ta'riflaydi.

Unda shuningdek, marhum shoir va sobiq deputat Erkin Vohidov hamda marhum Prezident Islom Karimovning Shavkat Mirziyoyev haqida aytgan so'zlari keltirilgan.

"Minglab qaror, farmon va farmoyishlarning barchasi shunday so'zlar bilan yakunlanadi: "Ushbu hujjatning ijrosi O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin", deydi kadr ortidagi diktor ovozi.

Mirziyoyev sha'niga "Islom Abdug'anievichning ishongan shogirdi", "ustozidan o'zgan shogird", "benihoya og'ir yukni o'z zimmasida ko'tarib kelayotgan inson" va "azmu shijoat sohibi" kabi maqtovlar aytilgan film "O'zbekiston prezidentligiga nomzodlarga saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan bepul efir vaqti doirasidan namoyish etilgani" ta'kidlangan.

Ammo hozirgacha boshqa nomzodlar haqida bu kabi tashviqot filmlari namoyish etilmagan.

Davlat va hukumatning birinchi odami haqida bu kabi avtobiografik film O'zbekiston tarixida ilk bor namoyish etilmoqda.

Marhum Prezident Islom Karimovning tarjimai holi hozirgacha to'liq emas.

Avvalroq O'zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Shavkat Mirziyoyevning birinchi rasmiy tarjimai holini e'lon qilgan edi.

4 dekabr kungi saylovda Mirziyoyevdan tashqari O'zbekistondagi mavjud uch siyosiy partiya rahbarlari ham ishtirok etadilar.

Nomzodlardan birontasi amaldagi hukumat yoki "raqib" nomzodni tanqid qilgani kuzatilmagan.

Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti O'zbekistondagi saylovlarni kuzatish uchun birinchi marta to'laqonli kuzatuvchilar hay'atini yuborgan.

"Yoshlar" kanali namoyish etgan hujjatli film haqidagi videoni YouTube kanalimizda tomosha qiling.