O'zbekiston tashqi siyosatda Rossiya ta'siriga tushdimi?

Islom Karimovning vafotidan so'ng O'zbekiston tashqi siyosatida keskin o'zgarish kuzatilayotgani aytiladi Image copyright courtesy
Image caption Islom Karimovning vafotidan so'ng O'zbekiston tashqi siyosatida keskin o'zgarish kuzatilayotgani aytiladi

O'zbekistonning BMTda Qrim masalasi bo'yicha Rossiya bilan bir xil pozitsiyani egallashi o'zbekistonlik faollar xavotiriga sabab bo'lgan.

BMTning ijtimoiy va gumanitar masalalari bo'yicha qo'mitasi tomonidan qabul qilingan qarorga O'zbekiston Rossiya bilan birgalikda qarshi ovoz bergan.

Ukraina tomoni tashabbusi bilan qabul qilingan hujjatda Qrimdagi qrim-tatarlari va boshqa milliy ozchiliklarning huquqlari buzilayotgani haqida gapiriladi.

Qaror Rossiyani yarim orolga xalqaro kuzatuvchilarni kiritishga ham chaqiradi.

Unda Rossiya Oliy mahkamasi tomonidan qabul qilingan "Qrim-tatar xalqi majlisi" jamoatchilik tashkilotini ekstremistik deb topish va uning faoliyatini cheklashga doir hukmni bekor qilish talab qilinadi.

Hujjatni qabul qilish uchun 73 davlat ovoz bergan. O'zbekiston, Rossiya, Qozog'iston, Belarus va Xitoy doxil 23 davlat qarshi ovoz bergan. 73 mamlakat betaraf qolgan, ularning ichida Tojikiston va Qirg'iziston ham bor.

O'zbekiston Qrimning Rossiya tarkibiga kirganini rasman qabul qilmagan. Bu vaqtgacha Krim borasida qabul qilingan hujjatlarda Rossiya manfaatlariga qarshi ovoz berib kelgan yoki betaraf nuqtai nazarni bildirgan.

Biroq O'zbekistonni chorak asrdan ko'proq boshqargan Islom Karimovning vafotidan so'ng O'zbekiston tashqi siyosatida keskin o'zgarish kuzatilayotgani aytiladi.

O'zbekistonning Qrim masalasi bo'yicha ochiqdan-ochiq Rossiya tomonini olishi Islom Karimov hayotligi vaqtida kuzatilmagandi.

Ziyoli Sardor Salimga ko'ra, O'zbekiston shu vaqtgacha xalqaro mojarolarga aralashmaslik siyosati yuritgan va bu foydali bo'lgan.

"Bugungi kungacha tashqi siyosatimizda har xil xalqaro janjallarga "qo'shilmaslik" tamoyillariga sodiq qolayotgan edik. Bizdek peshkalar uchun bu eng yaxshi strategiya edi. Afsus, bu tamoyildan voz kechayotganga o'xshaymiz", deydi Sardor Salim.

Uning ta'kidlashicha, Qrim masalasida Rossiyani qoralovchi qarorlarda O'zbekiston shu vaqtgacha o'zini betaraf tutgan.

"Xususan, Qrim masalasida Rossiya Federatsiyasi hatti-harakatini qoralaydigan BMT rezolyutsiyalariga O'zbekiston 2014 yilda umuman ovoz bermagan, betaraf qolgan edi. 16 noyabrdagi BMT rezolyutsiyasini qabul qilishga qarshi ovoz beribdi. Biz kamida yana betaraf bo'lsak ma'qul bo'larmidi", - deydi Sardor Salim.

Yana bir Facebook foydalanuvchisi ham O'zbekistonning tutgan yo'lini qoralagan.

"Yaxshi ish bo'lmabdi. Jimgina betaraf qolish ma'qul edi. Zolimga qarshi chiqa olmaganga yarasha zulmga ko'makchi bo'lmaslik kerak", deb yozgan Musannif Adham.

Ayrim fikr bildiruvchilar O'zbekistonning tashqi siyosatda Rossiya manfaatlari uchun ovoz berishi iqtisodiy ehtiyojlar ortidan kelib chiqqan bo'lishi mumkinligini bildirishgan.

Tahlilchi Mahmud Yo'ldoshev Tashqi siyosatda Rossiyaga yon bosish prezidentlik uchun kurashda asosiy da'vogar bo'lgan Shavkat Mirziyoevning tashabbusi ekanligini aytadi.

"Bizning eng nozik tomonimiz ham mana shu tashqi siyosatdan boshlanadi. Mana, vatan manfaatini boy berish boshlandi. Tashqi siyosat ichki siyosatning o'zagi ekanligini yoddan chiqarmaslik kerak edi. Bu albatta birinchi nomzodning tavsiyasi bilan bo'lgan. Ammo mana shu savolga qolgan uch nomzod nima der ekan?" - deydi Mahmud Yo'ldoshev.

Biroq prezidentlikka nomzodlar saylovoldi dasturini ko'proq ichki siyosatga qaratib tuzganligi bilan ajralib turibdi. Undan tashqari ularning birortasi ham haligacha muxolifining fikrlarini savol ostiga olgani yo'q.

O'zbekiston yangi hukumatining Rossiya ta'siri ostiga tushib borayotgani haqida xorijda faoliyat yuritayotgan O'zbekiston Xalq Harakati tanqid qilib chiqqan.

Rossiya matbuoti O'zbekistonning vaqtincha Prezidenti Shavkat Mirziyoevni "Rossiyaning odami" deb hisoblashi O'zbekiston ichida xavotirlarni yanada oshirgan.

Rus matbuoti asli o'zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov o'z qarindoshlik aloqalari orqali Mirziyoev va O'zbekistonning yangi rahbariyatiga ta'sir o'tkazayotgani haqida yozgan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring