Turkiya Prezidenti O'zbekistonga safarini boshlamoqda

Erdo'g'on O'zbekistonga safar qiladi Image copyright Reuters
Image caption Erdo'g'on O'zbekistonga safar qiladi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on Pokistonga safari ortidan O'zbekistonga boradi.

Ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlar o'tgan asrning to'qsoninchi yillari boshida bir ilib, "abadiy do'stlik" shartnomasi bilan ramziylashtirilgan edi.

Ammo bu Turkiya rahbarining so'nggi 13 yil ichida O'zbekistonga qilayotgan ilk safaridir.

Turkiya O'zbekiston mustaqilligini birinchi bo'lib tan olgan mamlakatdir.

Biroq mustaqillik e'lon etilar ekan, O'zbekiston rahbari Islom Karimov mamlakatda tanqid va muxolifatga toqatsiz rejimini mustahkamlash yo'lida demokratik muxolifatni siqib chiqara boshlagandi.

Muxolifat liderlari Turkiyadan boshpana topishi ortidan esa Islom Karimov O'zbekistonning ilk taraqqiyot modeli bo'lgan mamlakatda yuz o'girishni boshladi.

Turkiyada tahsil olayotgan yuzlab o'zbekistonlik talaba majburan vatanga qaytarildi.

2011-12 yillarda Turkiyaning O'zbekistondagi shirkatlariga qarshi Toshkent keng ko'lamli kampaniya boshlab yubordi.

Turkiyalik 54 tadbirkor hibsga olindi, kamida 50 ta turk shirkati yopildi.

Madaniyat sohasida Turkiyada ishlangan barcha teleseriallar, filmlarga O'zbekiston TV kanallarida taqiq joriy qilindi.

Turkiya bilan O'zbekiston o'rtasidagi "Abadiy do'stlik" haqidagi shartnomaning umri qisqa bo'ldi.

Bu gal nima o'zgaradi?

Prezident Erdo'g'on O'zbekistonda muvaqqat prezidentlik vazifasini bajarayotgan Shavkat Mirziyoev bilan uchrashadi.

Kuzatuvchilarga ko'ra, O'zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin Turkiyada qudratga kelgan har bir hukumat Toshkent bilan aloqalarni yaxshilash harakatida bo'lgan.

Erdo'g'on ilk bor Bosh vazir o'laroq 2003 yilda O'zbekistonga qadamranjida qilgan edi.

Turkiya shirkatlari sobiq Sho'ro davlatlarida, ayniqsa Rossiya va Markaziy Osiyoning O'zbekistondan tashqari boshqa mamlakatlari iqtisodida salmoqli o'rin egallab keladi.

Bugungi kunda Turkiya o'zbek mehnat muhojirlari uchun ham eng jozibali mamlakatlardan biriga aylangan.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligining veb sahifasida bugungi kunda Turkiya sarmoyasi bilan O'zbekistonda 700 ta katta-kichik shirkat mavjudligi qayd etilgan.

Ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-sotiq 1.2 milliard AQSh dollariga teng.

Islom Karimovning o'limi bilan O'zbekiston bir ma'noda mintaqa davlatlari uchun ochila boshladi.

Halicha "kosmetik" deb ta'riflanayotgan esa-da, Shavkat Mirziyoev qudratni muvaqqat egallab turgan ekan, mamlakatning o'zida ham ba'zi islohotparvar qadamlar tashlanmoqda.

Islom Karimov davridagi mintaqa mamlakatlari bilan yovqarash va reaktsion siyosat yuritish bir ma'noda arib borayotgani haqida aytilarkan, Turkiya bilan ham munosabatlar iliqlashiga umidlar bog'lanmoqda.

G'arbda "yakkahokimlik an'analarini shakllantirmoqda", "demokratiyadan chekinmoqda" kabi ta'nalar ostida qolgan Turkiya hukumati, ayniqsa, Rajab Toyib Erdo'g'on uchun Pokistonga safar qanchalar muhim bo'lsa, Markaziy Osiyoning yuragi bo'lmish O'zbekistonga tashrif ham shunchalar ahamiyatlidir.

Turkiya so'nggi yillar o'zining iqtisodiy va siyosiy manfaatlarini G'arbda emas, Sharqda ko'rmoqda.

"Erdo'g'onning safari ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim bir imkoniyat yaratadi", deyiladi Turkiya Prezidenti veb sahifasidagi bayonotda.

Prezident web sahifasidagi ayni bayonotga ko'ra, Erdo'g'onning bu safari "mamlakatlar orasida yangi sahifa ochilishiga" xizmat qiladi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring