Amerikano ichasizmi yoki Rossiyano?

Dmitriy Medvedev Image copyright SERGEI SUPINSKY/AFP/Getty Images
Image caption Dmitriy Medvedev

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning Amerikano (Amerikacha) kofe nomini o'zgartirish borasida aytgan hazilomuz taklifi ijtimoiy tarmoqlarda kulgu bo'ldi.

Moskvada hukumatlararo yig'inda ishtirok etayotgan Mededev janoblari: "Menga Amerikano bering" dedim. Aslida bu siyosiy jihatdan xato. Keling, shu Amerikanoni boshqacha nomlaylik", deb qoladi.

Shunda Armaniston hay'ati a'zosi: "Rossiyano", deya luqma tashlaydi.

Bu borada tarqalgan ba'zi xabarlarda so'zlashuv hazilomuz mohiyati ochiqlanmadi ham. RIA Novosti axborot agentligi Medvedev janoblarining o'zi "Rossiyano" degan nomni taklif qildi, deyishgacha bordi.

The TJournal vebsahifasi esa yig'inda kim nima degani aks etgan videoni chop qilib, tafsilotlarga oydinlik kiritgan bo'ldi.

Ammo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bir kulib xumordan chiqish uchun fursatni boy berishmadi.

"Rossiyano kofesini tayyorlash juda oddiy - 250 gramm vodka", twitladi birov.

Boshqa birov voqeani o'z yo'lida tasvirladi: "Yashashning ma'nisizligi va joriy vaziyat mushkulligidan kelib chiqib, men espressoni depresso deb nomlashni taklif qilaman", dedi Medvedev va yig'lab yubordi".

Yana boshqasi esa AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp bunga qanday munosabat bildirishi mumkinligini tasavvur qilishga urindi va janob Trampning kofe ushlab turgan surati bilan: "Amerikanoni buyukligiga qaytaring!" deb yozdi.

Orada kimdir "kappuchino"ni Prezident Putin sharafiga "kaputtino" qilib o'zgartirish taklifini ham tashlab qoldi.

2014 yil Qrimning Rossiya tomonidan qo'shib olinishi Amerika tarafidan tanqid qilinar ekan, u erdagi ba'zi qahvaxonalar Amerikanoni qayta nomlashga rostmana qaror qilishgandi.

2003 yil Frantsiya Iroqqa qarshi urushga qarshilik ko'rsatar ekan, ba'zilar frantsuzcha qovurdoqlarni (French fries) "ozodlik", ya'ni "freedom fries" deya atay boshlashgan.

Hatto, Qo'shma Shtatlar Vakillar palatasidagi kafeteriylarda uch yilgacha frantsuzcha qovurdoqlar taklif qilinmagan. Frantsuzcha qizdirilgan non bo'laklarini ham "freedom toast", "ozodlik toust" deya nomlab olishgan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq