Lola Karimova otasi nomiga jamg'arma ochdi

Oq Uyda Image copyright Lola Karimova-Tillaeva
Image caption Lola Karimova-Tillaeva o'zining turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlaridagi akkauntlarida chop etgan bu suratini, "Oyimlar bilan otamning Oqsaroydagi ish kabinetlarida", deb nomlagan

Bu haqda O'zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning kenja qizi turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlaridagi shaxsiy akkauntlarida xabar bergan.

Lola Karimova-Tillaeva onasi Tatyana Akbarovna Karimova bilan Islom Karimov nomidagi jamoatchilik xayriya jamg'armasini ta'sis etganliklarini aytgan.

Bu xabar prezident Karimov vafotidan ikki yarim oy o'tib o'rtaga chiqqan.

Alohida ta'kidlash joiz, bungacha O'zbekistonda marhum prezident Islom Karimov nomida na jamg'arma va ochiladigan bo'lsa, na-da muzey bo'lgan.

Qolgan aksariyat mintaqa davlatlari liderlari bilan solishtirganda, bu masalada prezident Karimov o'zining kamtarligi bilan alohida ajralib turgan.

Mustaqil O'zbekistonning birinchi va o'tgan chorak asrlik vaqt davomidagi yagona prezidenti bo'lgan Islom Karimov shu yilning 2 sentyabr kuni miyasiga qon quyilishi oqibatida 78 yoshda hayotdan ko'z yumgandi.

Buni Lola Karimova-Tillaeva ham o'zining kirish so'zidayoq alohida ta'kidlagan.

"Otamning xotiralari va hayotiy tamoyillarini abadiylashtirish maqsadida onam bilan birga Islom Karimov nomidagi jamoatchilik xayriya fondiga asos soldik", - deb yozgan u o'zining "Facebook" dagi akkauntida.

So'nggi bildirishnomasidan O'zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar UNESCO jamg'armasi qoshidagi doimiy vakilasi bo'lgan marhum prezident kenja qizining Toshkentda ekani anglashiladi.

Yangi fond

Ayon bo'lishicha, O'zbekiston poytaxtida ta'sis etilgan bu yangi jamg'arma O'zbekistonning birinchi prezidenti xotirasiga muzey ochish, Islom Karimov haqidagi maqola va asarlarni chop etish rejasida.

Bundan tashqari, O'zbekistonning tarixiy, madaniy va adabiy merosini mamlakat ichkarisi va tashqarisida targ'ib etmoqchi.

"Yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatlarini rivojlantirish, oliy o'quv yurtlari o'qituvchilari, muallimlar va tibbiyot xodimlarining kasbiy malakalarini oshirish maqsadida turli ilmiy-ma'rifiy va madaniy dasturlarni amalga oshirmoqchi".

Iqtidorli yoshlarning O'zbekiston va jahondagi eng ilg'or universitetlarda ta'lim olishlari uchun grantlar ham bermoqchi.

Lola Karimova-Tillaeva "Islom Karimov nomidagi jamg'arma ko'plab fuqarolarning o'z imkoniyatlarini yuzaga chiqarishlari, mamlakat boy madaniy merosini qo'llab-quvvatlash va O'zbekiston tarixiy merosining gullab-yashnashiga ko'mak beradi", degan umidda.

Uning bildirishnomasi tafsilotlaridan yana ayon bo'lishicha, yangi fond o'zbek tilini rivojlantirish masalasiga ham alohida e'tibor qaratadi.

O'zbek mumtoz adabiyoti namunalari va zamonaviy mahalliy yozuvchilar asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilib, chop etish ishlari uchun ham grantlar beradi.

Ayon bo'lishicha, yangi fond Lola Karimova-Tillaeva bundan 14 yil burun asos solgan "Sen yolg'iz emassan" jamoatchilik bolalar jamg'armasi bilan hamkorlikda ish olib boradi.

O'zbekiston marhum prezidentining kenja qizi, bundan tashqari, mamlakatdagi boshqa bir yirik xayriya tashkiloti - Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi Vasiylik kengashi raisasi ham hisoblanadi.

Lola Karimova-Tillaeva shu yilning may oyida Global Gift jamg'armasining gumanitar sohadagi maxsus mukofoti bilan ham taqdirlangan.

Manba

Ammo O'zbekiston marhum prezidenti kenja qizi va rafiqasi birgalikda ta'sis etgan yangi jamoatchilik fondi moliyaviy kapitalining miqdori va manbasi borasida ma'lumotlar hozircha imkonli emas.

Ixtisosi bo'yicha iqtisodchi bo'lgan Tatyana Akbarovna Karimova esa, o'z vaqtida O'zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Iqtisodiyot institutida katta ilmiy xodim bo'lib ishlagan. Buning barobarida jamoatchilik ishlarida ham band bo'lgan. Joriy paytda esa, nafaqada.

Agar, internetda imkonli bo'lgan ayrim ma'lumotlarga tayanilsa, O'zbekiston Respublikasining UNESCO jamg'armasi qoshidagi doimiy vakilasi, O'zbekistondagi ikki yirik jamoatchilik bolalar xayriya tashkiloti Vasiylik kengashi raisi bo'lishdan tashqari, Lola Karimova-Tillaeva O'zbekiston Gimnastika Federatsiyasi prezidenti, Osiyo Gimnastika ittifoqining faxriy prezidenti va Moskva Davlat universitetining Toshkentdagi filiali rahbari muovini ham sanaladi.

2013 yilda Lola Karimova-Tillaeva BBC O'zbek Xizmatining, "Siz xayriya faoliyatingiz uchun moliyani qaerda olasiz?", - degan savoliga:

"Men buning uchun o'z xususiy mablag'imdan foydalanaman. Qo'shimcha homiylar dastagini biz jalb qilmaymiz. Allohga e'tiqodi kuchli bo'lgan shaxs sifatida men o'z mablag'imning bir qismini zakot sifatida nochor odamlarga berishni o'z burchim deb hisoblayman", - deya javob bergan.

Undan ikki yil avval Shveytsariyada chiqadigan rusiyzabon "Nasha Gazeta"ning "BIlan" iqtisodiy jurnali O'zbekiston marhum prezidenti to'ng'ich qizi Gulnora Karimova ortidan kenjasi Lola Karimova-Tillaevani ham Shveytsariyadagi "eng boy odamlar" ro'yxatiga kiritgan.

Ammo BBC O'zbek Xizmatiga bergan ana shu ilk intervyusida Lola Karimova-Tillaeva, "bu masalada Jenevadagi advokatlari "Bilan" nashriga maktub yo'llab, bu ko'rsatkichlar haqiqatdan yiroq ekanini aytgan"ini bildirgan.

"O'zimiz ham bizni Shveytsariyadagi boylarning qaysi qatoriga qo'shishayotganlarini ko'rib, hayron qolganmiz va bugungacha turmush o'rtog'im bilan bu borada hazillashib kelamiz", - deya qo'shimcha qilgandi.

Marhum Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimova esa o'tgan ikki yil davomida mutlaqo jamoatchilikka ko'ringani yo'q.

G'arbdagi mahkama ishlarida nomi bir necha bor tilga olingan Gulnora Karimova o'z otasining janozasiga ham yaqin yo'latilmadi.

Ayrim manbalarda Gulnora hamon uy qamog'ida, Toshkentda saqlanayotgani aytiladi.

O'zbekiston hukumati esa Islom Karimovning to'ng'ich qizi taqdiri borasida hozirga hech qanday ma'lumot bergani yo'q.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring