Myanmarda 30 ming odam yashab turgan joyini tashlab qochgan

Rohinga musulmonlari bolalari Image copyright Reuters

BMT tarqatgan xabarga ko'ra, Birmadagi so'nggi zo'ravonliklar oqibatida 30 ming inson o'zlarining uylarini tashlab ketishga majbur bo'lganlar.

Bunday bayonot bilan BMTning Insonparvarlik ishlarini muvofiqlashtirish idorasi (Office for the Coordination of Humanitarian Affairs - OCHA) chiqqan.

"9 oktyabrdagi shimoliy Raxine shtatidagi qurolli hujumlar va bu hujumlardan keyingi xavfsizlik amaliyoti oqibatida 30 mingcha inson yashab turgan joylaridan ko'chirilganlar va bu hodisalar yana minglab odamlarning hayotiga ta'sir ko'rsatgan", deb aytgan OCHA so'zchisi.

BMTga ko'ra, uyini tashlab qochganlarning yarmi o'tgan shanba-yakshanba Myanmar harbiylari bilan yuz bergan to'qnashuvlarda o'nlab odamlar o'ldirilgani ortidan ko'chirilganlardir.

Myanmar hukumatiga ko'ra, Rohinga musulmonlaridan iborat qurolli guruh Raxige shtatidagi politsiya postlariga hujum qilganlar, politsiyachilarni o'ldirib qurol-yarog'ni olib ketganlar.

Raxine shtatiga ko'p sondagi armiya kuchlari tashlandi.

Bu shtatda asosan Rohinga musulmonlari istiqomat qiladilar, Rohingalarni Myanmar hukumati o'z fuqarosi deb tan olmaydi.

Raxinega harbiylar tashlanganidan keyin faollar tinch Rohingalar o'ldirilgani, ayollar jinsiy zo'rlangani, uylarga o't qo'yilgani haqida xabarlar tarqatmoqdalar.

Myanmar harbiylari bu ayblovlarni rad etib kelishayapti.

Oxirgi bir hafta mobaynida armiya politsiyachilarga hujum qilgan qariyb 70 qurollini o'ldirganini xabar qildi.

Biroq faollar o'ldirilgan Rohingalarning soni bundan ham ko'p ekani, o'lganlar orasida bolalar va ayollar ham borligini aytishadi.

Image copyright AFP Getty

Myanmar hukumati jurnalistlar yoki faollarning Raxine shtatiga kirishlarini taqiqlagan, shuning uchun u yerdagi haqiqiy vaziyatni o'rganish imkonsiz qolmoqda.

Zo'ravonliklar tufayli ko'p sondagi Rohingalar qo'shni Bangladeshga o'tishga harakat qilmoqdalar.

Bangladesh hukumati esa Rohingalar yo'lini to'sish maqsadida Myanmar bilan chegaraga o'z harbiylarini tashlagan.

18 noyabr kuni Bangladesh chegaradagi qo'shinlar sonini ko'paytirishga qaror qildi.

Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, Bangladesh harbiylari Rohingalarning Bangladesh hududiga o'tishlariga ruxsat bermayaptilar.

Qirg'oqqa yaqinlashgan kemalar quvib solingan, qochqin Rohingalar o'tirgan kemalar dengizga chiqib ketgan.

Nobel mukofoti bilan taqdirlangan demokrat Aun San Su Chin xonim harakati saylovda g'alaba qozonib hokimiyatga kelganiga 1 yil bo'ldi.

Biroq San Su Chi xonim ham o'z mamlakatidagi Rohingalar duch kelayotgan muammolar haqida so'z ochishni istamaydi.

2012 yili Birmaning Raxine shtatida mahalliy buddaviy va Rohinga musulmonlari o'rtasida to'qnashuvlar kelib chiqqan, oqibatda 100 dan ortiq inson halok bo'lgani xabar qilingan.

O'n minglab Rohingalar o'z uylarini tashlab qochgan edilar.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring