Prezident Atamboev erta nikohni taqiqladi

Қирғизистондаги ёш келин куёвлар

Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atamboev voyaga etmaganlar bilan oila qurish oldini olish maqsadi ko'zlangan qonunlarga o'zgartirishlarni tasdiqlagan.

Prezident Atamboev imzolagan qonun Qirg'izistonning Oila kodeksi va Jinoyat kodeksiga o'zgartirishlarni nazarda tutadi.

Imzolanganidan 30 kun o'tib kuchga kiradigan ushbu o'zgartirishlarga ko'ra, voyaga etmagan insonning islomiy nikohdan o'tishiga aloqador bo'lgan insonlar jinoiy javobgarlikka tortiladilar.

Bular qizini erta turmushga bergan ota-onalar, nikohni o'qib qo'ygan imom bo'lishi mumkin.

Jinoyat kodeksining 14-bandiga erta nikohga yo'l qo'ygan ota-ona yoki dindorga uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo'llanishi haqidagi o'zgartirish kiritilgan.

Qirg'iz rasmiylariga ko'ra, qizlarni erta turmushga uzatish ularni maktabdan chiqarib olish va savodsiz bo'lib qolishlariga olib kelyapti.

Bu qizlar bundan keyin o'z o'qishlarini qayta tiklay olmaydilar, bu degani ular mustaqil ravishda yashash uchun daromad topish imkoniyatidan ayriladilar va umrlarini kambag'allikda o'tkazishga mamjbur bo'ladilar.

Rasmiylar erta nikoh qizning jismoniy o'sishiga ham, salomatligiga ham tahdid solishini aytmoqdalar.

Erta nikoh qizlarning oilaviy maishiy zo'ravonlik qurboniga aylanishi ehtimolini ham kuchaytiradi, shu bois mamlakatda mana shunday qonun qabul qilinishi lozim, deydilar yangi qonun tarafdorlari.

Oxirgi yillarda Qirg'izistonda Islom tartiblariga rioya qilib taqvodor hayot tarzini afzal ko'rayotgan insonlar, oilalar ko'payib borayotgani kuzatiladi.

Ayni paytda Qirg'iz rasmiylari ayrim fuqarolarning o'ta mutaassib islomiy oqimlar ta'sirlariga tushib qolayotganlaridan xavotirlarini ham bildirishadi.

Qirg'izistonda inson 18 yoshga to'lganidan keyin turmush qurishga ruxsat berilgan.

Rasmiylar mamlakatdagi ayollarning 15 foizi 18 ga kirmasdan turmushga uzatilganini aytadilar.

Shu yil may oyida erta nikohni taqiqlash haqidagi qonun Qirg'iziston parlamenti muhokamasiga kiritilgan, biroq 120 deputatning atigi 44 nafari yoqlab ovoz bergani uchun qonun qabul qilinmagan edi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbekInstagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.