Tulada o‘zbekistonlik migrant bir umrga qamaldi

Image copyright AFP
Image caption Sirojiddin Sheraliyev 2015 yil 29 may kuni Kosaya Gora qishlog'ida bir oilaning 5 a'zosini pichoqlab o'ldirgan

Rossiyaning Tula viloyati mahkamasi O'zbekiston fuqarosi Sirojiddin Sheraliyevga bir umrlik qamoq jazosi bergan.

Sirojiddin Sheraliyev bir necha kishini o'ldirish va jinsiy tajovuzda aybdor topilgan.

Tuladagi ushbu qotillik o'tgan yilning eng shov-shuvli voqealaridan deya ta'riflanadi.

Sirojiddin Sheraliyev 2015 yil 29 may kuni tongga yaqin Kosaya Gora qishlog'ida bir oilaning 5 a'zosini pichoqlab o'ldirgan.

Qurbonlarning 3 nafari yosh bolalar bo'lgan.

Yana bir erkak va qizaloq Sirojiddinning hamlasidan jarohatlangan, ammo ular qochib, jon saqlashga muvaffaq bo'lishgan.

Sirojiddin Sheraliyev o'zi kim?

Matbuot xabarlariga ko'ra, Z1 yoshli Sirojiddin Sheraliyev 2011 yilda Rossiyaga ishlashga kelgan.

Kasalvand ota-onasi va ikki nafar singlisini moddiy ta'minlash uning zimmasida bo'lgani aytiladi.

Sirojiddin tanishlari orqali Kosaya Gora qishlog'iga boradi va u yerda mardikorlik qiladi.

Aytilishicha, qayerda ishlasa, o'sha yerda yashab turgan. Oradan bir necha oy o'tgach, qishloqqa ancha o'rnashib oladi va muqim joy va ish topadi.

Mahalliy bir ayolning uyida yashab, sigirlariga qaragani va buning uchun kuniga 500 rubl xizmat haqi olgani ma'lum bo'ldi.

Tergov jarayonida oydinlashgan ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi paytlar u hujjatlari muddatini uzaytirmagan, uyiga ham pul yubormay qo'ygan.

U Kosaya Gorada yashab yurgan payti 49 yoshli Yelenaning oilasi bilan tanishadi. Ko'p o'tmay, uning 4 farzandli qizi Nadya bilan yashay boshlaydi.

29 yoshli Nadya bilan munosabatlari uzoqqa cho'zilmaydi. Ular ajrashishadi.

Bu orada Sheraliyev ichkilikka berilgan.

Qotillik

Biroz vaqt o'tib, u Nadyaning boshqa bir yigit bilan munosabatidan xabar topadi.

Ular ajrashishgan bo'lsa-da, bordi-keldilari uzilmaydi.

Qotillik yuz bergan tunda Sheraliyev Nadejda va uning yangi xushtori bilan birga ichkilikbozlik qiladi va ularning uyida tunab qoladi.

Yarim kechasi uyqudan uyg'onib ketadi va Nadejdaning onasi uni yoqtirmagani yodiga tushib qoladi.

Oshxonadan pichoq olib, uxlab yotgan Yelenaga bir necha marta pichoqni sanchadi. Uning chinqirig'i boshqalarni ham uyg'otib yuboradi.

"O'sha paytda tushundimki, bu uydan hech kim tirik chiqmaydi", deya eslagandi sud jarayonida Sheraliyev.

Qotil hatto eng kichik guvoh ham unga qarshi guvohlik berishi mumkinligini anglagan va birin-ketin uydagilarni pichoqlay boshlagan.

Sud jarayonida Nadejdaga 8 bora pichoq sanchgani aytilgandi. Ammo uning yaralangan xushtori qochib qolishga muvaffaq bo'ladi.

Sirojiddin Sheraliyev Nadejdaning politsiyaga xabar qilgan qizini jinsiy zo'rlab o'ldiradi.

Nihoyat, qochishga uringan Sheraliyev ulgurmaydi, politsiya yetib kelgan va uyni o'rab olgandi.

"Men o'ldirganim yo'q"

Matbuot xabarlariga ko'ra, qo'lga olingan Sheraliyev qotillikni sodir etmaganini aytib, qichqira boshlaydi. Keyinchalik tergov chog'ida esa hammasini birdaniga aytishga uyalgani, o'z aybini yengillatish uchun bir martadan pichoq urganligini aytgan.

Tergov surishtiruv ishlari bir yarim yil davom etdi. Sirojiddin Sheraliyevning ruhiy sog'lomligi aniqlandi.

U oxirgi vaqtlar tergovchidan bir umrlik jazo bo'lmasligi uchun imkoniyati bor yo'qligini ko'p so'ragan.

Hatto, sudga shikoyat xati ham yo'llagan.

"Meni qotillikni ongli ravishda sodir qilganman, deb aytashimni talab qilishayapti. Qanday bo'lsa, shundayligicha aytaman. Bu oilani men bilaman. Atay o'ldirganim yo'q. Ko'p ichgandim, nima bo'lganini bilmayman. Har qanday savolga javob beraman", - deya yozgan shikoyati sud zalida o'qib eshittirildi.

Tergov

"Yuzdan ortiq guvohlar so'roq qilindi. Jinoyat ishining o'zi 16 tomdan iborat", deydi Rossiya Federatsiyasi Tula oblastida o'ta muhim ishlar bo'yicha tergovchi Aleksandr Romanyuk. Yuzdan ziyod daliliy ashyolar bo'yicha genetik ekspertizalar, qirqqa yaqin tekshiruvlar o'tkazildi. Tergov surishtiruv jarayonlari ayblanuvchining vatani O'zbekiston Respublikasida ham bo'lib o'tdi.

Ayblanuvchi Sirojiddin Sheraliyev o'z iltimosiga ko'ra, o'tgan davr mobaynida qamoqda yolg'iz saqlandi. Unga 4 modda bo'yicha ayblov e'lon qilindi.

5 shaxsning o'ta shavqatsizlik bilan sodir qilingan qotilligi, shu jumladan voyaga yetmaganlar, boshqa jinoyatni yopish maqsadidagi qotilliklar, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo'ravonlik va o'g'irlik shular jumlasidandir.

Nihoyat, Sirojiddin Sheraliyev o'zining vahshiyona qotilligini tan olgan. Va suddagi so'nggi so'zida "bu oila uchun jazo olishga tayyor"ligini bildirdi.

Tula oblasti tergov qo'mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, o'zbekistonlik Sirojiddin Sheraliyev qolgan umrini o'ta xavfli jinoyatchilar koloniyasida o'tkazadi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TЕLЕGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring