100 ayol: Nikohga "yo'q" degan qiz

Nikohga "yo'q" degan qiz
Image caption Nikohga "yo'q" degan qiz

Balkissa Chaybu shifokor bo'lishni orzu qilgandi. Ammo 12 yoshga to'lganida, o'z amakivachchasiga unashtirilganini bilib larzaga kelgan.

U o'z huquqlari uchun kurashishga qaror qildi. Bu kurash hatto o'z ota-onasini sudga tortishni anglatsa ham.

"Soat 18:00lar atrofida maktabdan uyga qaytdim. Onam oldiga chaqirib, bir guruh mehmonlarga ishora qildi. "Anovinisi senga uylanadi", dedi. Men avvaliga u hazillashyapti deb o'yladim. Lekin "Bor sochlaringni yuvib, qayta o'rib kel", deganida, u jiddiy ekanini angladim", - deb eslaydi Balkissa.

Nigerlik bu qiz har doim o'z orzulariga ega bo'lgan.

"Bolaligimda shifokor bo'lishni istardim. Odamlarga yordam berish, oq xalat kiyishni orzu qilardim", - deydi u.

Ammo, qo'shni Nigeriyadan o'z otasi bilan mehmonga kelgan amakivachchasiga turmushga chiqsa, bu orzui puchga chiqqan bo'lardi.

Niger balog'atga yetmaganlar turmushi bo'yicha jahonda birinchi o'rinda turadi. Bunga asosiy sabab - mamlakatdagi qashshoqlik.

"Mantiq mana bunday: Bolalarim ko'p. Agar bittasini turmushga uzatib qutulsam, demak kamroq bolani qornini to'ydirishga majbur bo'laman", - deydi Nigerdagi BMTning Aholi jamg'armasi vakili Monik Kleska.

Balkissaning ota-onasida beshta qiz bor edi, shunday ekan ulardan birining turmushga uzatilishi iqtisodiy jihatdan mantiqiy bo'lgan.

Lekin, Nigeriyadagi erta turmushlarning yana bir sababi shuki, ko'plar bu bilan turmushdan tashqari homilani bartaraf etilishiga ishonadilar.

"Hozirgi zamon bolalari yaxshi tarbiyalanmaydi. Agar erta uylab qo'yilmasa, oilasi sha'niga dog' tushirishi mumkin", - deydi Balkissaning onasi Hadiza Almahamud.

Balkissa 16ga to'lganida, qalin puli, sandig'i va kelin ko'ylagi olib kelindi.

"Ichimdan bir og'riqni sezdim, yuragim chil-chil bo'ldi. Men axir o'qib, o'z taraqqiyotim uchun kurashyapman, bu odamlar esa bunga to'siq bo'ladi, deb o'yladim", - deydi u.

U maktabni bitirgach, turmushga chiqmaslikka qaror qildi. Onasi uni tushundi, ammo ayol bo'la turib, biron nimani o'zgartira olmasdi.

Shunda Balkissa otasiga bordi. Erga tegishga rozi ekani, ammo bir shart bilan - bakalavriat diplomini olmaguncha, erini faqat tatilda ko'ra olishini aytdi.

Ammo, otasi bunga rozi bo'la olmadi. Chunki Tuareg qabilasi qonunlariga ko'ra, u kuyovning otasi, ya'ni o'z akasining xohishiga qarshi chiqa olmasdi.

Balkissa so'ngra maktab direktoriga murojaat qildi, u o'z navbatida qizni Huquqiy yordam va fuqarolik arzi markazi nomli nohukumat tashkilotga yo'lladi.

Bu tashkilot yordamida yosh qiz otasi va amakisini uni turmushga majburlaganlari uchun sudga tortdi.

Ammo, sudga tortilgan amakisi o'zaro tushunmovchilik yuzaga kelganini aytishi ortidan, sud ishi bekor qilindi. Biroq, Balkissa uyiga qaytganida, amakisi uni o'ldirishini aytib tahdid qildi.

Balkissa ayollar uchun boshpanaga qochishga majbur edi.

Ko'p o'tmay, g'azabnok amakisi kuyov bilan Nigeriyaga qaytib ketgach, Balkissa uyiga qaytishga muvaffaq bo'ldi.

"Maktab formamni kiyganimda... Huddi qayta tug'ilgandek bo'ldim. Hayotim qayta boshlangandek his qildim", - deydi u kollejdagi ta'limni boshlagan kunini eslab.

Uning ota-onasi ham o'z qarashlarini o'zgartirishgan.

"Biz bunday narsalardan qo'rqib qoldik. Katta bo'lganda, o'zi er tanlash imkoniga ega bo'ladi. Biz buni qila olmaymiz", - deydi uning onasi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring