Islom Karimovning tashqi siyosiy merosi barhayotmi?

Karimovdan keyin O'zbekiston tashqi siyosati o'zgaradimi? Image copyright Reuters
Image caption Karimovdan keyin O'zbekiston tashqi siyosati o'zgaradimi?

Londondagi Afrika va Osiyo tadqiqotlari Universitetida marhum prezident Islom Karimov davridagi O'zbekiston tashqi siyosatiga bag'ishlangan ilmiy anjuman bo'lib o'tdi.

Anjuman qatnashchilaridan biri, nufuzli Sent-Endryus Universitetidan Bernardo Teles Fazendeyroga ko'ra, Islom Karimovning o'limi O'zbekiston tashqi siyosatining kelib chiqish ildizlari va oqibatlariga chuqurroq nazar tashlashga imkon yaratgan.

Bernardo Teles Fazendeyro Karimov davridagi mamlakat tashqi siyosatini "muhofazakor mustaqillik" deya ta'riflaydi.

"O'zbekiston tashqi siyosatini tadqiq qilganlar ko'pda uni "ko'pvektorlik yoki yirik kuchlar ta'sirini muvozanatlashga harakat qilingan yo'l", deya baho beradilar. Bu kabi ta'riflarning ba'zilarini qabul qilgan holda men O'zbekistonning halqaro sahnada o'zini qanday taqdim qilish urinishiga ahamiyat berdim. O'zbekistonning "mustaqillik" ideologiyasini men "o'z-o'ziga tayanishga intilish", deb atagan bo'lardim.

Unga ko'ra, bu siyosatning 5 qirrasini ajratib ko'rsatish mumkin.

1. Xalqaro sahnada "tenglar aro teng" bo'lishga to'xtovsiz urinish.

2. Ikki tomonlama munosabatlarga urg'u

3. O'zbekiston imidjini tajovuzkor yo'lda himoya qilish

4. O'z-o'ziga tayanishga intilishi

5. Keng qamrovli g'oyalardan o'zini olib qochish

"Albatta O'zbekiston hukumatining tashqi siyosat sohasida qabul qilgan har bir qarorini "o'z-o'ziga tayanish" intilishidan kelib chiqib olingan, deb ayta olmayman. Lekin boshqa mamlakatlar bilan aloqalarida bu kabi qarash ko'plab narsalarga oydinlik kiritadi", deydi Bernardo Teles Fazendeyro.

"Mamlakat o'zini bir etnik guruh yetakchilik qilayotgan davlat sifatida emas, hududiy birlik sifatida tadqim qilib keladi. Ma'naviyat sohasida o'zbek madaniyati, ahloqi, qadriyatlari haqida so'z ketsa ham, tashqi dunyoda mamlakat koservativ va kengayishlardan tiyiluvchi hududiy davlat sifatidagi rolini targ'ib etadi. Masalan, 1990 yillar boshlarida Afg'onistonlik general Do'stum "biz o'zbeklarmiz", deya yordam so'ragan vaqti prezident Karimov bu kabi ohangni qabul qilmay, "balki o'zbekdir, lekin O'zbekiston fuqarosi emas", deya rad etgandi".

"O'zbekiston Rossiyaning xorijdagi ruslar manfaatlarini himoya qilish siyosatini hamisha xavfli deya ko'rib kelgan", deydi tadqiqotchi.

Unga ko'ra, O'zbekistonning 2010 yil O'sh qonli hodisalariga munosabati ham huddi ana shu kabi yondoshuvdan kelib chiqqandi.

Marhum Karimov tomonidan aynan bu kabi tashqi siyosatning tanlanishi ortida qanday sabablar yotadi? Eng avvalo o'zi va mavqeini saqlab qolish istagimi?

"Islom Karimov hamisha konservativ siyosatchi bo'lib kelgan. Shuning uchun Sho'rolar Ittifoqi qulaganidan so'ng ba'zi hududlarda quloch yoygan millatchi g'oyalar targ'ib qilina boshlansa, bu o'z navbatida xavfli jarayonlarni keltirib chiqarib, Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralarining keskin o'zgarishiga olib kelishi mumkinligini sezgan. Vaholanki, O'zbekiston o'zining hududiy birlik sifatida taqdim qilishga uringan ekan, bu narsa barqarorlikni ustuvor faktor qilib ko'rsatayotgan rahbariyatga umuman kerak emas edi".

Boshqa tomondan, Bernardo Teles Fazendeyroning aytishicha, 90-yillarda "Erk" va "Birlik" kabi muxolif kuchlar Turkiya doxil Markaziy Osiyo xalqlari orasidagi birodarlik va yaqin hamkorlik haqidagi g'oyalar haqida gapirgan vaqtlari Islom Karimov bu g'oyalardan o'zgacha g'oyani ilgari surish maqsadida ularni xavfli, deya o'zini olib qochgan.

Demak, Islom Karimovning tashqi siyosatini oddiy qilib aytganda "o'z kichik uyingda tartibni saqlab, kengroq jahondagi jarayonlardan uzooqroq tur" qabilida talqin qilsak bo'ladimi?

"Huddi shunday. Sho'rolar Ittifoqi davrida qayta qurish va oshkoralik davridagi Karimov amallariga nazar tashlasangiz, uning mavqei hamisha mavjud vaziyatni saqlab qolish tarafdori bo'lganligini ko'rishingiz mumkin", deydi olim.

"Janob Karimov xalqaro sahnada mamlakat imijini himoya qilish yo'lida faqatgina ba'zida "tajovuzkorroq" bo'lganligini kuzatganmiz. Lekin bu tajovuzkorlik ko'pda aks natijani olib kelgan. Masalan, ba'zida janob Karimovning sabri tugab, jurnalistlar, yoki hatto boshqa davlat rahbarlariga (2015 yili MDH sammitida Almazbek Atambaevga kabi) "nasihat" qilishga tushgan vaqti bu holat tashqi dunyoda yaxshi qabul qilinmagan va O'zbekiston obro'siga ijobiy ta'sir ko'rsatmagan".

Huddi shu ma'noda Ovrosiyo g'oyasi, turkiy xalqlar birdamligi g'oyalari yoki qo'shma harbiy ittifoqlar g'oyalari O'zbekiston rahbariyati tomonidan rad etib kelingan.

Bernardo Teles Fazendeyroga ko'ra, Islom Karimov vafotidan so'ng tashqi siyosatda bu kabi tamoyillar o'zgaradimi-yo'qmi, hozircha aytish qiyin.

"O'zgarish uchun potentsial bor. Lekin hozirga qadar prezident vazifasini ado etuvchi janob Mirziyov nutqlariga nazar tashlasangiz, marhum Karimov nimalar degan bo'lsa, shularning deyarli aynan o'zini ko'rasiz. Lekin Qirg'iziston va Tojikiston bilan aloqalar o'zgarayotganining ba'zi belgilari bor. Lekin bu belgilar amalda biron qat'iy qadamlarga aylanadimi - yo'qmi hozircha bashorat qilish qiyin".

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring