Tojikistonliklarga: qishga ko'proq ovqat va kiyim g'amlang!

Tojikistondagi xonadon Image copyright RIA Novosti

Tojikiston favqulodda holatlar qo'mitasi mamlakatda havo harorati keskin sovib ketishi ehtimolidan ogohlantirgan, aholini ko'mir, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suvi, dori-darmon, issiq kiyim va sham g'amlab qo'yishga chaqirgan.

Ob-havo mutaxassislari shu haftada poytaxt Dushanbeda havo harorati -14, -17 darajagacha sovishi, tog'li hududlarda -20 va undan ham pasayib ketishini bashorat qilganlar.

Qalin qor ham kutilmoqda.

Meteorologlar ayoz hafta oxirigicha saqlanadi, demoqdalar.

Muxbirlarimizga ko'ra, so'nggi 15 yilda shundoq ham elektr energiyasi taqchilligini boshidan kechirayotgan Tojikistonda havoning sovishi elektr ta'minotida jiddiy uzilishlarga olib keladi.

Elektr ta'minoti uzluksiz faqat Dushanbe shahri va Tog'li Badaxshon muxtor viloyatiga uzatiladi.

Respublikaning boshqa hududlari, ayniqsa, qishloq joylarida elektr ba'zan 10 soatga ham uzib qo'yiladi.

BBC muxbiri aytishicha, qishki ayozlar hatto shaharliklarni ham pechkadan oqilona foydalanishga, o'tin sifatida qaysi yog'och yaxshi va uzoq yonishiga o'rgatib qo'ydi.

Uyni isitishning eski zamonlarda foydalanilgan va oxirgi 60-70 yilda unutilib ham ketilgan usullariga qaytilgan.

Bunday yondashuv o'zbekistonliklar uchun ham yangilik emas, bir kecha-kunduzda uzatiladigan elektr quvvati bir necha soatni tashkil etgan, qish oylarida esa ba'zi joylarda butkul uziladigan, tabiiy gaz bilan ham xuddi shunday vaziyat kuzatiladigan aholi maskanlarida insonlar yangi-yangi isinish yo'llarini topayotganlarini ko'rish mumkin.

Tojikistondagidek havo harorati keskin sovishini O'zbekistonda ham kutish mumkin.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring