Gulnora Karimovaning o'lgani rostmi?

Gulnora Karimova Image copyright Getty Images
Image caption Karimova o'limi borasidagi da'volarni rasmiy Toshkent sharhlamadi

Markaziy Osiyo bo'yicha xabarlar tarqatuvchi Tsentr-1 sayti sobiq O'zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova 5 noyabrda zaharlanib o'lganini xabar qildi.

Taniqli toshkentlik jurnalist Galima Buxarbaeva yurituvchi saytda aytilishicha, bu xabarni saytga O'zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatidagi anonim manba bergan.

Mazkur manbaning saytga aytishicha, 44 yoshli Gulnora Karimova zaharlangan va 5 noyabrda olamdan o'tgan.

Manba uning Toshkentdagi "Minor" qabristonida dafn qilingani, qabri esa tekislab qo'yilganini ham aytgan.

Tsentr-1 maqolasida yozilishicha, MXXdagi manba Karimova xonimni ko'mish jarayonida shaxsan o'zi ishtirok etgan, so'ngra "uning farzandlari - o'g'li Islom va qizi Imon qismatlari uchun xavotir" olib telefon orqali intervyuga rozi bo'lgan.

Gulnora Karimovaning o'limi haqidagi mazkur iddao ijtimoiy tarmoqlar va xorijiy matbuotda yashin tezligida tarqaldi.

Britaniyaning Daily Mail gazetasi "Milliarder o'zbek malika ZAHARLANDI" deya katta maqola chop qildi.

Ammo, BBC o'zbek xizmatining O'zbekistondagi rasmiy manbalari bu ma'lumotni tasdiqlashmadi.

Shuningdek, Facebookdagi "Deti Karimova" (Karimovning farzandlari) sahifasi bu iddaolarni rad qildi.

"Hurmatli do'stlar! Internetda Islom Karimovning to'ng'ich qizi o'limi borasida yolg'on axborot tarqaldi. Gulnora Karimova - hayot!" deyiladi sahifaning oxirgi yozuvida.

Ayni damda Interfaks va RIA Novosti xabar agentliklari Karimova xonimning o'lgani borasidagi ma'lumot yolg'on ekanini o'z manbalariga tayanib xabar qilishdi.

Gulnora Karimovaning ahvoli, uning qaerda va qanday sharoitlarda saqlanayotganini aniqlash murakkabligicha qolmoqda.

O'zbekistondagi yopiq axborot muhiti tufayli mamlakatning ilk prezidenti Islom Karimovning qachon vafot etgani borasida ham mish-mishlar tarqagandi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring