Turkiya jangari deb ko'rgan o'zbekni hibsga oldi

Azizjon Bekraev va Navro'z Qosimov Image copyright Hurriyet
Image caption Azizjon Bekraev va Navro'z Qosimov

Turkiyaning Hurriyat gazetasi yozishicha, Islomiy Davlat (IShID) jangari guruhining a'zosi bo'lgan O'zbekiston va Tojikiston fuqarolari Istanbulda o'zlarini portlatishga tayyorlanganlikda ayblanib hibsga olinganlar. Aytilishicha, ikkovlon suiqasd hujumini amalga oshirishi uchun ro'yxatga ism-shariflarini yozdirganlar.

Xabarga ko'ra, Turkiya anti-terror kuchlari seshanba kuni o'tkazgan maxsus amaliyotda 36 kishi hibsga olingan.

Bunyod ismi ostida amal qilgan 23 yoshli o'zbekistonlik Azizjon Bekraev, hamda Zubayr ismi bilan amal qilgan 26 yoshli tojikistonlik Navro'z Qosimovlar Suriyadagi jang maydonlarida bomba tayyorlashni o'rganganlari va Istanbulda suiqasd hujumini amalga oshirishga shaylanganlari gumon qilinadi.

Maqolaga ko'ra, maxsus amaliyotda yana bir o'zbekistonlik va bir ozarbayjonlik suiqasd bombalari bilan birgalikda qo'lga olinganlar.

Xabar qilinishicha, turkiya xavfsizlik kuchlari mazkur shaxslarni uzoq vaqt kuzatganlar, ularning ism-shariflari IShIDga bog'liq shaxslar ro'yxatida qayd etilgan.

Yana bir qator gumondorlar o'z mamlakatlariga deportatsiya qilinishlari aytildi.

Suriya va Iroqdagi "Islomiy davlat" saflarida bir necha yuz o'zbekistonlik jang qilishi ishoniladi. Ularning aksari Turkiya orqali Suriya va Iroqqa o'tishga muvaffaq bo'lishgan.

Turkiyada, shuningdek, O'zbekistondagi diniy ta'qiblardan qochgan yuzlab odamlar rasmiy va norasmiy boshpana topganlar.

G'arb hukumatlari Turkiyani Islomiy Davlat safiga qo'shilishga otlanayotgan shaxslarni to'xtatish yo'lida jiddiy choralar ko'rmaslikda ayblagan.

O'tgan hafta Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on O'zbekistonga safar qilib amaldagi prezident Shavkat Mirziyoev bilan uchrashdi.

Ikki rahbar o'zaro hamkorliklardagi yangi sahifa, xususan vizasiz bordi-keldi haqida gapirganlar, ammo terrorga qarshi kurash sohasida hamkorlik ham muhokama qilingani yoki qilinmagani noma'lum.

Turk xavfsizlik kuchlari o'tgan iyun oyida Istanbuldagi Otaturk aeroportida qilingan suiqasd hujumlar ortida bir o'zbekistonlik ham borligini aytgan, ammo keyinroq bu ma'lumot isbotlanmagandi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring