Islom Karimov: "Onam tirik"

Yosh Islom Karimov
Image caption Yosh Islom Karimov

Gulnora Karimovaning o'g'li Islom Karimov BBC bilan muloqotda o'z onasining o'limi borasidagi xabarni "mish-mishlar, xolos", deb atadi.

BBC undan onasi qaerda ekanini so'raganida, 23 yoshli Islom Karimov quyidagilarni yozdi:

"Onam 2014 yil fevralidan beri hali ham uyda ushlab turilibdi. Singlim endi uy hibsida emas, lekin mamlakatni tark eta olmaydi. Men hozir Londondaman", - dedi u.

Biroz avval Facebookdagi "Deti Karimova" ("Karimov farzandlari") sahifasi ham Islom Karimov bilan bog'langani va undan onasi o'limi haqida so'raganini ma'lum qildi.

Ammo, Islom Karimovning BBCga aytishicha, bu sahifadagi uzun matnda uning so'zlari o'zgartirib berilgan, ammo ma'nosi, umuman olganda, saqlab qolingan.

Ushbu matnda Prezident Karimovning vafoti ham tilga olingan.

"Menga va yaqinlarimga bobom bilan hayrlashishga imkon berishmadi. Men u yerda bo'lishni juda xohlagandim. Bobom o'lganidan beri juda tushkunlikda edim va hech kim bilan gaplasha olmayotgandim. Onam qo'ng'irog'imga darrov javob bermadi. Men Londondagi O'zbekiston elchixonasiga murojaat qilmoqchi edim, ammo singlim qo'ng'iroq qildi va bu mish-mish ekanini aytdi", - deyiladi yosh Islom Karimovdan ekani aytilgan matnda.

Xavf

2014 yilda, hali bobosi tirikligida BBCga bergan intervyusida Islom Karimov o'zi va onasi hayoti xavf ostida ekanini aytgandi.

"Mening o'zim ham dushman va nishonga aylanganman. Men butun boshli rejimga qarshi kurashmoqdaman", - degan u.

U go'yoki o'zi va onasiga qarshi qilingan suiqasd amali haqida ham gapirib bergandi.

"Meni va onamni 2 yil avval zaharlashga uringanlar. Og'ir metallar bilan. Mening tanamdan olti tur metall qoldig'ini topishdi. Onamning tanasida esa anchayin ko'proq edi..", - deb aytgan yosh Islom Karimov.

"MXXdagi manba"

Bir kun avval Markaziy Osiyo bo'yicha xabarlar tarqatuvchi Tsentr-1 sayti sobiq O'zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova 5 noyabrda zaharlanib o'lganini xabar qildi.

Saytda aytilishicha, bu xabarni O'zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatidagi anonim manba bergan.

Mazkur manbaning saytga aytishicha, 44 yoshli Gulnora Karimova zaharlangan va 5 noyabrda olamdan o'tgan.

Manba uning Toshkentdagi "Minor" qabristonida dafn qilingani, qabri esa tekislab qo'yilganini ham aytgan.

Tsentr-1 maqolasida yozilishicha, MXXdagi manba Karimova xonimni ko'mish jarayonida shaxsan o'zi ishtirok etgan, so'ngra "uning farzandlari - o'g'li Islom va qizi Imon qismatlari uchun xavotir" olib telefon orqali intervyuga rozi bo'lgan.

Gulnora Karimovaning o'limi haqidagi mazkur iddao ijtimoiy tarmoqlar va xorijiy matbuotda yashin tezligida tarqaldi.

Ammo, BBC o'zbek xizmatining O'zbekistondagi rasmiy manbalari bu ma'lumotni tasdiqlashmadi.

Interfaks va RIA Novosti xabar agentliklari Karimova xonimning o'lgani borasidagi ma'lumot yolg'on ekanini o'z manbalariga tayanib xabar qilishdi.

Gulnora Karimovaning ahvoli, uning qaerda va qanday sharoitlarda saqlanayotganini aniqlash murakkabligicha qolmoqda.

O'zbekistondagi yopiq axborot muhiti tufayli mamlakatning ilk prezidenti Islom Karimovning qachon vafot etgani borasida ham mish-mishlar tarqagandi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring