Erta qish: Tappi narxi 3 mingga chiqdi

Pechka

Rishtonlik litsey o'qituvchisining aytishicha, O'zbekistonda noodatiy ravishda erta tushgan sovuq kunlari aholi "mo''jiza tufayli" kun kechirmoqda.

"Uyda gaz bir necha yildan beri yo'q, hozir mana shu onlarda svet ham yo'q".

Rishtonlik o'qituvchining aytishicha, ko'p qavatli uylar, namunali uylarda gaz bor, lekin taxminan 70 foiz shaxsiy uylarda tabiiy gaz ta'minoti to'xtatilgan.

"Kimdir o'tin olayapti, kimdir ko'mir. Ko'mirning bir kilogrammi 500-600 so'mga chiqdi. Bir "Kamaz" o'tinning narxi 1 yarim million so'mdan 2 million so'mga qadar. Bir o'qituvchining maoshi 1 million so'm atrofida. Xullas bir qishdan bir amallab chiqish uchun o'tin sotib olishga bu o'qituvchi 2 oylik maoshini yemay, ichmay, kiymay, butunlay ishlatishi lozim".

Unga ko'ra, u ishlayotgan litseyda ham ahvol uydagidek.

"Deyarli har kuni litseyda chiroq o'chayapti. Sinfxonalarni isitish uchun o'qituvchi va o'quvchilar pul yig'ib o'tin, ko'mir olishga majbur bo'lmoqdalar".

Samarqand viloyatining gaz yetib bormagan hududlarida saylov arafasida chiroqni odatdagidan 1,5 soat ko'proq berishmoqda ekan.

"Oldin ertalab va kechki mahal bir yarim soatdan 3 soat svet berilgan bo'lsa, endi tushlik mahali ham bir yarim soat qo'shishdi. Saylovdan keyin yana oldingidek bo'lsa kerak", - deydi samarqandlik suhbatdosh.

Bu yil qish oldingilaridan ertaroq kelgani uchun Samarqand tumanlariga ham qor dekabr kelmasidan tushgan. Samarqandliklarning aytishicha, achchiq sovuq bo'lmoqda.

"Ayni damda uyni isitish uchun tarasha, tappi, tezak va qiyni aralashtirib, navbati bilan yoqayapmiz. Bizda mol-hol bo'lgani uchun o'zimiz yozi bilan jamg'arganlarimizni yoqayapmiz. Ammo hammada ham mol-qo'y yo'q. Ular boshqa hamqishloqlaridan sotib oladi", - deydi u.

Suhbatdoshimizning aytishicha, qishloqda tappi qilib sotish biznesi yo'lga qo'yilgan. Moli ko'plar o'z ehtiyojidan ortgan tappi va qo'y qiylarini boshqa hamqishloqlariga pullaydi.

Eng kichik tappilarning bittasi 500 so'mdan boshlanadi, keyin kattaligiga qarab narx o'sib boraveradi. Eng katta tappining narxi 3000 so'm yoki qora bozordagi kurs bo'yicha 42 tsentni tashkil qiladi.

Image copyright matbuotdan

Bir qop qo'y qiyining quritilgani 15 ming so'm (2.14 dollar)dan boshlanadi. Qishloqlarda ko'mir ham sotiladi, ammo uning narxi tappi va qiylardan qimmatroq bo'lgani uchun har kim ham olavermaydi.

Suhbatdoshlarimizning aytishicha, ishsizlik yuqori bo'lgan qishloqlarda har kim ham tappi va qiy sotib ololmaydi. Shunday holatda ayrimlar daraxtlarini kesib, qishdan chiqadi. Ba'zi holatlarda qishloqlarda o'tin o'g'rilari paydo bo'ladi.

"O'g'ri bo'lib foyda qilish uchun o'g'irlamaydi, muhtojlar o'g'irlaydi. Chunki uyni isitishga ayrimlarning daraxti ham yo'q. Qishdan amallab chiqib olish uchun birovning o'tinxonasiga tushadi. Shuning uchun ham o'tinxonaga qulf-kalit qilib qo'yganman", - deydi samarqandlik turg'un.

Ammo o'zi to'q odamlarning ayrimlari gaz ballonlarni ishlatishga harakat qilmoqda.

"Gaz ballon bilan isitishga ixtisoslashgan pechkalar chiqdi. Ballonni tashqariga qo'yiladi va ichkariga shlang bilan gaz kiritiladi. Shlangni pechkaga ulaysiz. Bitta yoqsangiz uyni bir pasda isitib tashlaydi. Lekin uni hamma ham ololmaydi. O'ziga to'qlar shunday qilayapti".

Bir necha yildan beri gaz berilmayotgan Jizzax viloyatining ayrim tumanlarida bu yil saylov arafasida gaz berila boshlagan.

"Bir hafta oldin necha yildan beri yo'q gaz berishdi. Lekin bugun yana o'chirib qo'yishibdi. Bir joylarni sozlashayotgan ekan. Bu qish gaz bo'ladi, deyishdi", - deydi jizzaxlik suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, odamlar qishdan o'z holicha chiqishga urinadi. Ayrimlar uyiga o'tin va ko'mir bilan yonadigan isitish tizimi o'rnatgan, ayrimlar ko'p qavatli xonadonlarning ichiga o'tin bilan yonadigan pechka o'rnatgan.

"Har yili svetni ham ko'p o'chirishardi. Ammo bu yil nimagadir svet ham o'chmayapti. Odamlar saylov uchun shunday bo'layapti, deb o'tiribdi. Svet bo'lsa uyni tok pechkada isitishadi. Lekin svet puli qimmat bo'lib ketmasin deb o'tin pechkani ham ishlatishadi".

Suhbatdoshimizga ko'ra, atrof paxtazor bo'lgani uchun bu yerlarda o'tin topish nisbatan osonroq. Shuning uchun bir eshak arava o'tinni 50 ming so'mga topish mumkin.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq