Transgender ayol erkaklar qamoqxonasiga yuborilishi mumkin

Transgender shaxs Image copyright Theopenasia.net
Image caption Qozog'istonlik transgender ayolni erkaklar koloniyasiga joylashtirishlari mumkin

Qozog'istonlik huquq tartibot organi xodimlari qiyin tanlov oldida qolgan. Jinsini ayolga o'zgartirgan erkakni qaysi qamoqxonaga yuborish borasida rasmiylar biror to'xtamga kela olmayapti.

"Theopenasia.net" web nashrining izlanishlaridan ma'lum bo'lishicha, o'tmishda Hasan bo'lgan va keyinchalik jarrohlik yo'li bilan Kristina ismli ayolga aylangan (ismlar o'zgartirilgan) shaxs Qozog'istonda katta miqdorda pul ta'ma qilish aybi bilan uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Tergov tomoniga ko'ra, Hasan/Kristina o'zi kabi jinsi o'zgartirilgan dugonasidan jarrohlik amaliyoti uchun tovlamachilik yo'li bilan pul olayotgan vaqti qo'lga olingan.

Mahkamada aybi isbotlansa sobiq erkakni 7 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi kutishi mumkin.

Ayblanuvchining jinsi biologik o'zgaririlgan bo'lsa-da, hanuz pasport va shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarda jinsi erkakligicha qolgan.

Aynim damda Kristina Olma-Ota shahridagi vaqtinchalik tergov izolyatorining ayollarga mo'ljallangan bo'limida saqlanmoqda.

Ammo hujjatlarda erkak bo'lgani uchun mahkamadan so'ng uni jazoni o'tash uchun erkaklar koloniyasiga yuborish ehtimoli katta.

"U tug'ilganlik haqidagi guvohnomasida erkak kishi sifatida qayd qilingan. Ushbu odamni ayol sifatida hujjatlashtirishga asos yo'q edi, chunki bunday qayd etish uchun kerakli hujjatlarning barchasi taqdim qilinmagan", - degan Olma-Ota shahar Ichki Ishlar departamenti matbuot kotibi Saltanat Azirbek.

Qozog'istonda jinsini o'zgartirish to'g'risidagi hujjatlarni yig'ish uzoq va mashaqqatli jarayon.

"Theopenasia.net" web nashri Kristina misolida bu kabi insonlar qaysi qamoqxonaga yuborilishi mumkinligi borasida kichik tadqiqot o'tkazgan.

Qozog'iston Ichki ishlar vazirligi bu kabi muammoga ilk bor duch kelayotganini aytgan.

Huquq tartibot organlariga yo'llangan bir necha murojaatda ushbu savolga yechim topilmagan. Ichki ishlar vazirligi web sahifasi ushbu savolni qiziq savollar turkumiga kiritgan, ammo unga javob bermagan.

Jurnalist izlanishlari davomida Kristinani pasportiga qarab erkaklar qamoqxonasiga yuborilishi mumkin degan xulosaga kelgan.

Agar Kristina sud hukmigacha kerakli hujjatlarni yig'ib pasportda jinsini o'zgartirishga ulgursa ayollar mahbusxonasiga yuborilishi mumkin.

Lekin tergov izolyatoridan turib bu ishlarning boshida turish Kristina uchun imkonli emas. Davlat tomonidan berilgan advokat bunday xizmatdan bosh tortgan.

Hasandan Kristinaga aylangach ota-onasi uni oq qilgan. Ulardan ham yordam kutib bo'lmaydi.

Qozog'istonda ham boshqa sobiq Sovet o'lkalari kabi jinsini o'zgartirgan odamlarga nisbatan toqatsiz munosabat shakllangan.

Qozog'iston Respublikasi Psixiatriya markazi doktori Irina Lenskaya hamjisboz ayolni erkaklar koloniyasiga o'tkazish birorta huquq me'yorlariga to'g'ri kelmasligini aytadi.

"Bu transgender ayolni erkaklar koloniyasiga joylashtirish - bu mutlaqo barcha huquqlarni buzish demakdir. Bu barchaga: o'sha yerdagilarga va bu ayolning o'zi uchun ham tahdiddir. Tashqi ko'rinishidan u ayol. Shuning uchun ham u ayollar muassasasida bo'lishi shart", - deydi Irina Lenskaya.

Mutaxassisga ko'ra jahon tajribasiga ko'ra, bu kabi odamlar gender taaluqliliga qarab qamoqxonalarga joylashtiriladi. Bunda biologik jins va pasportdagi ma'lumotlar muhim rol o'ynamaydi.

Qozog'istonning qaysi yo'lni tanlashi hanuz mavhumligicha qolmoqda.

Mamlakatda qancha odam jinsini o'zgartirgani borasida rasmiy ma'lumotlar yo'q. Matbuot olib borgan izlanishlarda so'nggi 5 yilda Qozog'istondan 8 dan 23 nafargacha odam jinsini o'zgartirgan bo'lishi mumkinligi aytilgan.

Raqamlardagi ikki xillik bu kabi ma'lumotlarning davlat tibbiyot muassasalari tomonidan yuritilmasligi sabab qilib keltiriladi.

Bundan tashqari ayrimlar jinsini Qozog'istonda emas, balki chet elga borib jarrohlik amaliyoti bilan o'zgartirib kelishi aytiladi. Bu kabi kimsalar Qozog'istondagi muassasalarda qayd qilinmaydi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring