"Shinjon yashovchilari, pasportingizni topshiring!"

Xitoy harbiylari oldida borayotgan uyg'ur erkak Image copyright AFP Getty Images

Xitoyning Shinjon Uyg'uristonida uyg'urlardan pasportlarini topshirish talab qilingan, ushbu qadam keng miqyosda inson huquqlari guruhlarining tanqidlariga sabab bo'lmoqda.

Shaxsni tasdiqlovchi hujjatni rasmiylarga topshirish Shinjonda istiqomat qiladigan barcha fuqarolardan talab qilinayotgani xabarlari tarqalgan.

Bu haqdagi rasmiy e'lon politsiyaga tegishli Internet sahifalarida chop etilgan.

Muxbirlarning xabar qilishlaricha, oxirgi paytlarda Shinjon Uyg'uristonida oddiy odamlarning harakatlanishiga yangi cheklov kiritilishi haqidagi axborot tarqalgan edi.

Endi esa Xitoy matbuoti ushbu qadamdan ko'zlangan maqsad, jamoat tartibini saqlash va "terrorizmga qarshi kurash" ekani haqida yozmoqda.

Shu yo'lda fuqarolarning pasportlari "xavfsiz" saqlanar ekan.

Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bu insonlarning harakatlanish erkinligini bo'g'ish demoqda.

Xuddi shunday siyosat tibetliklarga nisbatan allaqachon joriy etilgan.

Xitoy rahbariyati pasportlarini tortib olish bilan uyg'ur musulmonlarining "Islomiy Davlat" singari xorijdagi jangari guruhlarga qo'shilishi oldini olishga qaror qilgani aytilmoqda.

Politsiya e'lonidan ayon emas, faqat uyg'urlardan o'z hujjatini topshirish talab qilinmoqdami yoki Xitoy xanlaridanmi?

Agar kimgadir pasporti kerak bo'lib qolsa-chi?

The Global Times ro'znomasi Shinjonning Oqsuv tumanidagi politsiya zobitining so'zlarini keltirgan: "Pasporti kerak bo'lgan odam politsiya idorasiga murojaat qilishi shart".

Bu zobit yangi tartib butun Shinjon mintaqasiga joriy etilayotganini aytgan.

Matbuot Shinjondagi musulmon uyg'urlarining sonini 10 million deb yozadi.

Uyg'urlar bundan oldin ham pasport olish uchun mas'ul idoralarga murojaat etgan paytlarida rad javobini olishlaridan shikoyat qilib keladilar.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring