O'zbekiston: eng uzoq tutqun Samandar Qo'qonovni ozod etish qarori berildi

Samandar Qo'qonov
Image caption Samandar Qo'qonov

Ozodlik radiosi va boshqa axborot manbalari xabar tarqatishicha, O'zbekistonning eng uzoq vaqt tutqunlikda saqlangan siyosiy mahkumi Samandar Qo'qonovni ozodlikka chiqarishga qaror qilingan.

"Oxirgi ajrim bekor bo'ldi¸ Samandar akani uyga olib ketinglar" deb telefon qilishdi", deb aytgan Samandar Qo'qonovning qarindoshlaridan biri.

72 yoshli Samandar Qo'qonov O'zbekiston qamoqxonasida 23 yil 4 oy saqlandi.

U 2016 yil oktyabrida ozod etilishi lozim edi.

Biroq yaqinlari 7 oktyabrda Samandar Qo'qonov ustidan mahkama bo'lib o'tgani va qamoq jazosiga yana 3 yil qo'shib berilgani haqida maktub olganlar.

Maktubda Samandar Qo'qonovning muddatini uzaytirish mahkamasi Navoiy viloyatidagi Zarafshon shahar sudida bo'lib o'tgani va O'zbekiston Jinoyat Kodeksining 221-moddasi qo'llanib, jazo muddati yana 3 yilu 5 kunga cho'zilgani xabar qilingan.

Toshkent viloyatidagi Chinoz neftni qayta ishlash korxonasi sobiq rahbari, O'zbekiston parlamentining sobiq deputati Samandar Qo'qonov 1993 yil yozida qo'lga olingan, uning uyiga vertolyotda qurolli askarlar tashlangan edi.

Samandar Qo'qonovni mahkama davlat mol-mulkini talon taroj qilishda aybdor deb topgan, 20 yillik qamoq jazosiga hukm etgan.

Muxolifat esa Samandar Qo'qonov marhum prezident Islom Karimovni tanqid qilgani va "Erk" demokratik partiyasini qo'llab-quvvatlagani uchun Karimovning shaxsiy dushmaniga aylanganini aytadi.

2014 yili Samandar Qo'qonovning ilk qamoq muddati tugagan, biroq unga 3 yillik muddati qo'shib berilgan edi.

Mahkama Qo'qonov qo'shimcha muddatini 2 yilga tushirgan.

O'zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev parlamentga mahkumlarni amnistiya qilish, ko'rib chiqish jarayonida bo'lgan jinoyat ishlarini to'xtatish taklifini kiritgani Samandar Qo'qonovning ozodlikka chiqishiga umid uyg'otgan edi.

O'zbekiston Oliy Majlisi 12 oktyabrda Konstitutsiya qabul qilinganining 24 yilligi munosabati bilan amnistiya qabul qilgan, avfda, shu jumladan, 60 yoshdan oshgan mahkumlarni ozod etish ko'zda tutilgan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring