O'zbekiston Turkiyadan Muhammad Solihni chiqarib yuborishni talab qilgan

Erdo'g'on va Mirziyoyev Image copyright Turkiya Prezidenti rasmiy sahifasi
Image caption Erdo'g'on va Mirziyoev o'zaro aloqalarda "yangi sahifa" ochishga kelishganlar

O'zbek rasmiylari o'tgan hafta Samarqandga tashrif buyurgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'on bilan muzokaralar chog'ida Turkiyadagi o'zbek muxolifati rahbari Muhammad Solihni mamlakatdan chiqarib yuborishni talab qilishgan.

Bu haqda Bosh vazir va Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni Toshkent shahar saylovchilari bilan uchrashuv chog'ida ma'lum qilgan.

Uchrashuv ishtirokchilaridan birining BBCga aytishicha, janob Mirziyoyev Muhammad Solihning chiqarib yuborilishi Turkiyaning O'zbekistonga do'stligining "amaldagi isboti" bo'lishini aytgan.

Turkiya tarafining bu borada o'zbek tomoniga biron va'da bergan-bermagani ma'lum emas.

Prezident Erdo'g'onning matbuot xizmati vakili BBCga muzokaralar tafsilotlaridan xabari yo'qligini aytdi.

O'tgan juma Erdo'g'onning Samarqandga tashrifi chog'ida ikki tomon o'zaro aloqalarda "yangi sahifa" ochishga kelishganlar.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho'g'li O'zbekiston Turkiya fuqarolariga vizani bekor qilishi mumkinligini aytgan.

Ayni manbaning Mirziyoyev so'zlaridan iqtibos keltirishicha, Turkiya tomoni Samarqand viloyatining Urgut tumanida tashkil etilishi rejalanayotgan erkin iqtisodiy hududga sarmoya kiritish istagini bildirgan.

"Mehmon"

Janob Mirziyoyev o'zbek tomonining Muhammad Solih bilan bog'liq rasmiy so'rovi tafsilotlarini ochiqlamagan.

Turkiyada vaqtincha yashayotgan muxolifat rahbarini qanday asosda chiqarib yuborish talab etilgani, bu boradagi huquqiy jarayonning boshlangan yoki boshlanmagani ma'lum emas.

Muhammad Solihning o'zi BBC bilan suhbatda o'zbek tomonining so'nggi talabidan xabari yo'qligini aytdi.

Image copyright courtesy
Image caption 1993 yildan buyon muhojirotda yashayotgan Muhammad Solih bundan avval to'rt marta Turkiyani tark etishga majbur bo'lgan

Muhammad Solihning aytishicha, Turkiya rasmiylari hozirga qadar uni bu kabi talabdan xabardor qilishmagan.

Ammo u agar Turkiya o'zbek tomonining talabini bajarish sari qadamlar qo'yadigan bo'lsa, "hech ikkilanmay, Turkiyadan chiqib ketishga tayyorligi"ni aytdi.

"Men hur odamman. Bu yerda mehmonman, Erdo'g'on-mezbon. Shuncha payt bizga boshpana bergani uchun rahmat. Turkiyada qoldiring, deb yolvoradigan holim yo'q", - deb aytdi Muhammad Solih.

1993 yildan buyon muhojirotda yashayotgan Muhammad Solih bundan avval to'rt marta Turkiyani tark etishga majbur bo'lgan.

O'zining so'zlariga ko'ra, so'nggi bor 1999 yil aprelida turk rasmiylari undan "O'zbekiston bilan munosabatlarga salbiy ta'sir qilayotgani" vajidan Turkiyadan chiqib ketishini so'rashgan.

U 1998 yilda Norvegiyadan siyosiy boshpana olgan.

Ammo 2005 yil avgustida AQSh Kongressi qo'mitasidagi chiqishi ortidan Turkiya Muhammad Solihning qaytishiga izn bergandi.

Britaniyada chop etiladigan "Ekonomist" jurnali Turkiya hukumatining ushbu qarori haqida "Turkiya Muhammad Solihga eshiklarini ochmoqda" deb yozgan.

Buning ortidan O'zbekistondagi turk biznesiga reydlar boshlanib ketgan va turk seriallarining namoyishi taqiqlangan edi.

"Siyosiy ayblar"

Marhum prezident Islom Karimov Muhammad Solih va o'zbek muxolifatining Turkiyada bo'lishini o'zbek-turk aloqalarining rivojlanishi yo'lida asosiy to'siq deb ko'rgani ishoniladi.

Muhammad Solihning o'zi har ikki tomon rasmiylarida shakllangan bu kabi qarashni rad etadi.

"Bu bir bahona. Men 1999 yildan 2005 yilgacha, 6 yil davomida Turkiyada bo'lganim yo'q, ammo munosabatlar hecham yaxshilanmadi. O'zbekiston hukumati Turkiyaning o'zbeklarga ochilishidan, Turkiyadagi demokratiyadan qo'rqadi. Turkiya ochilsa, bu yerdagi hurriyatning O'zbekistonga ham kirib borishidan qo'rqadi", - deydi Muhammad Solih.

Shu oy boshida Muhammad Solih rahbari bo'lgan O'zbekiston Xalq Harakatining Istanbulda o'tishi rejalangan navbatdan tashqari qurultoyi Turkiyada amal qilayotgan favqulodda holat bois qoldirilgan.

O'zbekiston mahkamasi Muhammad Solihni 1999 yil fevralidagi Toshkent portlashlarida ayblab, 2000 yilda sirtdan 15 yilga mahkum etgan.

Xalqaro inson haqlari tashkilotlari muxolifat rahbariga qarshi ayblar ortida siyosiy vajlar turganini aytishadi.

2001 yilda Praga mahkamasi o'zbek huquq-tartibot idoralarining Muhammad Solihni topshirish haqidagi so'rovini rad etgan.

"Hokimlar saylanishi mumkin"

Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda ishtirok etgan manbaning bildirishicha, janob Mirziyoyev shuningdek, kelajakda mahalliy hokimlarning xalq tomonidan saylanishi mumkinligiga ishora qilgan.

U shuningdek, Bosh vazirning virutal qabulxonasiga kelib tushgan taklif va shikoyatlar soni 170 mingdan oshib ketganini ma'lum qilgan.

Uning so'zlariga ko'ra, bu shikoyatlarning 78 foizi asosli va o'z tasdig'ini topgan.

Janob Mirziyoyev odamlar huquq-tartibot idoralari va mahalliy hokimiyatlar faoliyatidan norozi ekanini ta'kidlagan.

Ammo hukumat portalida chop etilgan rasmiy xabarda Mirziyoyevning Turkiya Prezidenti bilan muzokaralariga doir tafsilotlar va mahalliy hokimiyatlar faoliyatiga oid tanqidlariga o'rin berilmagan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring