Kubaning sobiq prezidenti Fidel Kastro vafot etdi

Kubaning sobiq prezidenti Fidel Kastro vafot etdi Image copyright AFP
Image caption Kubaning sobiq prezidenti Fidel Kastro vafot etdi

Fidel Kastroning ukasi prezident Raul Kastroning aytishicha, kommunistik inqilob rahbari 90 yoshida vafot etgan.

Kastro Kubani qariyb ellik yil boshqardi.

2008 yilda kasi Raulga qudratni topshirgan edi.

Uning tarafdorlariga ko'ra, Fidel Kastro Kubani xalqqa qaytarib bergan rahbar edi.

Ammo Fidelni o'z muxoliflariga toqat qilmagani ham aytiladi.

Fidel Kastroning jasadi shanba kuni krematsiya qilinadi.

Prezident Raul Kastro o'z akasining o'limi haqidagi bayonotni "G'alaba tomon doim olg'a!" degan shior bilan yakunlagan.

Fidel Kastro kim edi?

Fidel Kastro Kubani deyarli yarim asr davomida boshqardi. Biroq, u qanday qilib o'z tarafdorlari ichida sadoqatni ilhomlantirdi va muxolifatni qo'rquv ichida ushlab tura oldi? Bi-bi-si Lotin Amerika xizmatining kubalik sobiq xodimi Fernan Gonzales Torres Kastro qo'li ostida hayot qanday bo'lganini xotirlaydi.

"Men Fidel Kastro hali Sierra Maestra tog'larida jang qilayotgan vaqtida tug'ilganman. Ota-onam jon saqlash uchun meni ko'tarib shakarqamish dalalari ichra qochishgan. Ota-onam Fideldek boshqa siyosatchi bo'lmaganini aytishardi. U juda noodatiy, yosh, bo'yi baland va soqolli yigit bo'lgan. Kostyum-shim o'rniga harbiy ustboshda yurgan. U uzundan uzoq ma'ruzalar qilish qobiliyatiga ega edi.Bu ma'ruzalari bilan u xalqni o'ziga ishontira olgan va eng muhimi u o'zgarishlar haqida jonu dili bilan kuyinib gapirgan".

Kubaliklarning aksari o'zgarishlar va islohotlarni istashardi. Ko'plar xalq orasida dastakni yo'qotgan Batista tizimiga yakun yasalishi, hamda erkin va adolatli saylovlar o'tkazilishini talab qilardi.

Oddiy xalq uchun ish o'rinlari, maktablar va kasalxonalardek xizmatlar yaratilishi zaruratga aylangandi.

Kastro bu xizmatlarni ta'minlashga va'da berdi. Ko'plab va'dalarining ustidan chiqdi ham. Ammo hamma ham qoniqmagandi.

"Men katta bo'layotganimda, ko'pchilik Kastroni naqadar sevishlariga guvoh bo'ldim. Lekin ayni damda, o'zaro suhbatlarda, ba'zilar pichirlab, undan naqadar nafratlanishlarini ham eshitardim. Undan hafsalasi pir bo'lgan odamlar soni tobora oshib bordi. Lekin ularning fikri Kubadagi voqealar rivojini o'zgartira olmasdi. Kastro hukumati "amerika tajovuzi" deb atagan muxolif qarashlarga toqat qilmas edi.

Josuslik juda kuchli edi. Mudofaa va Inqilob qo'mitasi har qanday muxolif fikrni ilg'ab olardi. Avvaliga bu qo'mitalar har bir mahalladagi Kastro tarafdorlari tomonidan tuzilgandi, lekin bora-bora hamma yoppasiga unga a'zo bo'lishga rag'batlantirildi. Mudofaa va Inqilob qo'mitasining bosh vazifasi har qanday aksilinqilob faoliyat haqida politsiyani xabardor qilish edi", deb xotirlaydi Gonzales Torres.

Kastro Kubaliklarning kamida uch avlodi hayotida bevosita yo bilvosita ustunlik qildi.

Lekin bu shaxsga sig'inishni anglatmadi, Kastroning haykallari o'rnatilmadi, uning nomiga ko'chalar, xiyobonlar nomlanmadi yoki pul birligiga uning surati bosilmadi.

Aytishlaricha, u shaxsga sig'inishdan nafratlangan. Buning o'rniga u imkon qadar ko'proq odamlar yuragiga kirib borish yo'lida televidenie va radiodan foydalangan. Kastrodan qochib qutulolmasdingiz, barcha kanallar va radiostantsiyalar uning ma'ruzalarini yetkazardi. Hatto uni yoqtirmaganlar uning ma'ruzalarini diqqat bilan tinglashardi. Gonzales Torres ham unga mahliyo bo'lgandi.

Image copyright Getty Images
Image caption Ikki inqilobchi

"Na uning tarafdorlari, na tanqidchilari Kastroni kimdir ag'dara olishiga ishonardilar. Siyosiy namoyishlarda uning tarafdorlari "Fidel, Fidel, Fidel, siz kimsiz? Sizni ag'darishga hatto imperialistlar ham ojiz!" deya xitob qilardilar. Lekin, uni yoqtirmaganlar esa, "Bu hukumatni hech kim ag'dara olmas, lekin uni hech kim samarali ishlata olmaydi ham" deyishardi. Endi Kastro olamdan o'tar ekan, men bir narsani anglab etayapman. U ham bo'lsa, ota-onamdan so'ng hayotimga eng katta ta'sir qilgan inson bu Fidel edi..."

SSSR, O'zbekiston va Kuba

Kastroning qudratda o'tkazgan aksar yillarini Sovet Ittifoqi dastaklagan. Biroq Ittifoq qulashi bilan, moliyaviy dastak ham "qurib" qoldi.

Jeyms Rodjers BBCning Moskvadagi muxbiri bo'lib, ittifoqdan so'nggi Rossiyadagi vaziyat haqida xabarlar berib turgan.

U SSSR va Rossiyaning Fidel Kastro va Kuba bilan aloqalarini solishtirar ekan, bu aloqalar tarixi uzoqqa borib taqalishini aytadi. Unga ko'ra, Kuba Sovet Ittifoqi uchun dushman tomorqasida o'z bayrog'ini o'rnatishdek bir narsa edi.

Image copyright AP
Image caption Fidel Kastro O'zbekistonda

Karib orollariga kommunistik g'oyalarning kirib kelishi, Sovet Ittifoqiga kapitalizm hukm surgan yarim sharga o'rnashib olishga imkon berdi.

Vladimir Bondarchuk inqilobning mafkuraviy tarafdori edi. Uning Moskvadagi Sovet davridan qolgan xonadonida devorga Fidel Kastroning yirik surati osilgan. U dengizdagi o'n sakkiz kunlik safari ortidan 1961 yilda Havanaga kelganini xotirlaydi. Harorat minus 20ga tushadigan mamlakatdan kelgan odam uchun Kubaning tropik iqlimi o'zga bir dunyo edi. Uning uchun Fidel bilan shaxsan qo'l siqib ko'rishish esa... sharaf edi.

"Fidel biz bilan uchrashish uchun kemamizga chiqdi. U avval Sovet yo'lovchi kemasi hech ko'rmagan ekan. U qiziqish bilan kemani kuzatdi va hatto karavotlarga yotib ko'rdi. Bizda u juda oddiy, qiziquvchan va adolatli shaxs sifatida taassurot qoldirdi", deydi Bondarchuk.

Bondarchuk Sovet ittifoqining savdo vakili lavozimida 1960 yillarni Kubada o'tkazdi.

1962 yilda Moskva Kubaga o'z yadroviy raketalarini o'rnatdi.

1963 yilda Fidel Kastro SSSRga safarida davomida O'zbekistonga ham keladi.

1991 yilda Sovet Ittifoqi quladi. U bilan 20 asrda shakllangan ko'pgina siyosiy va diplomatik voqe'liklar ham yakson bo'ldi.

Egor Gaydar Rossiyadagi o'zgarishlar markazida bo'lgan asosiy arboblardan biri edi. U 2009 yilda olamdan o'tdi. Sovet admiralining o'g'li janob Gaydar bolaligini Kubada o'tkazgan.

"Sovet Ittifoqi Kubani yiliga olti-yetti milliard dollarga teng yordam bilan ta'minlardi. Lekin sho'ro tizimining kasodga uchrashi bilan bu yordamni davom ettirish butkul imkonsiz edi. Shunday ekan, biz bu ajrashuvni imkon qadar og'riqsiz qilishga urindik".

Fidel Kastroning salomatligi 2006 yilda og'irlashishi ortidan, uning ukasi Raul nazoratni qo'lga oldi.

Ikki yil o'tib u rasman prezident etib tayinlandi va shundan beri, o'z so'zlarida, Kuba orolidagi sotsializmni mustahkamlash uchun qator iqtisodiy islohotlar dasturini tadbiq qilayapti.

Kuba Fidelsiz yashashga o'rganib ulgurdi. U boshqargan inqilob Fidelsiz barbod bo'lishi borasidagi xavotirlar ham arigan.

Raul Kastro akasidan besh yosh kichik, xolos va u bilan bir safda jang qilgan inqilobchilar guruhining a'zosi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring