Ukrainaliklar OI ga vizasiz safar qilishlari mumkin

Pyotr Poroshenko Ovro'po rasmiylari bilan Image copyright EPA
Image caption Pyotr Poroshenko Ovro'po rasmiylari bilan

Ukraina fuqarolari Ovro'po Ittifoqining aksar mamlakatlariga vizasiz safar qilishlari mumkin.

Bu haqda Ovro'po Kengashi prezidenti Donald Task Bryusselda Ukraina va OI rahbarlarining payshanba kuni o'tgan yig'ini chog'i e'lon qilgan.

Uning aytishicha, Ukraina zaruriy andazalarga "to'la" mos va kelayotgan haftalar Ovro'po Ittifoqi rasmiylari mazkur dasturni amalga tadbiq etish yo'llarini ishlab chiqadi.

Bryusseldagi yig'inda Ukrainadagi korruptsiya masalasi hamda mamlakat kelajagi ham mubohasa etilgan.

Dastur doirasida ukrainlar Shengen hududi, Ovro'po Ittifoqi tarkibida bo'lmagan Shveytsariya va Islandiyaga biometrik pasport bilan vizasiz bordi-keldi qilishlari mumkin bo'ladi. Ammo 90 kungacha vizasi bo'lmaganlar Buyuk Britaniya yoki Irlandiyaga kira olishmaydi.

Task: "So'nggi 3 yil yangi Ukraina dunyoga kelganiga guvoh bo'ldi. Mamlakat demokratiya va iqtisodini ba'zan o'ta mushkul islohotlar orqali oldinga siljitdi", deb aytdi.

"Ovro'po tomonidan qo'shimcha yordam Ukrainaning demokratiya yo'lidagi sa'y-harakatlarini mustahkamlashi kerak".

Task janoblariga ko'ra, vizasiz tizim Ovro'po Parlamenti va Ovro'po Kengashi ittifoq viza siyosatini o'zgartirishni ma'qullashi bilan kuchga kiradi.

Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko fuqarolariga Ovro'po Ittifoqiga vizasiz safar qilish imkoniyatini qariyb 3 yildan beri va'da qilib keladi.

Bu 2014 yil Ukraina va OI o'rtasida imzolangan hamkorlik bitimi bir qismi bo'lgan. Ushbu bitim Rossiya rasmiylarining g'azabini qo'zg'agandi.

Bryussel sammiti ortidan Poroshenko janoblari o'z fuqarolari uchun Ovro'poga vizasiz bordi-keldi tizimi hozirdanoq yo'lga qo'yilmaganidan "afsus"da ekani, ammo yil oxirigacha mazkur reja amalga oshishiga umid qilishini bildirgan.

Ukraina pasporti bo'lgan odamlar Rossiyaga vizasiz kirib-chiqishlari mumkin.

Ukraina sharqqa, ya'ni Rossiya tomon egiladimi yoki g'arbga - Ovro'poga egiladimi degan savol so'nggi yillar yirik siyosiy masalaga aylangan.

Ovro'po rasmiylari 2014 yildan beri Ukrainani korruptsiyaga qarshi jiddiy kurash hamda boshqa islohotlarni amalga oshirishga undaydi.

Ammo tanqidchilar o'tgan vaqt asnosida ko'p narsa o'zgarmagani va Pyotr Poroshenko korruptsiyaga botgan rasmiylarni dastaklayotganini aytishadi.

Rossiyaparast isyonchilar Donbassda hamon faolligi ham Kiev hukumati uchun boshog'riqdir.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring