O'zbekistonlik tadbirkorlar nimadan norozi?

YouTubeda mashhurlashayotgan videodan rasm Image copyright Screenshot YouTube
Image caption YouTubeda mashhurlashayotgan videodan rasm

Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlar tomonidan Shavkat Mirziyoevga qilingan murojaat ommalashmoqda. Unda hukumatning va'dalariga qaramasdan tadbirkorlar oldida turgan muammolar barham topmayotgani chizmalar orqali ko'rsatib berilgan.

YouTube ga joylashtirilgan videolardan biri Facebook da 500 marta ulashilgan va 15 ming atrofida odam tomosha qilgan.

Video murojaatda aytilishicha, shu yilning 27 oktyabr kuni Toshkent shahrida 50 ming tadbirkor ishtirokida o'tgan turli binolardagi yig'ilish qatnashuvchilarning umidini oqlamagan.

"Ular (tadbirkorlar-tah.) 3 ta muhim muammo hal bo'ladi deb o'ylashgan edi. Obnal (naqd pul. BBC tahr.), konvertatsiya va soliq. Lekin yig'ilishda hamma bilgan xayrli farmonni o'qib berishdi,xolos", - deyiladi murojaatda.

Unda aytilishicha, bo'lib o'tgan yig'ilishda tadbirkorlar o'zlari duch kelayotgan muammolarni qog'ozga yozib uzatishgan. Ammo uning yechimi muhokama qilinmagan.

Video murojaat naqd pul muammosi kelib chiqishiga bir necha sababni keltirgan. Ulardan eng muhimi nosog'lom bank tizimi ko'rsatilgan.

"Tijorat banklaridan naqd pul tushumlarining 50 foizini Markaziy Bank olib qo'ymoqda. Valyuta konvertatsiyasi yo'qligi bois naqd pulga bo'lgan talab oshib bormoqda. Naqd pul tushumlarining asosiy manbalari ma'lum amaldorlar tomonidan qo'lgan olingan".

Iqtisodchilarga ko'ra, naqd pul tushumlarining 50 foizi Markaziy Bank tomonidan olib qo'yilishi, naqd pulga bo'lgan sun'iy etishmovchilik yaratayotgani aytiladi.

Valyuta konvertatsiyasining yo'qligi esa naqd pulga bo'lgan talabning keskin oshib ketishiga olib kelgan. Chunki tovar va xom-ashyo olib kirish uchun valyutaga ehtiyoj bor. Uni bankdan ololmagan tadbirkorlar so'mlarini bankdan olib qora bozorda dollar sotib olishga majbur.

Videoda aytilgan gaplarni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham tasdiqlashgan.

"To'ppa-to'g'ri, axir hamma majburligidan obnal qiladi. Majburligidan ko'chadan oladi valyutani. Hech kim ataylab buzmaydi konunni. Oddiy misol, o'zimizda ishlab chikarilgan pechene mahsulotlarini palma yog'i va Qozog'iston unisiz ishlasha olmaydi. Chunki bular asosiy ingredientlardir (80% Tashkil kiladi). Endi savol unga dollar kerak, palma yog'iga dollar kerak. Qaerdan olsin? Faqat naqd pulga ko'chadan oladi. Chunki boshqa iloji yo'q", - deb yozadi Bobur Talipov.

Murojaatda naqd pul tushumlarining asosiy manbalari ma'lum amaldorlar tomonidan qo'lga olingani aytiladi.

"Bu korruptsiya natijasida yaqin yilda obnal farqi 6-10 foizdan 20-35 foizga etdi. Bu degani har bir tovar narxiga ustama 20-35% qo'shilmoqda va oxirida iste'molchi - xalq to'lamoqda. Mansabdor shaxslar bu muammoning asl sababini bartaraf qilish o'rniga tadbirkorlarga bosim qilishmoqda. 22 noyabrda chiqqan 265 chi sonli hukumat telegrammasi bunga misol", - deyiladi video murojaatda.

Hukumat telegrammasi muammoga yechim emas

Axborot saytlaridagi xabarlardan ma'lum bo'lishicha, 22 noyabrda viloyat va shaharlardagi barcha rahbarlarga yuborilgan telegrammada plastik kartadagi pullarning ustiga pul berib naqdlashtirish va mollarni plastik kartaga sotish jarayonida qo'shimcha narx qo'yishga barham berish zarurligi uqtiriladi.

Biroq video murojaatda bu ishga taqiq qo'yish muammoga echim emasligi aytiladi.

"Axir tadbirkor bankdagi pulini yo'qotishsiz 100% naqd qilib olganida edi, bunday holatlarga hech qachon yo'l qo'yilmasdi", - deyiladi unda.

Ijtimoiy tarmoqlarda fikr qoldirgan tadbirkorlar ushbu video murojaatda ko'tarilgan muammolar mavjud ekanligini e'tirof etishgan.

"Hamma muammo konvertatsiyaga borib taqaladi. Shuni hal qilishsa qolgani o'z ishiga tushadi. Valyutaga chetdan narsa olib kelganlar pulini bankda bankda konvertatsiya qilolmaydi"

Hukumat tomonidan naqd pul muammosini echish maqsadida narxlarni nazorat qilishga qaratilgan telegramma ham tanqidga uchragan.

"Bu bilan muammo hal bo'lmasligi 100% aniq, 25% ustiga kuyib sotayaptimi shunga majbur tadbirkor, buni xech kim o'ylamaydi. Nimaga u unaqa sotayapti, deb o'ziga o'zi savol bermaydi. Faqat buyruq kilib tushir deydi, ko'tarmasa qanday tushiradi? Mayli tushirar, lekin boshqa yo'lini topadi. Oxir oqibat jabrdiyda baribir oddiy iste'molchi. Chunki tadbirkor foyda olmasa ishlamaydi! Uniyam bola chaqasi bor, ishchi o'rin yaratayapti, soliq to'layapti, nimaga endi o'zi uchun daromad qilishi kerakmas", - deydi Farrux Aliev.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring