Mirziyoyev Fidel Kastroni "haqiqiy vatanparvar" deb atadi

Mirziyoyev Image copyright Sputnilk
Image caption Mirziyoyevga ko'ra, Kastro "bugungi Kubaning asoschi-otasi sifatida tan olingan"

O'zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Kuba inqilobi rahbari Fidel Kastro "haqiqiy vatanparvar" hamda O'zbekistonning do'sti bo'lganini aytgan.

Kuba rahbariyati va xalqiga yo'llagan hamdardlik maktubida janob Mirziyoev "Fidel Kastro har doim O'zbekiston va Kuba o'rtasidagi do'stona munosabatlarni mustahkamlash, hamkorlik va o'zaro hurmat tarafdori bo'lgan"ini ta'kidlagan.

"Biz erksevar Kuba xalqining dard va qayg'usiga sherikmiz", - deyiladi hukumat portalida chop etilgan ta'ziyanomada.

Mirziyoyevga ko'ra, Kastro "bugungi Kubaning asoschi-otasi sifatida tan olingan".

Kuba shu yil sentyabrida O'zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov munosabati bilan motam e'lon qilgan yagona davlat bo'lgan.

O'zbekistonlik foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda "O'zbekiston ham Kuba rahbariga motam e'lon qiladimi?" degan savollarni berishgan.

Kuba inqilobi rahbarining 1963 yilda O'zbekistonga tashrifi o'sha paytdagi sovet matbuoti tomonidan keng yoritilgan.

Uning ukasi, joriy Prezident Raul Kastroning ham O'zbekistonga bir necha marta safar qilgani ma'lum.

Image copyright courtesy
Image caption Kuba inqilobi rahbarining 1963 yilda O'zbekistonga tashrifi sho'ro matbuotida keng yoritilgan

Kubani qariyb yarim asr mobaynida boshqargan Fidel Kastro 26 noyabr kuni 90 yoshida vafot etgan.

U 2008 yilda qudratni ukasi Raulga topshirgandi.

Tarafdorlariga ko'ra, Fidel Kastro Kubani xalqqa qaytarib bergan inqilobchi rahbar bo'lgan.

Ammo muxoliflari uchun Fidel dunyoning eng uzoq hokimiyatda bo'lgan diktatoridir.

AQSh prezidentligiga yangi saylangan Donald Trampga ko'ra, "o'z xalqini qariyb 60 yil qiynagan shafqatsiz diktator olamdan o'tgan".

Trampning ishonishicha, Kastro davridan meros "misli ko'rilmagan jabr va fundamental inson huquqlarini rad etish, qashshoqlik"dir.

1960-yillarda Kuba sobiq SSSR va AQSh o'rtasidagi sovuq urushning muhim va xatarli jabhasi bo'lgan.

AQSh da yashayotgan minglab kubalik muhojirlar Kastroning o'limini bayram qilish uchun ko'chalarga chiqishgan.

Ayni paytda Shimoliy Koreya dushanba kuni Kastroning o'limi munosabati bilan uch kunlik motamni boshlagan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq