O'zbekiston pul siyosati: "Yirik o'zgarishlar kutilmoqda"

"Yirik o'zgarishlar kutilmoqda" Image copyright Asia terra
Image caption "Yirik o'zgarishlar kutilmoqda"

O'zbekiston Vazirlar mahkamasi tomonidan muhokama uchun rasmiy web sahifaga qo'yilgan qaror matnidan valyuta siyosatida keng ko'lamli erkinlashtirishlar bo'lishi aytiladi.

Undan ma'lum bo'lishicha, hukumat qaror bilan valyuta ayirboshlashni bozor talablaridan kelib chiqib beligilanishini va O'zbekiston ichida tovar va xizmalatlarning milliy so'mda amalga oshirishni yo'lga qo'ymoqchi.

Markaziy Bank tomonidan taklif qilingan va 28 noyabr kuni hukumat portaliga ochiq muhokamaga qo'yilgan qaror loyihasi valyuta bozorini liberallashtirish uchun ustuvor yo'nalishlarni belgilab olgan.

Hujjatda aytilishicha, tadbirkorlarga xususiy aktivlarni o'z ixtiyoriga ko'ra boshqarish huquqi berilishi mumkin. Hukumat barcha davlat organlarining nazorat-cheklash orqali boshqarish usullariga o'zgartirishni kiritmoqchi bo'layotganini bildirgan. Bu bilan qulay sarmoya va ishbilarmonlik muhiti yaratish ko'zda tutilgan.

"Eksportyor va importyorlar ular tomonidan imzolangan tashqi savdo shartnomalari bo'yicha to'lov shaklini valyuta nazorati qonunchiligi doirasida o'z xohishiga ko'ra erkin tanlaydi", - deyiladi qaror loyihasida.

Tadbirkorlar yaqinda Shavkat Mirziyoevga qilgan murojaatida o'zlariga tegishli bo'lgan chet el valyutasining 50 foizini Markaziy Bankka o'tkazishga majbur bo'layotganidan shikoyat qilgan edi.

O'zgartirish bu kabi majburiy valyuta to'lovlariga barham berishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Valyuta narxini bozor belgilaydi

Qaror loyihasidan anglashilishicha, milliy valyutaning xorijiy valyutalarga nisbatan qiymatini faqatgina bozor mexanizmlaridan foydalangan holda o'rnatiladi.

Milliy valyuta barqarorligiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi qonunchilik normalarining o'rnatilishiga yo'l qo'yilmaydi.

Hukumat ushbu qaror bilan shu vaqtgacha rasmiy manbalarda tilga olinmagan valyuta kursining 3 xil narxini yagona holatga keltirib valyuta qora bozorini yo'qotishga jiddiy kirishgan ko'rinadi.

Ayni damda O'zbekistonda valyutaning 3 xil kursi o'rnatilgan. Hukumat davlat buyurtmalari va boshqa hisob kitoblarni rasmiy kursda yuritadi.

Ushbu kurs bo'yicha ayni kunlarda 1 dollar 3176 so'mni tashkil qilmoqda.

Bu narxda Markaziy Bankdan dollar sotib olish uchun tor doiradagi odamlargina foydalanadi.

Chetga mol eksport qiluvchi tadbirkorlar esa bank hisob raqamidagi dollarni davlat bahosida so'mga almashtirishi mumkin. Biroq ularga davlat narxidagi dollar deyarli sotilmaydi.

Oddiy tadbirkorlar esa qora bozor kursidan foydalanadi. Qora bozorda 1 dollar 7000 so'm atrofida bo'lib turibdi.

Uchinchi kurs qora bozordan ham qimmatroq bo'lib davlatdan dollar olishni istagan yirik korxonalar uchun belgilangan.

Qaror loyihasida yozilishicha, endi davlat bahosida tor doiraga dollar sotish imtiyozlari bekor qilinadi. Valyuta operatsiyalarini amalga oshirish uchun teng sharoitlar yaratiladi.

Mashina dollarda emas, so'mda sotiladimi?

Hujjatda belgilanishicha, O'zbekiston hududida sotilayotgan (ko'rsatilayotgan) tovarlar va xizmatlar narxlari, jamiyatlar ustav kapitaliga eng kam talablar faqatgina milliy valyutada belgilanishi lozim.

Kuzatuvchilar ushbu punkt orqali O'zbekistonda ayni damda keng amaliyotga aylangan GM Uzbekistan avtomobillari va Rossiya yo'nalishida sotiladigan aviachiptalarning dollarda sotilishiga barham berilishi mumkinligini aytmoqda.

Aksincha, tadbirkorlar va yuridik shaxslar hisoblarida xorijiy valyuta mavjud bo'lgan holatda uni xodimlariga istagan valyuta berishga ruxsat berilmoqda.

"Valyuta daromadlari va yuridik shaxslar hisoblarida mablag'lar mavjud bo'lgan hollarda xorijiy valyutada foyda, dividentlar va boshqa daromadlarni aktsionerlar (ishtirokchilar) qarori asosida to'lashga ijozat beriladi", - deyiladi qaror loyihasida.

Ushbu qaror loyihasi hukumat portalida muhokama uchun qo'yilgan. Rus tilida yozilgan hujjatga istalgan shaxs o'z fikrini bildirgan holatda tahrir qilishi mumkin.

Qaror loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda iliq qarshi olingan.

Fikr qoldiruvchilar valyuta siyosati erkinlashtirilsa bu qora ozorning yo'q bo'lishiga olib kelishini aytishgan.

Shu bilan birga valyuta ayirboshlashning erkinlashtirilishi 1 dollar narxining 10 ming so'mgacha ko'tarilib ketishidan xavotir ham bildirilgan.

Biroq ushbu narx ko'tarilishi ortidan vaziyat izga tushishi va tadbirkorlik uchun yaxshi muhit yuzaga kelishi mumkinligi taxmin qilingan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring