Islom Karimov: "Oilaviy nizoda bobomni ayblayman"

Islom Karimov
Image caption Islom Karimov

BBC O'zbek xizmati marhum Prezident Islom Karimovning nabirasi bilan eksklyuziv suhbat o'tkazdi. Bu suhbatda nomi tilga olingan taraflardan munosabatini olish uchun BBC ular bilan bog'landi.

YoutTubedagi BBCUzbek kanalimizda intervyuni tomosha qilish

So'nggi hafta va kunlarda marhum Prezident Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimovaning taqdiri matbuot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilmoqda. Uning "zaharlanib o'ldirilganligidan" tortib, to shu kunlarda "ilk bor jamoat oldida bayonot bilan chiqishi"ga qadar xabarlar va ovozalar tarqatilmoqda. BBC o'zbek xizmati Gulnora Karimovaning o'g'li Islom Karimov bilan uchrashib, bu xabarlar, va kengroq olganda, Gulnora Karimovaning qaerdaligi, qay ahvolda ekanligi, u bilan o'g'li qanday vositalar orqali aloqadaligi, Karimovlar oilasidagi hozirgi ahvol haqida so'ragan.

Islom Karimovning BBCga aytishicha Gulnora Karimova "hozir ham uyda saqlanyapti. Yahyo G'ulomov ko'chasidagi uyida uni hibs boshidanoq ushlab turishibdi. U xorijga uchib ketgani yoki shahar bo'ylab yurgani haqidagi mishmishlar yolg'on".

"Uning o'zini sud qilishmagan, lekin uning do'stlari, jamg'armalari xodimlari sudga tortilgan". Gulnora Karimovaga esa A4 shaklidagi qog'ozda na qo'l qo'yilgan, na kimdanligi aniq bo'lgan "aybnoma" topshirilgan.

Onangiz qay sharoitda saqlanyapti degan savolga Islom Karimov bunday dedi: "Oyim o'zi yashab kelgan uyda bekami ko'st yashamoqda degan yanglish fikr bor. Eng boshidayoq uyni berkitib, oyimni bir xonaga joylashtirishgan. Uyga qo'shib qurilgan ikki-uchta xona bor. Oyim o'sha yerda saqlanyapti. Unga bir marta "pulini to'lamasangiz, ovqat berolmaymiz" deyishgan. Unda oyim "uyni ochib beringlar, pulni olib chiqay" deb so'ragan. "Yo'q, uyni ocholmaymiz, pulni topish sizning muammongiz" deb javob qilishgan".

Gulnora Karimova bilan uchrashish imkonlari haqida gapirib, uning o'g'li mana bunday javob berdi: "Uyga yaqinlashaman yoki uni ko'raman degan odam darhol hibsga olinadi va SNBning Gvardeyskiydagi hibsxonasiga olib ketiladi. Singlim ham ko'chada tursa, "Iltimos bu yerda turmang, kiring, darvozaning oldida turmang" deyishadi. Ularga oyda bir marta bir-biri bilan ko'rishishga ruxsat beriladi. Bu ham har doimmas. Ba'zida, "Yo'q, bugun siz kiradigan kunmas" deyishadi".

Gulnora Karimovaning qizi Imon ahvoli

Islom Karimovning aytishicha uning singlisi - 18 yashar Imon hozirda Toshkentda. "Singlim hozir "Turkiston" mehmonxonasida yashayapti. Fevralda uni oyimdan ajratib shu mehmonxonaga joylashtirishgan. U erkin harakat qilishi mumkin, lekin o'sha yerda uxlashi kerak. U oyimsiz bir joyga borolmaydi. Uni mamlakatdan chiqarib yuborishmoqchi bo'lishyapti, lekin u oyimsiz hech qaerga ketmoqchi emas. Chunki agar u ketsa va oyimga biron narsa bo'lsa, hech kim guvoh bo'lolmaydi, hech kim u bilan muloqotda bo'lmaydi. Chunki menda ham bevosita aloqa yo'q oyim bilan. Agar unga bir kor hol bo'lsa, buni biladigan yagona odam singlim bo'ladi.

Gulnora Karimova hozirda tirikmi?

Image copyright Islam Karimov
Image caption O'g'li Gulnora Karimovaning tirik yo o'lik ekanini bilmasligini aytdi

Islom Karimovning BBCga aytishicha, uning onasi bilan aloqasi bilvositadir va singlisi bilan bir qatorda onasi atrofidagi "xayrixoh" odamlarga bog'liq. Onasining shu kungi ahvoli haqida gapirar ekan, Islom Karimov bunday dedi: "Ularda oyimni yo'q qilish rejasi bor. Qanday yo'l bilan buni amalga oshirishadi, men ayta olmayman, bu ularning rejasi. O'ylashimcha, zaxarlashmoqchi. Keyin kimnidir ayblashadi. Ular oyim ozod bo'lishini xohlashmaydi, chunki keyin ko'p savollarga javob berishga majbur bo'ladilar. Bu savollarga esa hech kim javob bera olmaydi, chunki nafaqat bizga, balki atrofimizdagilarga qarshi bo'layotgan ishlarni hech kim qonunan izohlab bera olmaydi.

…Oilamiz biladiki, agar xalqaro hamjamiyatidan e'tibor kuchaysa, uni ko'rsatishga, tirik ekanini namoyish qilishga majbur bo'ladilar. Eslaysizmi, o'tgan yil bobom infarkt bo'ldi degan gap tarqalgandi. Keyin u Qozog'iston tashqi ishlar vazirligi vakili bilan uchrashdi. Ya'ni, bir hafta ichida uni ko'rsatib, mishmishlar puchga chiqarildi. Oyimning ahvoli ham shunga o'xshash. U yo'q qilindi degan mishmish bor. U tirik ekani haqida ishonchli ma'lumot yo'q. Dalil-isbot yo'q. Uning o'zi bilan gaplashmay, ovozini eshitmay, qanday qilib birovga ishonay?"

Gulnora Karimova nomidan yozilgan akkauntlar

Prezident Karimov o'limidan so'ng ijtimoiy tarmoqlarda Gulnora Karimova nomidan bir qancha akkauntlar paydo bo'ldi. Gulnora Karimova ijtimoiy tarmoqlarda chindan ham faolmi, degan savolimizga Islom Karimovning javobi: "Yo'q, hozirda unda hech qanday ijtimoiy faoliyat yo'q. Mutlaqo hech qanday ijtimoiy sahifasi yo'q. Twitter, Instagramda go'yoki undan deb sahifalar ochilyapti, qo'l yozuvlari soxtalashtirilyapti, fotoshop orqali suratlari o'zgartirilyapti... Buning bari uning o'zini, unga bo'lgan qo'llab-quvvatlovni izdan chiqarish maqsadida qilinyapti. U yerda yomon gaplar yozilgan. Go'yoki oyimning qo'lidan. Nafaqat o'z qarindoshlari, balki Bosh vazirga qarshi. Lekin, bosh vazirning nima aloqasi bor? Oyim u haqida yozib nima qiladi? Oyimning qarashlari u yerdagi gaplardan farq qilgan".

Nega janozada Gulnora va uning bolalari ko'rinmadi?

Image copyright Islam Karimov
Image caption Islom Karimov o'z singlisining taqdiridan havotirda

Axborot vositalari marhum Prezident Islom Karimovning dafn marosimida na Gulnora Karimova, na uning bolalari qatnashganini taajub bilan qabul qilishdi. Ularga ruxsat bo'lmadimi, yo… Nabira Islom Karimov bunga mana bunday javob berdi: "Oyim va singlimdan tashqari, menga bobomdek yaqin odam yo'q edi. Lekin, bilardim, agar borsam, bizga yakun yasalardi. Kamida 2-3 marta odamlar, SNB va oila a'zolarimdan eshitdimki, agar men u yerda bo'lsam, uchovimizni ham darhol yo'q qilishar ekan. Oyim bilan singlimga ziyon qilishmayotganining sababi, ular bilishadiki, bu yerda vahima boshlanadi. Agar men u yerga borsam, uchovimizni ham yo'q qilishardi va 5-6 yildan keyin e'lon qilishardi. Tog'dan yiqilib o'lishdi, yoki shunga o'xshash...

… Men-ku mayli, nega singlim va oyim Toshkentda bo'la turib, bobom bilan vidolasha olmadilar? Butun umr yonida bo'lishgan. Bu axir oddiy insoniy hurmat. Vidolashuv. Buni hech qachon tushunmaymiz".

"Opa-singil raqobatida bobomni ayblayman"

Nabira Islom Karimovning fikricha, uning onasi va xolasi orasidagi raqobatda uning bobosi - Islom Karimov aybdor. "Oyim va singlisi orasida yoshliklarida normal munosabatlar bo'lib kelgan. Yagona muammo shuki... Men bunda ko'proq bobomni ayblayman.. Chunki oyim matematika maktabini oltin medal bilan bitirgan. Bobomning izidan borgan.. Oyim sport bilan shug'ullangan, qora kamar olgan. O'z karerasini qurishni boshlagan. U nima qilsa, xolam buni takrorlashni istagan. Lekin, nega? O'ylaymanki, sababi - bobom butun umr xolamga gapirgan "Nega opangga o'xsholmaysan? Nega mana buni qilolmaysan? Nega yaxshi o'qimaysan? Nega "U" bo'lolmaysan?" Men o'z qizlaringga bunday munosabat qilish noto'g'ri deb bilaman. Shuning uchun, bu uning aybi deb o'ylayman. Lekin, fakt shuki, bu unga ta'sir qilgan. Xolam butun umr buni eshitgani uchun, unda kompleks paydo bo'lgan. Mana hozir jamg'arma tuzilibdi. Mamlakatda hamma biladiki, bizda jamg'arma allaqachon bor edi. Jurnal ham bor edi, u ham jurnal chiqaryapti. Buni isbotlashga ham hojat yo'q. Butun umr o'zaro poyga bo'lgan. Xolam ham nimalargadir qodir ekanini ko'rsatishga intilgan. O'ylashimcha, nafrat shunday paydo bo'lgan, chunki xolam baribir oyim darajasiga chiqa olmagan. Bular keyin ko'pirib jismoniy muammoga aylangan. Boshida bu faqat hissiyotlar darajasida bo'lgan bo'lsa, hozir bu hayotimizda aks etyapti. Bu adovat tufayli oilalar barbod bo'lyapti".

BBC bu xususda Lola Karimova-Tillaevaga ham murojat qildi. Uning yuristlaridan quyidagi bayonot keldi: "Karimova-Tillaeva xonim, aftidan uning chetlatilgan opasi, yo opasining nomidan boshqa kimdir ta'minlagan ushbu kulgili va asossiz sharhlarga javob berishdan bosh tortadi va bu kabi sharhlarning e'tirof etilishiga nisbatan faqat o'zining taasufini bildirib, bu insonlarga yaxshilik tilaydi".

Gulnora Ozodbekdan pora so'raganmi?

Nabira Islom Karimovning aytishicha, uning onasiga qarshi qo'yilgan ayblar soxtadir. Jumladan u mana bunday deydi: "Gulnora qaerda? Hech kim bilmaydi. Nega Gulnora uy hibsida? Hech kim bilmaydi. U hibsda qancha vaqt qoladi? Javob yo'q. Qonuniy javob yo'q. Oyimning o'ziga aytishlaricha, uning jinoiy ishi tovlamachilik arizasi bilan ochilgan ekan. Bu kulgili bo'lishi mumkin, bir tomondan oyimni 300, 400 va hatto 500 million dollarlik korruptsiya ishlarida ayblashyapti, lekin boshqa tomondan aytishlaricha, qo'shiqchi Ozodbek Nazarbekov ariza yozgan ekan. Go'yoki oyim undan 20 yoki 30 ming dollar talab qilgan ekan. Mana shu ariza asosida oyimga ayblov qo'yilgan. Yirik miqdordagi ishlarga aralashgan odam qanday qilib bunday kichik pulni talab qilsin? Yo unisi yo bunisi bo'lishi kerak. Agar oyim shuncha katta pullar olgan bo'lsa, u Ozodbek Nazarbekovdan ham so'rab o'zini shu holga soladimi?"

Image copyright film-uz.net
Image caption Ozodbek Nazarbekov Gulnora ishiga aloqadorligini rad etdi

BBC Ozodbek Nazarov bilan aloqada bo'lib, uning ariza yozganligi haqiqatmi, deb so'radi. Ozodbek Nazarov BBCga mana bunday javob berdi: "Men bilan Gulnoraning o'rtasida hech qachon hech qanaqa oldi-berdi bo'lmagan. U mendan hech narsa so'ramagan, men unga hech narsa bermaganman. Men buni birinchi marta eshitib turibman. Hech kimga hech narsa yozib ham bermaganman".

Horijdagi Gulnora Karimovaga qarshi jinoiy ishlar

Ma'lumki, bir necha mamlakatda Gulnora Karimovaga qarshi ishlar ochilgan va katta miqdordagi pullar muzlatilgan. BBC nabira Islom Karimovdan bu ishlarga munosabatini so'raganida, u bunday dedi: "Men bir fikrdaman - O'zbekiston tarafi juda xohlaydiki, xorijda turli ismlar, turli kompaniyalar ostida saqlangan va muzlatilgan barcha pullar O'zbekistonga qaytsin. Lekin, men aniq bilamanki, bu pullar byudjetga tushmaydi, maktab yo yo'llar, yo bola bog'chalarini qurishga ishlatilmaydi.

... Agar jinoiy pul bo'lsa, ularni muzlatgan mamlakatlar musodara etishsin. Lekin, agar qaytarilsa, ular qanday sarflanishini kuzatib boradigan qandaydir tashkilot bo'lishi kerak. Chunki ular qaytarilsa, kimningdir cho'ntagiga tushadi".

Prezident Karimovdan meros qolganmi?

Prezident Karimov vafotidan so'ng uning siyosiy merosi haqida ko'p yozildi va yozilmoqda. Biroq oilaga qolgan meros bormi? Marhum Prezidentning nabirasi bu savolga bunday javob berdi: "Bu haqida umuman gap bo'lmadi. Yangilikni eshitgan vaqtimda, birinchi haftasi, o'yladim, birovga biron nima aytisharmikan? Aslida men hech qanday merosni istamayman. Men faqat borib, u bilan vidolashishni xohlayman, chunki bu mening huquqim. Bu odam hayotimning aksar qismida menga juda yaqin bo'lgan. Har bir inson bu dunyoni tark etgan qarindoshi bilan xayrlashishga haqli. Lekin, bilamanki, agar borsam, u yerda qaytib chiqa olmayman".

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring