100 ayol: Buvijonlarimizning yengil bo'lmagan hayoti

BBC Jahon Xizmati "100 ayol" mavsumini davom ettirmoqda.

Mavsum mobaynida yirik o'zgarishlar uchun o'zini fido qilayotgan va ko'zga ko'rinarli muvaffaqiyatlarga erishgan mashhur ayollardan tortib, oilasi, ro'zg'ori yukini tashiyotgan oddiy xotin-qizlar haqida ham so'z yuritiladi.

O'tgan asr boshlarida endigina paranjidan chiqqan va chiqarilgan Markaziy Osiyodagi buvilarimiz qanday yutuqlarni qo'lga kiritgan edilar?

Ayrim buvijonlarimiz ishlashgan, ayrimlari farzandlari savodi bilan shug'ullangan, ammo har holatda ham hayotning pastu-balandliklariga chidashganiga shubha yo'q.

BBC O'zbek Xizmati eski albomlardagi buvijonlarimiz fotosuratlari ortidagi bir necha hikoyani e'tiboringizga havola etadi.

Zubayda Dovud qizi. 1907 yili Samarqandda tug'ilgan. U boy, o'ziga to'q oilada o'sib ulg'aygan. Yoshligidan bilim olishga qiziqqan. Zubayda buvi tahsilni Moskva va Leningrad shaharlarida olib kelganidan keyin, Sho'ro tizimlarida ishlab, faol qatnashgan. Stalin davrida Turkiston Inqilobiy adliya tizimida ishlagan turmush o'rtog'i qatag'on qilindi. Zubayda buvi xalq dushmani oilasi tamg'asi bilan yashagan. U Toshkent "jensovetlari" birida ishlab, xalq orasida "Komissar xola" deb tanilgandi. Umrining oxirigacha marshal Rokossovskiy va Jukov xotiralari bilan birga Qur'oni Karimni o'qib yurgan.

Hidoyat Ashurboeva. 1922 yilda Qirg'izistonning O'sh shahrida tavallud topgan. Ota-onasi dunyodan erta o'tishadi va u opasining qo'lida qoladi, turmush quradi. 1942 yilda eri urushga ketib, bir farzandi bilan qoladi. Oradan 3 yil o'tib eridan "qoraxat" keladi. O'shdagi vaziyat og'irlashgani uchun opasi bilan Dushanbega, uzoq qarindoshlarining uyiga kelishadi. O'sha yerda opasi uni xo'jandlik Muso G'ozi o'g'li degan yigitga turmushga beradi. Ular Xo'jandga qaytishganidan keyin bir muddat o'tib, Hidoyatning "qoraxat" kelgan eri urushdan qaytib, Xo'jandga hech qachon ko'rmagan farzandi va xotinini izlab keladi. Hidoyat Ashurboevaning farzandlaridan biriga so'zlab bergan hikoyasi:

"Ajab zamonlar edi, bitta nonga ham qizlarini berib yuboraverishardi, hozirgi to'qchilikni qara...Opam bilan yetim qoldik... Hech qaerga sig'madik. Ishqilib, o'n to'rt yoshimda qo'shni yigitga uzatishdi. Bir oy o'tib urush boshlandi. 6 oydan keyin erim urushga ketdi, qappaygan qornim bilan qoldim. Uch oy o'tar-o'tmas suqsurday o'g'il tug'dim, Muhsinjon dedim. "Dadang bir ko'rsa edi sanginani" dedim. Kechalari yig'ladim, chok tikdim, kunduzlari dalada rizq terdim, "Muhsinjon dadang bir ko'rsa", deb o'ngimda ham tushimda ham Xudodan so'rayverdim. Yil o'tdi qo'limga bir parcha qoraxat keltirib berdilar... Bir kun opam gap topib keldi. "Sani erga beraman, er chiqdi dedi". Ko'rmaganimni san ikki yoshga to'lganingda ko'rdim bolam, hech yodimdan chiqmaydi. Qo'shnining qizi kelib, "tashqarida bir tog'a so'raydi sizni dedi". Ro'molimni boshimga tashlab chiqdim... Ko'rdimu qotdim, oyog'im ostidan yer qochdi, hamma narsa chirpirak bo'lib ketdi... Muhsinimning otasi harbiycha kiyimi bilan dunyomni o'ziga jamlab turardi. Ah bolam, bolama, nima qilarimni bilmasdim... Aytgani shu bo'ldi "Hidoyat, yur ketamiz, hammasini kechiraman, yana boshqatdan yashaymiz, qizingni ham ol, o'g'limni ham ol, erta shu payt tayyor bo'lib tur, ketasan…"

Yig'lab-yig'lab uyga kirdim, dardimni opamga yordim. "O'ldiradi sani" dedi, "bolani olib qoladi, o'zingni o'ldiradi, nima qilasan" dedi. Yuragimga necha bor ko'mgandim uni. Nega keldi dedim. Tonggacha telba bo'ldim. Xudojonimdan so'raganim bir ko'rsin degandim, Muhsinimni bir ko'rsin degandim... Ertasiga yana keldi. "Ketmayman" dedim. Muhsinga qand qurs berdi, kiyim bosh qildi. "Bir aylantirib kelaman" dedi. Bola emasmi Muhsinim qo'shilib ketdi. Bir soat o'tdi, ikki soat, kun kech bo'ldi. Na Mo'min qaytdi, na Muhsinim qaytdi..." (Suratda Hidoyat Ashurboeva ikkinchi eri Musoxon G'ozi bilan)

Risolat Rasulova. (Rasmda chapdan ikkinchi) 1926 yili Toshkentda tujjor oilasida tug'ilgan. Markaziy Osiyoda ochilgan ilk oliygohning filologiya fakultetiga kirgan birinchi qizlardan edi. Dastlab mahalliy ro'znomalardan birida korrektorlik vazifasida ish boshlagan va keyinchalik O'zbekiston Oliy Kengashi bo'limlaridan birida Sharof Rashidov rahbarligi ostida ishlagan.

G'aynijamal Sultong'ozi qizi. 1910 yilda Qozog'iston shimolidagi Kustanay viloyatida tug'ilgan. To'rt farzandning onasi, 20 ta nabirasi uchun ham u "ona" edi. Har yakshanba bozorga tushganda o'zi bilan "begona" odamlarni boshlab kelgan. Keyin bilishsa ularning hammasi uzoq-yaqin qarindoshlar ekan. Qozog'istondagi "sho'rolashtirish" davrining hamma mashshaqatlarini chekkan G'aynijamolning o'ziga to'q oilasi bor-budidan ajraldi. "Kampeska" deyishardi qozoqlar. (Ruscha "konfiskatsiya" - musodara so'zidan. Tahr.) Nima kunlarni boshdan kechirmadi, lekin bo'sh kelgani yo'q. Farzandlarini oyoqqa turg'izib, katta bir oilaga bosh bo'ldi.

Olima Xayriddin qizi. (chapda) 1890 yillar Tatariston Samara guberniyasining Muso ovulida dunyoga kelgan. Shu yerda arab yozuvida boshlang'ich maktab tahsilini olgan. Qur'on qiroati bo'yicha alohida ta'lim olgan. Otasi dehqonlardan edi, boy emas, ammo o'zlariga to'q oila farzandi bo'lgan. Uning bobokaloni Husniddin bobo Samarada bir muddat shahar hokimi bo'lgan. Birinchi Jahon urushi boshlanganidan so'ng Rossiya imperiyasi qurg'oqchilikdan aziyat chekkan va butun oila Markaziy Osiyoga ko'chib kelgan. Buxoroda umrining oxirigacha yashagan. Olima buvining hayoti og'ir kechgan. Beva qolgan Olima 5 farzandini o'zi yolg'iz katta qilgan.

Uning qizi xotiralaridan:

Savdogarlik bilan shug'ullanib, yurtma-yurt yurgan tog'am afg'on tujjori bo'lgan bo'lg'usi otam bilan tanishadi-da, uch bola bilan beva qolgan onamni otamga nikohlab beradi. Uch bola bilan goh bu akaning eshigida, goh u ukaning - ko'proq Izzat tog'amning uyida, yanga va kelinlar afti-angoriga qarab kun ko'rishdan to'ygan onam, tilini ham, dilini ham bilmasa-da, begona yurt odamiga turmushga chiqishga rozi bo'ladi. Otam turkiyni bilmas edi, onam forsiyni. Men onamdan "bir-birlaringning tillaringizni bilmasanglar, qanday qilib gaplashardinglar?", deb so'raganimda, onam, - "Otang juda oilaparvar inson edi, hamma narsani mo'l qilib qo'yardi. Uyda qoplab un, guruch, shakar, xumlarda yog' zahirasining keti uzilmasdi. Men pazanda edim, shirin-shirin taomlar pishirishga hech erinmasdim. Tez orada palov pishirishni ham o'rganib oldim, tatarcha paramach, to'ldirilgan tovuq, chakchak, "qush tili" va o'ramalarni tayyorlashda usta edim. Otang mendan rozi, men esa otangdan. Gapga hojat ham bo'lmagan", derdi.

Buxorolik yahudiy jamoasi momolari. O'zbekistondagi yahudiy jamoasi bir vaqtlar ko'p ming sonli bo'lgan. O'zbek madaniyatining eng ko'zga ko'ringan, taniqli san'atkorlari Maryam Yoqubova, Berta Davidova, Ilyos Mallaev va Muhabbat Shamaevalar ana shu jamoa vakillari bo'lishgan. Buxoroda yashagan yahudiylar jamoasi mamlakatdagi eng yiriklaridan edi. Bu suratda XX asr boshida Buxoroda yashagan yahudiy ayollar aks etgan. Sho'rolashtirish davrida asosan o'ziga to'q yashagan yahudiy oilalari ham "kollektivlashtirish" jarayonlariga yuz tutib, mol-mulklari musodara etilgan, qatag'on etilgan. Sho'rolar davrida ham ularga nisbatan ko'plab "norasmiy" cheklovlar mavjud edi. Sovet Ittifoqi qulashi ortidan ko'plab yahudiylar muhojiratga yo'l oldilar. Hozirda Buxoroda kam sonli yahudiylar jamoasi qolgan, xolos.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq