O'zbek yozuvchisi xalqaro tanlov sovrindori

O'zbekistonlik yozuvchi Muhammad Sharif Image copyright Muhammad Sharif

O'zbekistonlik yozuvchi Muhammad Sharif Londonda bo'lib o'tgan "Ochiq Ovroosiyo" Adabiyot festivali va kitob forumining sovrindori bo'ldi.

"Ochiq Ovroosiyo" festivali 25-28 noyabr kunlari bo'lib o'tdi.

Tashkilotchilar xabar qilishlaricha, 5-marta tashkil etilgan ijodiy tanlovga 40 mamlakat ijodkorlarining 1400 asari taqdim etilgan.

Ular orasidan 55 qalamkash ijodi tanlab olingan.

Londondagi beshinchi tanlov g'olibi deb turkmanistonlik Maral Xidirova topildi.

Endi g'olibaning kitobi ingliz tiliga tarjima qilinadi, uning o'zi kelgusi adabiyot festivaliga tashrif buyuradi.

O'zbekistonlik yozuvchi Muhammad Sharif adabiy tanlovda ikkinchi o'rinni egallagan.

London tanlovida O'zbekiston Xalq yozuvchisi Erkin A'zamning shoir va tarjimon A'zam Obidov ingliz tiliga o'girgan kitobi taqdimoti ham bo'lib o'tgan.

Image copyright #openeurasianbookforumandliteraturefestival

"Londonda o'tkazilgan Ochiq Markaziy Osiyo adabiyot va kitob festivalida hikoyalarimning mukofotga loyiq topilgani meni albatta quvontiradi. Bu festival o'zbek adabiyotini dunyoga tanitishga hissa qo'shayotgani ajoyib hol. O'zbek ijodkorlari, jumladan ustoz Erkin A'zamning asarlari frantsuz va ingliz tillariga tarjima qilinganidan ham quvonib, ham havas qilib yurar edik. Bizga ham ustozlar yo'lini bersin, deb umid qilishning o'zi bir baxt. Rosa ikki kun avval tong saharda telefon qo'ng'irog'idan uyg'onib ketdim. Ertalabdan kishiga malol kelar ekan, lekin javob berdim. Go'shakdan dadil, hukmfarmo ovoz keldi. Bilsam, bugun shu mukofotni olgan "Somon yo'li" turkum hikoyalarimning qahramoni - do'xtir ekan. Uch yil bo'luvdi Rossiyaga ketganiga. Qaerlarda yuribsiz, dedim quvonib. Men "Somon yo'li"ni ichidan chiqib kelyapman, dedi u. Demak, kitobni o'qibdi, shundan xursand bo'ldim. Kelibdi, qizini chiqarmoqchi ekan, to'yga aytgani qo'ng'iroq qilgan ekan. Xullas, shu qahramonimning rostmana o'zbekona jo'mardligi, qiyinchilik ko'rgan sari toblanishi va hayotga muhabbati xalqaro miqyosda e'tirof etilganidan mamnunman", deydi Muhammad Sharif.

Muhammad Sharif (Muhammadsharif Mamatqulov) 1968 yil Namangan viloyati, Kosonsoy tumanining Go'rmiron qishlog'ida tug'ilgan.

Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan (1988-1993).

Hikoyalari "Yoshlik" va "Sharq Yulduzi" jurnallari hamda respublikaning boshqa adabiy jurnal va gazetalarida 1990 yillardan buyon chop etib kelinadi.

Turli yillarda "Hayot va iqtisod", "O'zbekiston tabiati", "Vatan" nashrlarida, O'zbekiston Milliy axborot agentligida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit dasturida faoliyat yuritgan.

2014 yili "S.A. xotiralari" qissasi Markaziy Osiyoning beshta mamlakati ijodkorlari uchun o'tkazilgan novellalar konkursida beshta eng yaxshi asarlardan biri sifatida g'olib topilib, ingliz va rus tillariga tarjima qilingan va http://novellasia.net vebsaytida onlayn buklet sifatida e'lon qilindi. "Kuldirgich" hikoyasi 2015 yili Rossiyaning "Zvezda" jurnalida chop etilgan.

2016 yili yozuvchining ilk hikoyalar to'plami - "Tolko'prik" kitobi taniqli yozuvchi Erkin A'zam so'zboshisi bilan nashrdan chiqdi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring