BBCga aytaman: "O'g'limni topib bering"

Ulug'bek Eshovning bolalikdagi rasmi Image copyright Eshova
Image caption Ulug'bek Eshovning bolalikdagi rasmi

Azizlar, mening o'g'lim Ulug'bek Eshov 1975 yilda tavallud topgan. 1993 yilda Toshkentda bir xonadonni tunagan sherigi A.S bilan birga bo'lgan.

Ular kirgan xonadon egasi qo'rqqanidan qichqirgan, "yordam beringlar", deb dod solgan. O'shanda kichik serjant bo'lgan bir kishi uyiga qaytayotgan bo'ladi. Yordamga kiradi. Militsiyaga xabar qilishadi.

Yakkasaroy Ichki ishlar xodimlari yetib kelishadi. A.ning sumkasidan ayrim ashyolar chiqadi. Ular orasida sun'iy charmdan kurtka, sport kiyimi chiqadi.

Militsiya kelishi bilan ularni tashqarida kutib turgan taksi haydovchisi va boshqa sheriklari qochib qoladi.

O'lim bilan tahdid qilish, guruh bo'lib jinoyat sodir etish kabi ayblar bilan 10 yilga kesishadi.

Menga qamoqdan o'g'lim bir xat chiqaradi.

Image copyright Eshova
Image caption Oradan bir yil o'tib o'lim guvohnomasi keladi...

Unda "Oyijon, bir amallab menga advokat yollang, biz xonadon egasiga qo'l ham tegizmadik, ammo u o'n yil jazo beringlar debdi, agar advokatga kuchingiz yetmasa, mayli men chidayman", deb bitilgandi.

1999 yili Islom Karimov amnistiya e'lon qilganini eslayman.

Men ham Prezident ma'muriyatiga bordim, o'g'limni kechirishlari, yosh umri qamoqda xazon bo'lmasligi uchun ariza yozdim.

O'g'limdan xat keldi. U Buxoro viloyatining Qorovulbozor qamoqxonasiga yetib borganini yozibdi.

Men esa unga, o'g'lim, seni kechirishlari so'rab xat yozdim. Yaqinda qaytasan, ko'nglingni cho'ktirma, deb javob yozdim.

Menga nihoyat prezident ma'muriyatidan javob keldi. Kutishim kerakligi va mening arizam Ichki ishlar vazirligiga yuborilgani va javobni ham ular berishlarini yozishgandi.

O'g'lim amnistiyadan xabar topadi, qamoqona nozirining xonasiga kirib, biror xabar bormi, men qachon uyga qaytaman deb so'raydi.

Xullas, menga yetib kelgan ma'lumotlarga ko'ra, qamoqxonada o'g'limni, yana bir necha kishini qotillikka undashadi.

Image copyright Eshova
Image caption O'lim haqidagi guvohnoma...hech qanday tafsilotsiz

Bu qotillikda o'g'limning aloqasi borligiga men ishonmayman hech qachon...

Buxoroda sud bo'ldi. Avval o'g'lim bilan ko'rishdim. Bolam, bu qotillikda sening ham ishtiroking bormi, deb so'radim.

U "yo'q, oyijon, sudga keling, ko'rasiz, mening aybim yo'q", dedi.

O'g'limga aqalli advokat ham berishmagandi.

Guvohlardan biri hatto "menga Ulug'bekni ayblash haqida tergovchi aytdi, mening avvalgi ko'rsatmam yolg'on", dedi.

B.L ismli shaxsni ikki ayblanuvchi esa biz o'ldirdik, bizni esa qamoqxona noziri majbur qildi, deb da'vo qilishdi.

Xullas, Ulug'bekni 2000 yili may oyida o'limga hukm qilishdi.

Oradan 2001 yil 13 sentyabrda o'lganligi haqida guvohnomani 2003 yil iyulda oldim.

Men o'g'limning o'lganiga ishonmayman. Uning taqdiri haqida menga hech narsa ma'lum emas.

Chunki 2003 yili 9 iyun kuni men talab qildim bolamni ko'rsating deb, piketga chiqdim. Meni Ichki ishlar vazirligiga taklif qilishdi. O'g'lingiz tirik deyishdi. Lekin nima uchun uning o'lgani haqidagi xabarni ana shu uchrashuvdan keyin bir oy o'tib berishdi. Nima uchun 2001 yil 13 sentyabrda o'lgani haqida men ikki yil xabardor qilinmadim?

BBC, Shavkat Mirziyoyev, yaxshi odamlar ayting, o'g'lim Ulug'bek qaerda? Uning taqdiri nima kechgan?

BBC, Shavkat Mirziyoyev, ey yaxshi odamlar, ayting, o'g'lim Ulug'bek qaerda? Uning taqdiri ne kechdi?

Bashorat Eshova

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring