Rossiya sari talpinayotgan O'zbekiston

Putin va Mirziyoyev Image copyright Reuters
Image caption Putin va Mirziyoyev

Islom Karimov vafotidan so'ng O'zbekistonning yangi rahbari tashqi siyosatda ko'proq Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlashga intilayotgani kuzatilmoqda.

Kuzatuvchilarga ko'ra, dori-darmon, qishloq xo'jalik texnikalaridan tortib harbiy hamkorlikkacha barcha sohada yaqinlashishining yangi bir to'lqinini ko'rish mumkin.

Lekin shunga qaramasdan, O'zbekiston Rossiya boshchiligidagi Ovro'Osiyo (EvrAzia)iqtisodiy hamkorlik ittifoqiga hozircha qo'shilmay turishini ma'lum qildi.

Islom Karimov olamdan o'tgach uning o'rniga kelgan vaqtinchalik prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda Karimov davrida deyarli muzlab qolgan aloqalarni jonlantirishga kirishdi.

Avvalo tarang munosabat saqlanib kelayotgan Tojikiston, Qirg'iziston bilan aloqalarni ilitish uchun tashabbuslar ko'rsatildi.

Ushbu yaqinlashishlar ayniqsa Rossiya bilan yanada bo'rtibroq ko'rina boshladi.

Kuzatuvchilar ushbu yaqinlashuvlarning ayrimlarini ko'p yillar davomida yig'ilib qolgan iqtisodiy muammolarga echim izlashdan kelib chiqayotgan bo'lsa, harbiy sohadagi yondashuvni esa Rossiya salobati ostidagi andisha sifatida baholashmoqda.

Dori-darmondan tortib, qishloq xo'jalik texnikasigacha

Rossiya nashrlarining xabar berishicha, O'zbekiston hukumati mamlakatga zaruriy dori-darmonlarni yetkazib berishni so'rab murojaat qilgan.

RBK nashri O'zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi tomonidan Rossiya hukumatiga yordam so'rab yozgan maktubi nusxasiga ega ekanligini yozdi.

Maktubda O'zbekiston tomoni 167 turdagi dori va 22 turdagi tibbiy uskunalar so'rab murojaat qilgan. Unda ushbu mahsulotlar ro'yxatini Rossiya farmatsevt ishlab chiqaruvchilarga berish so'ralgan.

RBK nashri O'zbekistonning bunday yo'l tutishiga valyuta konvertatsiya muammosi tufayli eng zarur dori-darmonlarni sotib olishda yuzaga kelgan qiyinchilik bilan izohlagan.

Rossiya tomoning ushbu murojaatga qanday javob bergani ma'lum emas. Biroq rossiyalik dori-darmon ishlab chiqaruvchilar O'zbekiston bozoriga shoshilmayotgan ko'rinadi.

Ularning ham bosh muammosi - valyuta konvertatsiyasi.

"O'zbekistonda ishlashni boshlamoqchi bo'lsang, doimo tanlov qarshisida qolasan - mahalliy valyutani juda past narxlarda konvertatsiya qilish yoki to'lovni kechiktirish. Har ikkisida ham biznes zarar ko'radi", - degan Rossiya farmatsevt mahsulotlar ishlab chiqarish uyushmasi bosh direktori Viktor Dmitriev RBK nashriga.

Bundan oldinroq Rossiyaning Rostselmash shirkati Chirchiq qishloq xo'jalik texnikalari zavodi bilan kelishuvga erishgani haqida xabar chiqdi.

Unda aytilishicha, Rossiya shirkati qishloq xo'jalik texnikalarining ayrimlarini Chirchiqda yig'adi.

Rossiya bilan Toshkentdagi Toshselmash zavodi vaqtida mustahkam aloqalarga ega edi. Biroq Karimov davrida ushbu zavod binosi yer bilan yakson qilinib o'rniga gul va daraxtlar ekildi.

Bundan tashqari Rossiyada ishlab yurgan millionlab o'zbek muhojirlarining ishlash sharoitini yaxshilash uchun O'zbekiston Mehnat vazirligidan hay'at Rossiyaga yo'l olgan.

"O'zbekiston Rossiyadan ajralmagan"

Kuzatuvchilarning e'tiborini Rossiya bilan harbiy sohadagi yaqinlashuv tortgan.

O'zbekiston Mudofaa vaziri Qobul Berdiyev Moskvada rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan uchrashuv davomida O'zbekiston Rossiyadan ajralmagan, deya lutf qilgan.

"Bizni Rossiya bilan ko'p narsa bog'lab turadi. Bog'lab turadi deyish noo'rin, huddi biz ajralmagandekmiz. Balki bizning munosabatlarimiz uncha faol bo'lmagan davr ham bo'lgandir, biroq biz doim Rossiya bilan birgamiz va Rossiya bizning asosiy strategik hamkorimiz", - deya O'zbekiston mudofaa vaziri Qobul Berdiyevning so'zlaridan iqtibos keltirgan RIA Novosti agentligi.

Biroq Qobul Berdiyevning O'zbekiston Rossiyadan ajralmagan, degan jumlasi Rossiya mudofaa vazirligi saytida chiqqan xabarda berilmagan.

O'zbekistonlik tarixchi va tahlilchi Anvar Nazir O'zbekiston mudofaa vazirining ushbu so'zlari o'ta jiddiy xato va boshqa davlatlarda iste'foga sabab bo'lishi mumkinligini aytadi.

"Balki diplomatiya uchun, yaxshi ko'rinish uchun aytgandir. Ammo nima bo'lganda ham bu odam O'zbekistondagi bir vazirlikni boshqarayotgan odam va uning bu gaplari O'zbekiston suverenetiga hurmatsizlik bo'lgan. O'zbekiston 25 yildan beri mustaqil va o'z armiyasini soliqlari evaziga o'zi boqadi. Qobul Berdiyev ham o'zbek xalqining soliqlaridan maosh oladi. Agar bu gapni boshqa davlat mulozimi aytganida iste'fosiga sabab bo'lardi", - deydi Anvar Nazir BBC O'zbek bilan suhbatda.

Tahlilchi mudofaa vazirining bu gaplari O'zbekiston tashqi siyosatda butkul Rossiya ta'siriga tushib borayotganini anglatmasligiga umid qiladi.

"Shavkat Mirziyoyev o'z chiqishlarida O'zbekiston o'z hududi harbiy bazalarga izn bermasligi, birorta harbiy blokka qo'shilmasligi va o'zbek askarlari boshqa yurtda jang qilmasligini doim ta'kidlab kelayapti. O'ylaymanki, Rossiya bilan ham hamkorlik bo'ladi, ammo uning ta'siriga tushilmaydi," - deydi Anvar Nazir.

Frantsiyada istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ham Rossiya O'zbekiston munosabatlari ittifoqlar dorasida emas, balki ikki tomonlama munosabatlar shaklida rivojlanishini taxmin qiladi.

"Rossiyaga keladigan bo'lsak, menimcha, yangi hukumat Islom Karimovning asosiy yo'lini tanlaydi - "O'zbekistonning suverenitetini tushiruvchi hech qanday harbiy, siyosiy va iqtisodiy ittifoqlarga kirmaslik" va "hech qaysi davlatga harbiy bazalar uchun mamlakat hududini bermaslik". Yangi hukumat bir necha marotaba Islom Karimovning tashqi siyosatini mahkam ushlashini takrorladi", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Tahlilchiga ko'ra, bu O'zbekistonning Rossiya boshchiligidagi iqtisodiy va harbiy ittifoqlarga a'zo bo'lmasligidan darak beradi.

O'zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri o'rinbosari Shavkat To'laganov O'zbekiston Rossiya boshchiligidagi Ovro'Osiyo ittifoqiga a'zo bo'lish niyati yo'qligini bildirdi.

Uning aytishicha, o'zbekistonlik mutaxassislar ushbu ittifoqqa qo'shilish O'zbekistonga hech qanday ustunlik bermasligi, aksincha ma'lum holatlarda zarar keltirishi mumkin degan xulosaga kelishgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq