O'zbekiston: "saylovga bormoqchimisiz, tekin taksi bor"

Toshkent

Bu kabi takliflar O'zbekiston poytaxti Toshkentda 4 dekabr - yakshanba kungi prezident saylovlari arafasida yangragan.

Yo'lovchi tashish bilan shug'ullanuvchi Easy Taxi ga o'xshash ayrim taksi shirkatlari shaharlik saylovchilarni ovoz berish shoxobchalariga tekinga eltib qo'yishlarini bildirishgan.

Jumladan, yakshanba kungi bepul xizmatlari faqat poytaxt Toshkent bilan cheklanishini ma'lum qilgan Easy Taxi bu haqda o'zining Facebook dagi akkauntida e'lon bergan.

Ammo shirkatning bu e'loni faqat shugina takliflari bilan cheklanmagan.

Easy Taxi o'zining kirish so'zida saylovda "har bir kishining ovozi juda muhim ekani"ni alohida ta'kidlarkan, barchani "mamlakat uchun bu muhim voqe'likka bee'tibor bo'lmaslik"ka chaqirgan.

"O'z tomonlaridan esa, Toshkentdagi barcha fuqarolarni saylov shoxobchalarigacha bir tiyin haq olmay eltib qo'yajaklari"ni bildirgan.

Eslatib o'tish joiz, bunaqasi mustaqil O'zbekistonning 25 yillik saylovchilik tajribasida kuzatilmagan.

Yakshanba kungi saylovlarda ja'mi 21,4 million saylovchi ovoz berishi kutilmoqda.

Ammo...

O'zbekiston prezident saylovi kuni poytaxt Toshkent aholisini ko'zda tutuvchi bu kabi yengilliklar faqat ayrim takchi shirkatlarininggina tashabbuslari bilan cheklanmagan.

30 noyabr kuni Toshkent shahar hokimligi ham o'ziga xos bayonot bilan chiqqan, saylov kunida poytaxtdagi barcha yo'nalishlar bo'yicha qatnovchi avtobus va metro xizmati mahalliy vaqt bilan sahar soat 05:00 dan ish boshlashi, ularning kun davomida yo'lovchilarga bepul xizmat ko'rsatishini ma'lum qilgandi.

Hokimlik bu ishni saylovlarning Toshkent shahrida yuqori tashkiliy darajada o'tkazilishi, saylovchilar va tadbir ishtirokchilariga yanada qulayliklar yaratish maqsadida qilayotganini bildirgandi.

Ammo, ular ham, yakunida barchani "o'z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, yurt kelajagi uchun ovoz berish"ga chaqirishni unutishmagandi.

4 dekabr kungi prezident saylovi mustaqil O'zbekistonning chorak asrlik tarixida ilk bor marhum prezident Islom Karimovsiz kechadi.

Unga O'zbekiston prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev doxil yana uch nomzod prezidentlik kursisi uchun bellashishadi.

Bu - 2003 yildan buyon O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maqomida bo'lgan 59 yoshli Shavkat Mirziyoyevning ilk bor prezident saylovida ishtirok etishi bo'ladi.

Aynan Shavkat Mirziyoyev janoblari esa, turli doiralarda marhum Islom Karimov o'rniga asosiy da'vogar sifatida ko'rilmoqda.

Agar...

Toshkentdan olingan ayrim xabarlarga tayanilsa, naq saylovlar arafasida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov ham bu kabi da'vatlardan chetda qolmagan.

Turli din vakillari ishtirokida bo'lib o'tgan davra suhbati chog'ida u kishi ham fuqarolarni yakshanba kungi prezident saylovida faollik bilan ovoz berishga chaqirgan.

Muftiy hazratlari ham, "Saylovlar - mamlakat uchun muhim siyosiy voqe'lik" ekanini alohida ta'kidlagan.

O'zbekiston prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi mamlakat Bosh vaziri va prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev shu yil oktyabr oyida musulmon olamining xavfsizligi haqida chiqish qilgan.

Janob Mirziyoyev O'zbekiston tashkilotga a'zo mamlakatlar va, umuman, musulmon olamining xavfsiz va farovon davlatlarga aylanishiga ishonishini aytgan.

Uning bu so'zlari o'zi muvaqqat prezident sifatida ilk bor mezbonlik qilgan Islom Hamkorlik Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentda bo'lib o'tgan 43-sessiyasi ochilish marosimi chog'ida yangragandi.

Marhum prezident Islom Karimov boshqaruvi bilan kechgan chorak asrlik vaqt davomida esa, O'zbekistondagi diniy erkinlik bilan bog'liq ahvol yetakchi G'arb davlatlari, qator xalqaro tashkilotlar va huquq himoyachilari tomonidan jiddiy tanqidga uchrab kelgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring