Yangi prezident Oqsaroydan foydalanmaydimi?

Islom Karimov Image copyright COURTESY

Rossiyaning TASS axborot agentligi o'z manbalariga tayanib xabar berishicha, O'zbekiston prezidentining bosh qarorgohi bo'lib kelgan Oqsaroy muzeyga aylantirilishi mumkin.

"2 sentyabr kuni vafot etgan O'zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov muzeyini Toshkentdagi Oqsaroy qarorgohida barpo qilish mo'ljallanmoqda", - deyiladi xabarda.

Bungacha Islom Karimov muzeyi ochilishi borasida uning kenja qizi Lola Karimova-Tillaevaning Facebook dagi sahifasida ham aytilgandi.

"Otamning xotiralari va hayotda amal qilgan tamoyillarini abadiylashtirish maqsadida men onam bilan birgalikda Islom Karimov nomi bilan ataluvchi jamoatchilik xayriya Fondiga asos soldik. Fond o'z oldiga O'zbekistonning birinchi Prezidenti xotirasiga bag'ishlangan muzeyni tashkil qilish va Vatanimiz mustaqilligining asoschisi to'g'risida maqola va asarlar nashr etishni maqsad qilib olgan", - degan Lola Karimova-Tillaeva onasi bilan prezident kabinetida tushgan surati ostiga.

Bundan oldinroq Oqsaroyning muzeyga aylantirilishi to'g'risida uzmetronom.com nashri ham xabar bergandi.

Web nashrga ko'ra, Oqsaroyda muzeyning ochilish marosimi Islom Karimovning 79 yoshi nishonlanadigan 2017 yilning 30 yanvarida bo'lib o'tadi.

Xabarda aytilishicha, yangi saylangan prezident Mustaqillik maydonidagi Senat binosining ikkinchi qavatiga joylashadi.

Ikki yil ichida yangi prezident uchun yangi qarorgoh qurilishi mumkin. Biroq ushbu qarorgohning qaerda barpo etilishi borasida xabar berilmagan.

Qush ham ucholmaydigan qarorgoh

2004 yildan buyon marhum prezident Islom Karimovning asosiy ish joyi sifatida ko'rilgan Oqsaroy qarorgohi xalq orasida qush ham kirolmaydigan ob'ekt sifatida tanilgan.

Qarorgoh darvozasiga kiruvchi ko'chaga oddiy avtomobillar qo'yilmagan. Saroy har tomonlama qattiq qo'riqlangan.

Prezident Karimov ushbu saroyda asosan chet ellik yuksak martabali mehmonlarni qabul qilishda ham foydalangan.

Biroq jurnalistlarga bu yerga kirish amrimahol bo'lgan. Sababi - matbuot anjumanlari shaharning boshqa nuqtalari va Do'rmonda o'tkazilgan.

Biroq 2005 yildagi Andijon voqealaridan so'ng Islom Karimov tayyorgarlikdan o'tmagan va noqulay savol beruvchi jurnalistlar bilan deyarli uchrashmay qo'ygan.

Jurnalistlarning ma'lum qilishicha, ayni damda Oqsaroyni qo'riqlash darajasi tushirilgan. Postlar soni bora-bora kamaytirilmoqda.

Rossiyaning Sputnik-O'zbekiston internet nashri biroz avval tarqatgan xabarga tayanilsa, mazkur xabarlarga oydinlik kiritish uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati bilan bog'langan.

Ammo, nashrga ko'ra, matbuot xizmati bu mavzuda hech qanday xabar tarqatmagani hamda bu xabarga izoh bermaganini ma'lum qilib, yuqoridagi xabarlarni inkor qilgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring