Urganch galereyasidagi suratlar yo'q qilinadimi?

Shuhrat Bobojonovning "Bola baxshi portreti" Image copyright Shuhrat Bobojonov
Image caption "Bola baxshi portreti" dunyo san'atshunoslari nazariga tushgan asar

O'zbek rassomlari Vyacheslav Oxunov va Shuhrat Bobojonovlarning 30 ga yaqin suratlari taqdiridan xavotir paydo bo'lgan.

Vyacheslav Oxunov va Shuhrat Bobojonovning Urganch Suratlar galereyasi fondidan o'rin olgan asarlarini yo'q qilishga qaror qilingan, deya xabar tarqatdi galereyaning sobiq bosh muhofizi Shirin Tosheva o'zining Facebookdagi sahifasida.

Bundan oldin O'zbekiston Madaniyat va Sport vazirligidagi ismi aytilishini istamagan mulozim bu haqda rassomlardan biriga ma'lum qilgan.

Shirin Toshevaning BBCga aytishicha, noyabr oyida Urganch Suratlar galereyasida O'zbekiston MXXsi, Prokuratura, O'zbekiston Madaniyat va Sport vazirligi, Xorazm viloyat Madaniyat va Sport boshqarmasi va boshqa tashkilotlarning xodimlari ishtirokidagi komissiya tekshirish o'tkazgan.

Tekshiruv ortidan galereya bosh muhofizi Shirin Tosheva ishdan bo'shatilgan. Toshevaning qo'l telefonidagi keyingi ikki yildagi so'zlashuv va yozishmalar MXX maxsus bo'limi tarafidan tekshirilgan.

Komissiya Urganch galereyasida saqlanayotgan rassom Vyacheslav Oxunovning 10 ga yaqin, rassom va jurnalist Shuhrat Bobojonovning 20 ga yaqin rangtasvir asarlarini yo'q qilish kerak, degan qarorga keldi, deydi Shirin Tosheva.

"Siz o'sha qaror matnini ko'rdingizmi", degan savolga Shirin Tosheva, o'zini ishdan bo'shatishgani uchun qaror bilan tanishish imkoni bo'lmaganini aytdi.

Ma'lum bo'lishicha, Urganch galereyasidagi so'nggi tekshirish paytida bundan 15 yilcha oldin haqiqiy haykal soxtasiga almashtirib qo'yilgani ham aniqlagan.

BBC Urganch Suratlar galereyasi direktori Marimboy Otamurodov bilan bog'landi.

Marimboy Otamurodov galereyada tekshiruv o'tkazilganini tasdiqladi.

Image copyright Vyacheslav Akhunov
Image caption Vyacheslav Oxunov 2011 yildan buyon chiqish vizasini ololmayapti

"Biroq bu har doimgi inventarizatsiya tekshiruvlaridan biri edi", dedi galereya direktori.

Marimboy Otamurodov suratlarni yo'q qilishga qaror qilingani haqidagi xabarni "bo'lmagan gap" dedi.

"Agar biror suratni ko'rgazmadan olib qo'yishga qaror qilinsa, u galereyaning saqlash xonasida saqlanaveradi", dedi Marimboy Otamurodov.

68 yoshli Vyacheslav Oxunovning "Moni" va 53 yashar Shuhrat Bobojonovning "Bola baxshi portreti" kabi asarlari Urganch galereyasida saqlangan va dunyo san'atshunoslarining e'tiboriga tushgan.

Bu asarlar 1984 yildan 1988 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston SSR Madaniyat vazirligi huzridagi Davlat ekspert komissiyasi xulosasiga asosan O'zbekiston SSR Madaniyat vazirligi ajratgan pulga sotib olingan.

Shuningdek, bu ikki rassom asarlari O'zbekiston Badiiy ko'rgazmalar fondida, O'zbekiston Davlat san'at muzeyi va O'zbekiston Milliy banki galereyasida ham mavjud.

Odatda muzeydagi rasm yaroqsiz ahvolga tushsa va uni restavratsiya qilishni 100 foiz imkoni bo'lmasa maxsus komissiya xulosasiga ko'ra xazina hisobidan chiqarib yo'q qilinishi mumkin.

Nega aynan bu ikki rassom?

Bu rassomlar siësiy faolligi bilan ajralib turadi.

Shuhrat Bobojonov 2001 yilda O'zbekiston Badiiy akademiyasidan siësiy sabab bilan haydab yuborilganida Vyacheslav Oxunov bu haydalish haqida "installyatsiya" tashkil qilib jamoatchilik e'tiborini rassomnimg siësiy repressiya qilinganiga qaratgan.

Vyacheslav Oxunovning muhojiratdagi muxolifat arbobi Muhammad Solih bilan chet el safarlari paytida uchrashgani O'zbek rasmiylari tarafidan yomon kutib olingan.

Image copyright Shuhrat bobojonov
Image caption Shuhrat Bobojonovning suratlari ostiga muallif ismi sharifi yozilmagan

Buning ortidan Vyacheslav Oxunovga 2011 yildan buyon O'zbekistondan xorijga chiqishga ruxsat berilmayapti.

Urganch Suratlar galereyasiga qo'yilgan Shuhrat Bobojonovning asarlari ostida uning ismi-sharifi yozilmagan, suratlar noma'lum rassom suratlaridek namoyish etib kelingan.

BBC bilan suhbatda Vyacheslav Oxunov o'z suratlarining Urganch galereyasidan olib tashlanishidan bexabarligini aytdi.

"1937 yili Germaniyada hokimiyat tepasiga kelgan fashistlar ham komissiyalar tuzishgan. Bu komissiyalarning vazifasi, ular o'zlarining ta'biricha, "degenerativ" san'at" asarlari namunalarini izlab topish bo'lgan. Modernizm oqimida ijod qilgan ijodkorlarning asarlarini yo'q qilishga buyruq berilgan. Aytmoqchimanki, bu yangilik emas. Agar bunday narsa O'zbekistonda takrorlanayotgan bo'lsa, bu jiddiy simptom. Agar mening asarlarimni xohlamayotgan bo'lsalar, nega mening suratlarimni yo'q qilishadi? Hozir mening suratlarim Ovro'poda 100000 Yevroga baholanyapti. Suratni istashmasa, muallifiga berishsin. Yoki G'arbga sotishsin. San'at asarini yo'q qilish - yovvoyilik, vahshiylik. Bu "Islomiy Davlat"ning Suriyadagi asarlar, muzey eksponatlarini yo'q qilayotganiga teng amal", dedi Vyacheslav Oxunov.

Zamonaviy O'zbekistonda rassom Bahodir Jalolovning Tarix muzeyi va "Bahor" ansambli devorlaridagi rasmlari hukumat buyrug'i bilan nobud qilingan edi.

Bundan tashqari, Urganchdagi Ogahiy teatri devoridagi rassom Viktor Gan ishlagan unikal freska ham mahalliy mulozimlar tarafidan o'chirib tashlangan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring