Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston Prezidenti etib saylandi

Shavkat Mirziyoyev Image copyright Ria-Novosti
Image caption Toshkentda tarafdorlari qarshisida gapirgan Mirziyoyev saylovoldi va'dalarini bajarishga so'z bergan
Mirziyoyev Image copyright kun.uz
Image caption Mirziyoyevning g'alabasiga hech kim shubha qilmagandi

Markaziy Saylov Komissiyasining ma'lum qilishicha, yakshanba kungi saylovlarda Bosh Vazir Shavkat Mirziyoyev 88,61 foiz ovoz bilan O'zbekiston Prezidenti etib saylangan.

Bu haqda MSK raisi Mirza-Ulug'bek Abdusalomov Toshkentda o'tgan brifing chog'ida e'lon qilgan.

Janob Abdusalomovning aytishicha, ovoz berish jarayonlarida saylovchilarning 87,73 foizi ishtirok etgan va "qonunbuzarliklar qayd etilmagan".

Janob Abdusalomov bu raqamlarni "dastlabki natijalar" deya taqdim etgan.

Shu tariqa 59 yoshli Shavkat Mirziyoyev mustaqil O'zbekiston tarixida ikkinchi Prezident etib saylangan.

Konstitutsiyaga muvofiq, janob Mirziyoyev parlamentga yangi Bosh vazir nomzodini taqdim qilishi kerak.

Bosh vazir o'rinbosari Rustam Azimov Bosh vazirlikka asosiy nomzod sanaladi.

O'tmishda u janob Mirziyoyev bilan bir qatorda prezidentlikka ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida ko'rilgan.

Image copyright courtesy
Image caption Shavkat Mirziyoyev yakshanba kuni oila-a'zolari bilan ovoz bergan

Ayrim xabarlarga ko'ra, Shavkat Mirziyoyevni qasamyodga keltirish marosimi yangi yildan avval ham bo'lishi mumkin.

Bugun ertalabdan Toshkentdagi "O'zekspomarkaz" binosida Shavkat Mirziyoyev tarafdorlari g'alabani nishonlashga tayyorgarlik ko'rayotgani haqida xabarlar olingan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin janob Mirziyoyevni tabriklagan birinchi xorijiy rahbar bo'lgan.

Kreml matbuot xizmatining bildirishicha, Putin Mirziyoyevni Rossiyaga taklif qilgan.

Kremlga ko'ra, "taklifnoma mamnuniyat bilan qabul qilingan".

Markaziy Saylov Komissiyasida o'tgan brifingda qolgan uch nomzod-Ketmonov, Umarov va Otamurodovlar "mag'lubiyatlarini tan olishgan" va Mirziyoevni "mutlaq g'alabasi" bilan tabriklaganlar.

Shavkat Mirziyoyevning o'zi ham brifingda qatnashib, qisqa nutq so'zlagani xabar qilinmoqda.

U saylovchilarga faol ishtiroklari uchun minnatdorchilik bildirgan va saylovoldi dasturini hayotga tadbiq etishga va'da bergan.

"Nodemokratik saylovlar"

Saylovlarni kuzatgan Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti ovoz berish jarayonlarini "nodemokratik" deya tanqid qilgan.

Toshkentda o'tgan matbuot anjumanida OXHT ning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi missiyasi rahbari Piter Teylor saylovlarda raqobat bo'lmaganini ta'kidlagan.

"Saylov kunida jiddiy qonun buzilishlari, jumladan, saylov varaqalarini ovoz berish qutisiga noqonuniy tashlash hollari qayd etildi", deya Piter Teylorning so'zlaridan iqtibos keltirgan "RIA-Novosti" agentligi.

OXHT bu yil o'z tarixida birinchi marta O'zbekistondagi saylovlarga to'laqonli kuzatuvchilar hay'atini yuborgandi.

Tashkilot bundan avvalgi saylovlarni ham nodemokratik va erkin emas, deb baholagan.

Kutilgan natija

Yaxshi tashkillashtirilgan va qattiq xavfsizlik choralari ostida o'tgan muxolifatsiz saylovlarda janob Mirziyoyevning g'alabasiga hech kim shubha qilmagan.

Tahlilchilar qo'ygan asosiy savol uning qancha foiz ovoz olishida edi.

Marhum Islom Karimov 1991 yil dekabridagi ilk saylovlarda 87 foiz, undan keyingi saylovlarda esa 90 va 95 foizdan ko'proq ovozlarni olib kelgan.

Image copyright XDP
Image caption Hatamjon Ketmonov saylovda o'zi uchun ovoz bergan

Oxirgi uch oyda vaqtincha Prezident vazifasini bajarib kelgan Mirziyoyev saylovoldi tashviqotlarida o'zini Liberal-demokratik partiya nomzodi emas, balki marhum Islom Karimovning siyosiy vorisi va "farzandi" deya taqdim etgan.

U saylovchilar bilan uchrashuvlarda aholining turmush tarzini yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish va hokimiyat vakillarini xalq oldida hisob berishga majburlash singari va'dalarni bergan.

Saylovlar kuni BBCga gapirgan mahalliy faollar o'tgan uch oyda aholi turmushida sezilarli o'zgarish yuz bermagani, ammo odamlarda umid paydo bo'lganini aytishgan.

Farg'onalik jurnalist Bahodir Eliboevning so'zlariga ko'ra, "oddiy odamlar Karimovdan boshqa odam ham Prezident bo'lishi mumkinligiga ishona boshlaganlar".

Ularga ko'ra, Bosh vazirning Virtual qabulxonasi odamlarni hokimiyatga arz qilib, muammolarni yechish mumkinligiga ishontirgan.

O'zini sayladi

Markaziy Saylov Komissiyasining ma'lum qilishicha, ikkinchi o'rin 3,73 foiz ovoz bilan Mirziyoyevga "raqib" nomzodlar orasida eng mashhuri Hatamjon Ketmonovga nasib etgan.

Xalq-demokratik partiyasidan nomzod Ketmonov yakshanba kuni Toshkentdagi saylov uchastkasida "o'zi uchun" ovoz berganini aytgan.

Bu haqda Rossiyaning "RIA-Novosti" agentligi xabar tarqatgan.

Jurnalistlarning "o'zingiz uchun uchun ovoz berdingizmi?" degan savoliga janob Ketmonov "ha", deb javob bergan.

2000 yildagi Prezident saylovlarda uning salafi Abduhafiz Jalolov raqibi Islom Karimovga ovoz bergani uchun AQSh Davlat Departamenti voizi tomonidan kulgi qilingandi.

"Adolat" Sotsial-demokratik partiyasi Narimon Umarov 3,46 foiz, "Milliy tiklanish" partiyasi nomzodi Sarvar Otamurodov esa 2,35 foiz ovoz olgan.

Raqib nomzodlarning birontasi ham amaldagi hukumat yoki Prezident vazifasini bajaruvchini tanqid qilishmagan.

Ular aholining elektr va gaz taqchilligi kabi dolzarb muammolarini echish yuzasidan aniq va'dalar ham berishmagan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring