Yangi saylov eskicha o'tdimi?

Shavkat Mirziyoyev Image copyright kun.uz
Image caption Shavkat Mirziyoyev saylovda g'alaba qozonib, O'zbekiston prezidenti bo'ldi

Shavkat Mirziyoyev g'alabasi bilan yakunlangan O'zbekiston prezidentlik saylovi dunyo matbuoti e'tiborini ko'p tortgani yo'q.

Bu borada yozganlari esa marhum Karimov davridagi saylovlardan juda kam farq qilishini eslatishgan.

Eurasianet.org websahifasi ovoz berishni "eski qoidalar asosida o'tayotgan yangi saylov" deb atagan.

"4 nomzod ichidan faqatgina vaqtincha prezident Shavkat Mirziyoyev nomzodi ahamiyatga molik. Shunday bo'lsa-da, bu safargi saylov oldi kampaniyasi biroz boshqacha bo'ldi. Demokratik raqobatni ko'rsatish uchun asosiy nomzoddan boshqa kandidatlarning ham borligi sezildi", - deyiladi maqolada.

Muallifga ko'ra, hukumat siyosiy tizimni boshdan oyoq isloh qilish niyati borligini ko'rsatmagan bo'lsa-da, o'zgarishlar bo'layotganini ko'rsatishga harakat qilmoqda.

Maqolada aytilishicha, mavjud ma'muriy resurslardan foydalangan Shavkat Mirziyoyevni davlat matbuoti rosa reklama qilgan.

Shavkat Mirziyoyev oilasi va hayotidagi film ayni maqola "maqtovga to'la hujjatli film" deb izohlaydi va Shavkat Mirziyoyevning "saylovda yutib chiqishi oldindan ma'luml" bo'lganini urg'ulaydi.

Avvalgisiga o'xshamas

Xorij matbuotiga ko'ra, mustaqil O'zbekistonda Karimovsiz o'tgan ilk prezidentlik saylovini avvalgilaridan ajratib turgan jihatlari ham yo'q emas.

Xususan, bu safargi saylovda nomzodlarga o'zlarini targ'ib qilish uchun bir xil sharoit yaratishga harakat qilishgan.

Bu haqida OXHTning demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha Qo'mitasi xisobotida ham aytib o'tilgan.

Karimov davrida boshqa nomzodlarning soyada qolib ketgani kuzatilgani aytiladi. Ilgari, muqobil nomzodlar, o'zlarini reklama qilishga urinib ham o'tirishmagan.

Shu sababdan ham 2015 yildagi saylovda ishtirok etgan "dejurny" nomzodlar - Hotamjon Ketmonov va Narimon Umarovlar 3% ham ovoz ololmagan.

Bu yil ayni jabhada demokratik o'zgarishlari kechayotganini ko'rsatishga harakat qilindi.

Lekin Eurasianet.org maqolasida yozilishicha, "boshqa nomzodlar hukumat tomonidan muhokamaga ochib qo'yilgan masalalar doirasidagina fikr bildirishgan".

Poyga boshlanmasdan ma'lum g'olib

Reuters agentligi esa vaqtinchalik prezident Shavkat Mirziyoyevning yutib chiqishi aniq bo'lgani haqida yoziladi.

Agentlikning o'z manbalariga tayanib yozishicha, Mirziyoyev hokimiyatni bo'lashish va'dasi evaziga katta ta'sir doirasiga ega ikki siyosiy figura - Bosh vazir o'rinbosari Rustam Azimov va MXX rahbari Rustam Inoyatovlarning dastagiga ega bo'lgan.

Saylovni, asosan, O'zbekiston va Rossiya matbuoti demokratik tamoyillarga mos o'tgan, deb ta'riflashdi.

Baribir, bu safar O'zbekiston matbuoti jarayonga ancha faol yondashgan va hatto saylov maskanlaridan jonli reportajlar uzatilgan, xabarlar yangilanib turgan.

Ushbu xabarlarda, xususan, odamlarning saylovga o'zgacha ishonch va umid bilan qarayotgani, saylovchilarning faolligi urg'ulangan.

"Saylov? Tashvishim tappi!"

Biroq Eurasianet.org e'lon qilgan boshqa bir maqolada qayd etilishicha, qishloq joylaridagi barcha odamlar ham ovoz berishga katta qiziqish bildirishmagan.

Nashr viloyatlardagi saylovchilar bilan gaplashib, ularning saylov borasida fikri bilan qiziqqan.

"Tok yo'qligidan televizorni ham tayinli ko'rolmaymiz. Kuniga bir soatdan chiroq beradi, gohida shuyam yo'q. Hozir ham tok yo'q. O'chganiga 12 soat bo'ldi" - degan 55 yoshli haydovchi Eurasianet.org bilan suhbatda.

Qashdaqardyolik Feruza ismli suhbatdosh ular mollarning orqasidan jon saqlab turganini aytgan.

"Bizni mollar qutqarib turibdi, chunki ularning tezagidan tappi qilamiz. Tandir va pechkada yaxshi yonishi uchun unga somon aralashtiramiz. Tok yo'qligidan televizor ko'rmayman. Birorta nomzod hayotimizni yaxshilashiga ishonmayman. Ular qishlog'imizga kelib, oddiy xalqning uyiga kirib turmush tarzi bilan tanishsa edi" - degan Feruza EurasiaNet.org muxbiriga.

Ularning ko'pchiligi kim yutib chiqishidan qat'iy nazar viloyatlarda ham ish o'rinlari yaratilishi istashadi. Sababi, ko'pchiligining yaqinlari non topib, oila boqish ilinjida maqsadida Rossiya va Qozog'istonga ish izlab ketishgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq