General Do'stum Kobulga qaytmoqchi

General Abdulrashid Do'stum Image copyright COURTESY

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti devoni rahbarining BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bu haqda kuni-kecha general Abdulrashid Do'stumning shaxsan o'zi e'lon qilgan.

Inoyatulloh Farahmandga ko'ra, o'zi boshchilik qiluvchi "Milliy Islomiy Uyg'onish" partiyasining 4-kongressi manzarasida kelasi hafta oxirida Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining poytaxt Kobulga qaytishi kutilmoqda.

General Abdulrashid Do'stum, qariyb uch oydirki, Afg'oniston shimolida qolayotgandi.

Janob Do'stum shu yil hisobidan uchinchisi bo'lgan yirik harbiy amaliyotlariga boshchilik qilish uchun oktyabr oyi boshida Afg'oniston shimoliga jo'nab ketgan, Turkmanistonga bevosita chegaradosh Faryob va Tojikistonga qo'shni Qunduz viloyatlarini jangarilardan tozalashga ahd qilgandi.

Ammo kutilmaganda harbiy karvoni pistirmaga duch kelarkan, yangi boshlagan amaliyotlaridan qariyb ikki haftacha o'tib, general Abdulrashid Do'stum Faryobdan Jauzjon markazi Shibirg'ondagi uyiga qaytib ketgan.

Toliblarning pistirmasi natijasida Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining yaralanganiga oid xabarlar olingan, ammo uning devoni bu kabi da'volarni keskin rad etib chiqqandi.

Ammo...

Buning ortidan, Shibirg'onda ekan, general Abdulrashid Do'stum Afg'oniston prezidenti va ijroiy raisiga qarshi keskin tanqidlar bilan chiqqan.

Ikkovlonni millatchilik, prezident Muhammad Ashraf G'aniyni, bunga qo'shimcha, qudratparastlikda ayblagan.

Xuddi ana shu omilga muvofiq, mamlakat xavfsizlik kuchlari o'rtasida hamohanglik yo'qligini aytib, mavjud holatni ham jiddiy tanqid ostiga olgan.

Tezda Loya Jirga chaqirilishi va qudratni mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq taqsimlanishini talab qilgandi.

Prezident Muhammad Ashraf G'aniy bunga javoban keskin bayonot bilan chiqqan, birinchi vitse-prezidentning bu kabi tanqidlari mas'ul idoralar tomonidan tekshirilishi lozimligini aytgan.

Ammo buning ortidan ham general Abdulrashid Do'stum o'z mavqeida qat'iy qolishini bayon qilgan, talablari markaziy hukumat tomonidan jiddiylik bilan inobatga olinmas ekan, poytaxt Kobulga qaytmasligi bilan ogohlantirgan.

Afg'oniston prezidenti va birinchi vitse-prezidenti o'rtasidagi bu kabi ziddiyat milliy birdamlik hukumati saflarida navbatdagi siyosiy bo'hronga zamina hozirlagan.

Afg'onistondagi xavfsizlik bilan bog'liq vaziyat jiddiy izdan chiqib borayotgan bir manzarada avvaliga mamlakat ijroiy raisi, buning ortidan, birinchi vitse-prezident bilan yuz bergan bu kabi holat xalqaro miqyosda ham yaxshigina xavotirlarga sabab bo'lmay qolmagan.

Mavjud muammoga Afg'oniston siyosiy tajribasida birinchisi bo'lgan milliy birdamlik hukumatining tashkil topishiga vositachilik qilgan Amerika Qo'shma Shtatlari jiddiy aralashishi lozim, degan da'vatlar yangray boshlagan bir manzarada Shibirg'ondan prezident G'aniyning birinchi muoviniga sim qoqqaniga oid xabarlar olingan.

Ilk muloqot

Bu xabarlardan janob G'aniy general Abdulrashid Do'stumning noroziligini joiz va talablarini haqli, deb topgani anglashilgan. Ammo prezident tomonidan ularning ijrosi borasida aniq va'dalar yangramagani ham ayon bo'lgandi.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining bu telefon muloqotidan mamnun qolgani, ammo o'z mavqei va talablari ijrosida qat'iy qolish niyatida ekani ma'lum bo'lgandi.

Buning ortidanoq, o'tgan oy boshida general Abdulrashid Do'stum norasmiy tashrif bilan avvaliga O'zbekiston, buning ortidan, Turkiyaga jo'nab ketgan va uning oradan uch haftacha o'tib, yaqinda Afg'onistonga qaytgani ma'lum bo'lgandi.

Norasmiy tashrif ekani bois, general janoblarining bu ikki mamlakatga safari tafsilotlari rasman oshkor etilmagan, ammo janob Do'stumga yaqin manbalar BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida uning O'zbekiston rahbariyati vakillari bilan muloqotlar olib borishi ehtimolini ham nazardan soqit etishmagandi.

O'z o'rnida, ular Toshkentga norasmiy tashrifning prezident Muhammad Ashraf G'aniy bilan mavjud ziddiyatga hech bir aloqasi yo'qligini ham alohida ta'kidlashgandi.

Ammo Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti devoni rahbarining BBC O'zbek Xizmati bilan so'nggi suhbati tafsilotlaridan ayon bo'lishicha, Turkiyada ekan, general Abdulrashid Do'stum va prezident Muhammad Ashraf G'aniy o'rtasidagi telefon muloqotlari davom etgan.

Bundan tashqari, Afg'oniston rahbarining bir qancha namoyandasi va maxsus hay'ati ham Turkiyada bo'lib qaytgan.

Yangi bayonot

Shibirg'onda kuni-kecha qilgan chiqishida esa, general Abdulrashid Do'stum o'zining tanqidlaridan maqsad - milliy birdamlik hukumati saflariga raxna solish emas, uni isloh etish bo'lgani va hozir ham xuddi shu istakda ekanliklarini aytgan.

O'zining poytaxt Kobulga qaytish-qaytmasligi masalasini prezident G'aniy bilan qandaydir salbiy munosabatlarda ekaniga bog'lash noo'rin ekanini ham ta'kidlagan.

Devoni rahbarining aytishicha, "Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti orada kechgan vaqt davomida ham bu tuzumni o'zlari qurishgani, shu bois ham, uni himoya qilishga doimo tayyor va bahamijihat ekanliklari"ni ta'kidlab kelgan.

Ammo, Inoyatulloh Farahmandga ko'ra, "bu talablari - qonuniy talablar" va "ularning amalga oshishini istashadi".

Shunday esa-da, bu masalada, halicha, "biror bir o'zgarish kuzatilmagan", - deydi u.

Bunga qo'shimcha

Uning so'zlaridan ayon bo'lishicha, general Abdulrashid Do'stum bilan bog'liq pistirma hodisasini tekshirish uchun va'da qilingan hukumat hay'ati tashkil etilgan.

Lekin, hay'at hali-hanuz voqea yuz bergan shimoliy Faryob viloyatiga tashrif buyurmagan, deydi u.

General Abdulrashid Do'stum hanuz Shibirg'onda ekan, o'tgan hafta prezident Muhammad Ashraf G'aniy Turkmanistonga uch kunlik safaridan qaytishda bir kechaga Mozori Sharif shahriga qo'nib o'tgan.

Uning shimoliy Balx viloyatiga prezident o'laroq qilgan kutilmagan bu ilk tashrifi Muhammad Ashraf G'aniyning birinchi muovini bilan uchrashish niyatida ekaniga oid gap-so'zlarga ham sabab bo'lmay qolmagan.

Ammo, devoni rahbarining so'nggi suhbati tafsilotlaridan ham ma'lum bo'lishicha, oradan qariyb uch oycha o'tsa-da, halicha ikkovlon yuzma-yuz muloqot qilishmagan.

Aksincha, prezident G'aniyning Mozori Sharifda ekan, general Abdulrashid Do'stumning siyosiy raqibi, Balx viloyati hokimi Muhammad Ato Nur bilan uchrashgani ma'lum bo'lgan.

Prezident Muhammad Ashraf G'aniyning orada Turkmaniston, Birlashgan Arab Amirliklari va Hindistonga qilgan bir necha kunlik safarlari chog'ida ham birinchi vitse-prezidenti bo'lgan general Abdulrashid Do'stum shimoliy Shibirg'on shahridagi uyida qolgan.

Ammo, eng so'nggida ta'kidlash joiz, uzoq muddatli kechikishlar va jiddiy mojarolar ortidan, yaqinda Afg'onistonda va nihoyat yangi tarkibdagi mustaqil saylov va saylov shikoyatlari komissiyasi rasman qasamyodga keltirilgan.

Bu esa, o'z navbatida, tuman, shahar va milliy kengashlarga saylovlar, buning ortidan esa, milliy birdamlik hukumatiga oid bitimda ko'zda tutilgan Loya Jirganing chaqirilishiga zamina hozirlashi mumkin, degan umidlarni ham paydo qilmay qo'ymagan.

Aynan ana shu Loya Jirgada esa, Afg'onistondagi qudrat taqsimotining mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq amalga oshirilishi ko'zda tutilgan.

General Abdulrashid Do'stum esa, Afg'oniston tarixidagi ilk o'zbek millatiga mansub vitse-prezident bo'ladi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring