Rossiyaga kelayotgan muhojirlar soni ortgan

O'zbekistonlik mehnat muhojirlari Image copyright BBCuzbek
Image caption O'zbekistonlik mehnat muhojirlari

2016 yilning ikkinchi yarmida Rossiyaga yana mehnat muhojirlari oqimi ortgan.

O'tgan ikki yil davomida mamlakatdagi inqiroz tufayli muhojirlar oqimi ozayganligi kuzatilgandi.

2016 yilning statistik ma'lumotlariga ishonilsa, muhojirlar Rossiyaning iqtisodiy holatiga ko'nikma hosil qilishgan.

Bu haqdagi ma'lumotlarni Rossiya xalq xo'jaligi akademiyasi va davlat xizmati "Iqtisodiy vaziyatni monitoring qilish" nomli hisobotida oshkor etgan.

Hisobotda sentyabr oxiriga kelib Rossiyada 10.4 million muhojir bo'lgani aytiladi. Ularning aksariyati muvaqqat va mavsumiy ishlar bilan band ekan.

Hisobot mualliflariga ko'ra, yil oxiriga kelib muhojirlarning bir qismi Rossiyani tark etishadi.

Mehnat muhojirlarining aksariyati MDH davlatlari, asosan Ukraina, O'zbekiston va Tojikiston fuqarolaridir.

Bu muhojirlarning soni 8.8 million ekani aytiladi.

Ovro'osiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a'zo davlatlar orasidan kelayotgan muhojirlar soni ko'paygan.

Ittifoqqa a'zo davlatlarning fuqarolari ishga kirish uchun ruxsatnoma olishlari shart emas.

Shuningdek, ular patent solig'idan ham ozod qilinganlar.

Ittifoqqa a'zo davlatlar orasidan qirg'izistonliklar soni ko'paygani aytilmoqda.

Ovro'po va yo AQShdan Rossiyaga kelib ishlaydiganlar oqimi deyarli to'xtab qolgan.

2014 yil bilan solishtirganda Rossiyaga kelayotgan g'arbliklar soni 80 foizga tushib ketgan.

"Nolegal"lar soni oshmoqda

RANXiGSga ko'ra, noqonuniy muhojirlar soni ham ortib bormoqda.

Bir yilda Rossiyaga o'rtacha 4 million xorijlik kirib keladi.

Ular o'z migratsiya hujjatlarida "yollanma ishchilar" degan asosni ko'rsatishadi.

Mutaxassislarga ko'ra, ulardan qariyb 1.3 millioni noqonuniy muhojirlarga aylanishadi.

Ayni paytda Rossiyaga kelayotgan noqonuniy muhojirlar soni bundan ham ko'p bo'lishi mumkin.

Chunki aksariyat ishlash uchun kelayotganini sir tutadi.

Ayni paytda Ovro'Osiyo Iqtisodiy ittifoqiga a'zo mamlakatlardan kelayotgan muhojirlar ham ish beruvchilar bilan o'z maqomlarini rasmiylashtirishmaydi.

Mutaxassislar noqonuniy muhojirlikning o'sishi sabablarini sanab o'tishgan.

Ulardan eng asosiysi mehnat muhojirining xizmatini qonuniylashtirish masalasi bilan bog'liq.

Bu esa Rossiya biznesi uchun qimmatga tushadi.

Aslida esa...

Birgina Moskva misolida olinadigan bo'lsa, mehnat muhojirlari milliardlab rubl foyda keltirayotgani aytiladi.

Rossiya poytaxti hokimi Sergey Sobyaninning bildirishicha, poytaxtda mehnat qilayotgan mehnat muhojirlaridan soliqlar miqdori ko'payadi.

Moskva hukumati mehnat muhojirlaridan olinadigan soliq miqdori 2016 yilda 12 milliard rublga yetishini mo'ljallamoqda.

"Patentning kiritilishi 2015 yilda Moskva byudjetiga 11 milliard rubl keltirdi, joriy yilda bu ko'rsatkich 12 milliardni tashkil etadi", - deb aytgan janob Sobyanin.

Moskva shahar hokimining ta'kidlashicha, mehnat muhojirlaridan davlat byudjetiga kelib tushadigan mablag' neft kompaniyalaridan olinadigan daromad solig'i bilan barobardir.

Sobyanin aniqlik kiritishicha, Rossiyada 7 million atrofida mehnat muhojirlari bo'lib, ularning taxminan ikki millioni Moskva shahri va viloyatida deb ko'riladi.

Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz barcha sohalar kabi mehnat muhojirlariga ham ta'sir qilgan.

Xususan, ularning Rossiyaga kelgan paytda turli hujjatlar uchun to'laydigan pullari miqdori oshirilgan.

BBC bilan suhbatlashgan mehnat muhojirlarining aytishlaricha, ularni eng ko'p qiynaydigan narsa bu patent to'lovi.

Misol uchun, 2015 yilda Moskva shahridagi mehnat muhojirlari patent uchun oyiga 4000 rubl to'laganlar. 2016 yilda patent puli 200 rublga qimmatlagan.

Moskva shahar hokimi mehnat muhojirlari to'lovlari orqasidan keladigan pul poytaxt infratizimini rivojlantirish uchun sarflanishini qayd etgan.

Rossiyaga tirikchilik ilinjida borgan markaziy osiyolik ko'plab mehnat muhojirlari o'tgan yillarda u yerda yuzaga kelgan qiyinchiliklar orqasidan vatanga qayta boshlaganlar.

Shu bilan birga, ba'zi o'zbekistonlik fuqarolar Rossiyada ishlashga ruxsat beruvchi hujjatlarni olish narxi oshganiga qaramasdan, bu yerda pul topish O'zbekistondan ko'ra osonroq degan fikrda. Ular hozircha Rossiyada ishlab topgan pullari bilan oilalarini boqish niyatidalar.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring