The Economist: "O'zbekistonda Karimov rejimi tugagani yo'q"

Ikkinchi Karimov qudratga keldimi? Image copyright Screenshot economist/getty
Image caption Ikkinchi Karimov qudratga keldimi?

Britaniyada chiqadigan dunyoning eng nufuzli jurnallaridan biri The Economist O'zbekistonda kechgan prezidentlik saylovlari haqida maqola chop etgan.

Maqola "O'zbekiston bir qattiqqo'l rahbarni boshqasi bilan almashtirdi" degan sarlavha ostida nashr qilingan.

Muallif Samarqandga dafn etilgan Islom Karimovning qabridagi gullar, tilovat va qabr boshiga kelayotganlar tasvirlar ekan, "bu mozorga ko'milgan shaxs avliyo va xon emas edi, zotan o'zini ayrim payt xonlarday tutgandi... Bu O'zbekistonni o'limiga qadar - 27 yil boshqargan Islom Karimovning qabri", deb yozadi.

"O'zining tanqidchilari uchun janob Karimov shafqatsiz zolim edi, inson huquqlarini qo'pol ravishda poymol qilar, 2005 yilda esa uning xavfsizlik kuchlari Andijonda namoyishlarni qonga botirgandi. Ammo 30 millionlik O'zbekistonning aksariyat fuqarolari uchun Karimov o'limidan keyin bir bo'shliq qoldirdi", deb yozadi The Economist.

Toshkentlik Abjumajid ismli yosh yigitning so'zlarini keltirgan muallif uning boshqa bir rahbar ko'rmaganini urg'ulaydi.

"U bizning bobomiz edi. Bizni tashlab ketdi", deydi Abdumajid.

Ammo muallifga ko'ra, 78 yoshda bo'lgan Karimovning o'limi uning davri tugaganini anglatmagan ko'rinadi.

"Mirziyoev Karimovdan 20 yosh kichik, ammo zuvalasi bir. U Karimov davrida 13 yil Bosh vazir bo'lib ishlagan va o'zining sobiq xo'jayini kabi repressivdir, balki undan ham battarroq... Optimistlar esa Karimovning o'limi o'zgarishlar olib keladi, deb umid qilishgandi, ammo barcha ishoralar uning rejimi hamon yashab kelayotganidan darak beradi".

Saylovda esa Shavkat Mirziyoyev odatda Karimov oladigan 90 foizdan sal pastroq natija ko'rsatdi.

Haqiqiy muxolifat yo'q edi. Uch nomzod esa, muallifga ko'ra, jarayonga demokratik bo'yoq surib berishdi.

Mirziyoyev o'zini Karimovning vorisi deya taqdim qildi. Karimov esa qattiqqo'l bir arbob bo'lgani rost.

"Abdumajidga ko'ra, "idora qilish uchun ayrim holatlarda siz qattiqqo'l bo'lishingiz kerak".

O'zbekistonda erkin matbuot yo'q, maqola muallifiga ko'ra, hukumatning ommaviy-axborot vositalari Islomiy radikalizm va yo siyosiy taloto'plarga yagona muqobil yo'l bu avtoritar tuzum degan xabar atrofida aylanishadi.

Aksariyat saylovchilar esa xuddi shunday qarashni qo'llab-quvvatlashadi.

Samarqandlik Shodiyor ellik yoshlar atrofida va uning aytishicha, "muxolifat juda yomon", ular "vosvos"ga chalingan.

Hukumat ham shunday fikrda, deb yozadi The Economist.

Bugunga qadar O'zbekiston hukumati minglab muxoliflarini qamoqqa tashlagan.

O'tgan oy O'zbekistonning eng uzoq muddat qamoqda qolgan siyosiy mahbusi, 23 yil zindonband etilgan Samandar Qo'qonov ozod etildi.

The Economist jurnalining yozishicha, saylov kuni ovoz berish uchastkalarida bayramona kayfiyat hukm surgan.

"Hamma saylovga" degan chaqiriqlar bot-bot yangrab turgan bo'lsa ham, saylovga bormaganlar ham yo'q emas.

Maqola muallifiga toshkentlik qariyalardan biri "bizsiz ham saylab olishadi", deb aytgan.

Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti saylovchilarda "haqiqiy tanlov" bo'lmaganini tanqid qildi.

Shuningdek, saylov qonunbuzarliklarsiz kechmagani aytildi, deb yozadi The Economist.

"Mamlakat bo'ylab esa mishmishlar urchidi. Ulardan birida Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora zaharlab o'ldirilgani va shosha-pisha ko'mib tashlangani aytildi. Karimova bir paytlar qudratli biznes ayol edi. Uning nomi xalqaro miqyosda korruptsiyaga doir mahkama ishlari chiqib kelishi ortidan 2014 yilda uy qamog'iga tashlandi. Onasi va singlisi bilan shekspirona oilaviy muhorabalar haqida ma'lumotlar o'rtaga chiqdi. Gulnoraning Britaniyada yashayotgan o'g'li Islomga ko'ra, onasi tirik. Ammo u o'z onasining hayoti xavf ostida deb o'ylaydi".

Mirziyoyev O'zbekiston iqtisodini isloh qilaman deb shovqin solayotir, deya taasurotlari bilan o'rtoqlashadi The Economist muxbiri.

Uning nazarida O'zbekistonda keng tarqalgan korruptsiya yo'q qilinishi amri mahol.

Shuningdek, ishsizlik (Rossiyada 2 million atrofida o'zbekistonlik mehnat muhojiri bor), elektr, gaz va benzin taqchilligi oddiy odamlarni qiynab qo'ygan, deydi The Economist.

Jahonning eng nufuzli nashrlaridan bo'lgan The Economist o'z maqolasini O'zbekistondagi eng qudratli shaxslardan biriga ishora bilan yakunlaydi.

"Yangi prezident qanchalar qudratga ega ekani aniq emas. Haqiqiy kuch sohibi anchayin sirli bo'lgan xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatov bo'lishi mumkin".

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring